«Pul topib oldim»: Vladivostokda o‘zbek va koreyslarni chuv tushirgan firibgarlar qo‘lga olindi
Primore poytaxtida chet ellik fuqarolarni «eski usul»da chuv tushirish bilan shug‘ullanib kelgan uch nafar firibgar qo‘lga olingani haqida «Vesti.ru» xabar berdi.
Rossiya IIVning Primore boshqarmasi xabariga ko‘ra, firibgarlik ssenariysi quyidagicha amalga oshgan: ularning biri yirik kupyurali pullarni tushirib qolgandek tasavvur uyg‘otib, voqea joyidan uzoqlashgan, uning ortidan kelayotgan ikkinchi odam esa 5 mingtaliklarni yerdan «topib olib», voqeaga guvoh bo‘lgan o‘tkinchiga pulni bo‘lishishni taklif qiladi.
O‘tkinchi gap nimadaligini tushunib ulgurmasidan ham burun, qo‘qqisdan pulning «egasi» paydo bo‘ladi va pullarini qaytarib berishni talab qilishni boshlaydi. O‘z pullarini esa ko‘rsa tanishini aytadi. «Muzokara» jarayonida firibgar pulni «bo‘lishib olganlardan» yonlaridagi bor pullarni chiqarishni ham talab qiladi. «Tekshiruv» jarayonida firibgarlardan biri sezdirmasdan bu pullarning bir qismini cho‘ntagiga uradi, qolganini esa qaytarib beradi.
Diqqatni tortish va chalg‘itish uchun pullarni «topib olgan» odam pullarning «egasi»ni ularni o‘zi topib olgani, o‘tkinchining bunga aloqasi yo‘qligiga ishontirishga urinadi. Pular egasiga (sherikka) qaytarib beriladi. Keyin yana hamma o‘z yo‘lida davom etadi — firibgarlar cho‘ntakda ishonuvchan xorijlikdan undirilgan pullar bilan.
Primore politsiyasi Rosgvardiya hamkorligida shu uch nafar firibgarni tutgani aytilmoqda. Uchchovlon Vladivostokning turli nuqtalarida potensial nishonlar — xorijliklarni nishonga olib izg‘ib yurishgan. Iqror bo‘lishlaricha, hozirgacha «ssenariy» kamida to‘rt marta ish bergan. Chuv tushganlar — o‘zbekistonlik va janubiy koreyaliklar, firibgarlar ularni 70 ming rublga tushirib ketgan.
Ushlanganlarga nisbatan oldindan til biriktirib, bir guruh shaxslar tomonidan firibgarlik amalga oshirilgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov davom ettirilyapti, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter