Noxush manzara: bo‘m-bo‘sh bankomatlar va uzunqator navbatlar
Mamlakatimizning turli nuqtalarida, jumladan olis hududlarda naqd pul yetishmovchiligi kuzatilmoqda.
Belgilangan dam olish kunlari sababli, ko‘p bankomatlarda pullar tugab qolgan, borlarida uzunqator navbatlar kuzatilmoqda.
Masalan, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz va Kitob tumanlaridagi bankomatlarning ko‘pida naqd pul tugab qolgan, borlarida esa uzunqator navbatlarga ko‘zingiz tushadi.
— Kitob tumanidagi to‘rtta bankomatda mutlaqo pul topa olmadim. Yana ikkitasida uzundan-uzun navbat. Ayrimlar kuchli yomg‘ir ostida qolib ketdi. Nailoj Shahrisabz shahriga borishga majbur bo‘ldim. Afsuski, u yerdayam deyarli shu ahvol. Faqat «Mikrokreditbank» va «Ipoteka bank»da naqd pul bor ekan. Uch soat ovora bo‘lib, ishimni bitirdim,— dedi «Xabar.uz»ning vohalik o‘quvchilaridan biri.
Nashrimiz muxbiri Farrux Aliyevga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi markazi Nukus shahrida ham bankomatlarda navbatda turganlar ozchilik emas. Ishlamayotgan bankomatlar ham ham talaygina.
Ma’lumki, O‘zbekistonda 30-aprel – 4-may kunlari dam olish sifatida belgilangan. Tijorat banklari ham ishlamaydi. Lekin bu hayot to‘xtab qoladi degani emas, ayniqsa, uzoq hududlarda naqd pulga ehtiyojmandlar ko‘p bo‘ladi. Markaziy bank va boshqa tijorat banklari mutasaddilari dam olish kunlarida bankomatlarni naqd pul bilan yaxshiroq ta’minlash masalasida bosh qotirishsa va bu mehnat qonunchiligi asosida hal etilsa go‘zal ish bo‘lardi, nima deysiz?!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter