Qashqadaryo YHXBda 6 oyga cho‘zilgan «ish»: sud talabi bajarilmayapti, bayonnoma tuzgan inspektor «g‘oyib bo‘lgan», IIV O‘z xavfsizligi xizmati «ko‘z yummoqda»
Qashqadaryoda YHTga uchragan haydovchiga asosiy tirikchilik vositasi bo‘lgan «Damas» avtomashinasi qaytarilmayapti. U o‘zini jabrlanuvchi deb hisoblaydi, ammo hujjatlarda ayblanuvchiga aylangan
Qarshi tumani, Mang‘it MFYda yashovchi Ilyos Jo‘rayevning aytishicha, Qarshi shahar Aralovul MFY hududida asosiy yo‘ldan ketayotganida ikkinchi darajali yo‘ldan chiqib kelgan «Lasetti» o‘ng-orqa tomonidan urilgan va boshqaruvidagi «Damas» ichidagi yuk bilan ag‘darilib ketgan.
Haydovchini shu atrofdagi kishilar «Damas»dan chiqarib olishgan, «Lasetti» haydovchisi esa voqea joyidan qochib ketgani aytiladi.
«O‘sha mahalla odamlari 103ga qo‘ng‘iroq qilishib, ag‘darilib yotgan mashinamni ko‘tarib, ichidan chiqishimga yordam berishdi. Meni Qarshi shahar tez yordam shifoxonasiga olib ketishdi», — deydi murojaatchi Ilyos Jo‘rayev. — «Shifoxonada ahvolim yomonligiga qaramay, YPX xodimi meni o‘zining shaxsiy avtomashinasiga o‘tqizib, narkologiyaga bo‘limiga olib bordi va tekshiruvdan o‘tkazdi, so‘ng shu holatimda shifoxonaga qaytarmay, yo‘lda tashlab ketdi».
O‘zining jabrlanuvchi ekanini aytayotgan fuqaro bir necha kun shifoxonada davolanganini, buning uchun bir necha million so‘m sarflaganini, «Lasetti» egasi esa bu vaqtda undan xabar ham olmaganini aytadi.
Qo‘shimcha qilishicha, YPX xodimi uning sog‘lig‘i yomonlashganidan foydalanib, o‘zi tushuntirish xati yozib, unga qo‘l qo‘ydirib ketgan va hujjatlarni teskari — «Damas» haydovchisiga qarshi yig‘gan. Ya’niki, chizma va boshqa hujjatlarda «Lasetti» asosiy yo‘ldan harakatlangan, «Damas» esa ikkinchi darajali yo‘ldan chiqib kelgan bo‘lib qolgan, deydi murojaatchi.
Shu sabab YPX inspektori yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joydan ketib qolgan haydovchiga emas, «Damas» haydovchisiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 133-moddasi bilan ish qo‘zg‘atib, sudga kiritadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi esa 2022-yil 31-avgustda to‘plangan hujjatlar noto‘g‘ri tuzilgan deb topadi. Sud o‘z ajrimida hujjatlardagi kamchiliklarni ko‘rsatib, uni bartaraf qilgan holda qayta rasmiylashtirish uchun Qarshi shahar 3-son IIBga qaytaradi. Oradan shuncha vaqt uyida sud talabini bajarish paysalga solib kelinmoqda.
Hodisa 2022-yilning 29-iyulida, olti oy avval sodir bo‘lgan. Lizingga olingan «Damas» bilan tuxum tashib oilasini tebratgan shaxs nafaqat unga yetkazilgan zararlar qoplanishiga, avtomashinasini jarima maydonidan chiqarilishiga ham erisha olmayapti. Olti oydan buyon jarima maydonida yotgan mashina qancha jarima «yig‘gani»ni tasavvur qilish qiyin emas. Eng yomoni, butun boshli oilaning asosiy daromadi ham uzilgan.
«Lasetti» egasi esa mashinasini allaqachon olib chiqib ketgan, deydi murojaatchi. Aytishicha, o‘z «Damas»ini jarima maydonidan olib chiqishga bir necha bor uringan, ammo unga «hech qanday da’vosi yo‘qligini yozib tilxat bersa, shu zahoti mashinasini jarima maydonidan chiqarib yuborishlarini» aytishmoqda. Jabrlanuvchini ayblanuvchiga «aylantirib» qo‘yganlar shu orqali ishni «yopda-yopdi» qilishmoqchimi?
Ilyos Jo‘rayevning shu vaqt oralig‘ida murojaat qilmagan joyi qolmadi. Xususan, IIV O‘z xavfsizligi xizmati Qashqadaryo viloyati bo‘linmasi boshlig‘iga YPX xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan kiritgan murojaati ham shunchaki Qashqadaryo viloyati YHXBga yo‘naltirib qo‘yilishi bilan «yopib yuborildi». Savollar esa ochiqligicha qolmoqda.
Nega sud qaytargan hujjatlar haligicha qayta kiritilmayapti? Nega «Damas» jarima maydonida qolib, «Lasetti» qo‘yib yuborilgan? Va asosiysi: nima uchun YPX inspektori hodisani boshqacha talqin qilgan, boshqacha talqin qilinmaganida va hamma hujjatlar to‘g‘ri tuzilganida sud uni qaytararmidi? Nega IIV O‘z xavfsizligi xizmati Qashqadaryo viloyati bo‘linmasi YPX inspektorlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlamayapti? Bu ishlarning ortida viloyat YHXBda «katta» odam o‘tiribdimi? Nega prokuratura o‘zini chetga tortmoqda?
Qarshi shahar 3-sonli IIBB boshlig‘i o‘rinbosari tomonidan tasdiqlangan qarorda (tahririyatda nusxasi mavjud) ushbu YTH bo‘yicha to‘plangan hujjatlar bilan tanishgan inspektor quyidagilarni aniqlaganini qayd etadi: «...«Lasetti» avtomashinasi soatiga 40-km tezlikda harakatlanib kelgan, yuk bo‘lmagan, yo‘lovchi bo‘lmagan... «Damas» avtomashinasi soatiga 40-50-km tezlikda harakatlanib kelgan, yuk bo‘lmagan...».
Birinchidan, «Lasetti» haydovchisining Qashqadaryo viloyati IIB YHXB boshlig‘i nomiga yozgan tushuntirish xatida (tahririyatda nusxasi mavjud), mashinasida o‘zidan tashqari odamlar bo‘lgani, o‘ziga va ularga hech qanday tan jarohati yetmaganini bildirgan. Demak, «Lasetti»da yo‘lovchilar bo‘lgan.
Ikkinchidan, «Damas»da ham to‘la yuk bo‘lgan: haydovchi 6000 dona tuxumni olib ketayotgandi. Buni tasdiqlovchi hisob-faktura mavjud. Qolaversa, YTHga oid hujjatlardagi fotolarda «Damas» atrofida sochilib yotgan tuxumlar aks etgan.
Nima uchun YPX inspektori «Damas»da bo‘lgan, o‘sha vaqtda narxi 6 mln so‘mlik mahsulot isrof bo‘lganini qayd etmagan?
Yana bir jihat — «Lasetti» sud avtotexnika ekspertizasidan o‘tkazilgan va 3 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani keltirilgan, ammo orqa tomonidan mashina kelib urilishi oqibatida ag‘darilib ketgan «Damas» avtotexnika ekspertizasidan o‘tkazilmagan va zarar miqdori aniqlanmagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi sudyasi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni («Damas» haydovchisiga nisbatan) qaytarish to‘g‘risida ajrim chiqarib, YHXB inspektori tomonidan bir qator qo‘pol kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini qayd etadi. Shundan so‘ng, o‘sha dastlabki ma’muriy bayonnomani tuzgan inspektor «g‘oyib bo‘ladi» (aytishlaricha, u boshqa joyga ishga o‘tkazib qo‘yilgan). Hozirda ish boshqa inspektorga topshirgan, ammo u ishni «paysalga solib» yuribdi. Tahririyat xodimi inspektor bilan bir necha bor bog‘lanishga harakat qildi, ammo qo‘ng‘iroqlarga javob bo‘lmadi.
Ishdan xabardor boshqa xodim bilan bog‘lanilganida esa, u hujjatlar sudga qayta kiritilgan «bo‘lishi mumkinligini» bildirdi va aniq javob ayta olmadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi esa tahririyat so‘roviga ushbu ish qaytarilganidan keyin boshqa kiritilmaganini tasdiqladi.
Bu ishlardan bir qing‘irlikning «hidi» kelayotganini sezyapsizmi? «Tanka»si borlar ko‘chada xohlaganini qilib yuraversa, adolatni ta’minlashi kerak bo‘lganlar esa ularni to‘xtatish o‘rniga himoyalab yursa, «aybsiz aybdorlar»ning boshida tayoq sinaversa!.. Xodimlarning bunday xatti-harakati butun tizimga nisbatan isnod, ishonchsizlik keltirib chiqarmaydimi? Bunday bosh-boshdoqlikni nazoratga oladigan vijdonli mas’ullar bormi?!
Tez orada adolat qaror topadi degan umiddamiz, mavzuga yana qaytamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter