Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘lladi

Prezident O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘lladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bayram tabrigini yo‘lladi.

«Qadrli vatandoshlar!

Siz, azizlarni, butun O‘zbekiston xalqini 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Ko‘pmillatli xalqimiz – bizning eng katta boyligimiz, yurtimizdagi millatlar va konfessiyalararo hamjihatlik – barcha yutuq va marralarimizning mustahkam asosidir.

Azal-azaldan o‘zining do‘stlik, birodarlik va bag‘rikenglik an’analari bilan shuhrat qozongan qadimiy va betakror O‘zbekiston zaminida hozirgi vaqtda 130 dan ortiq millat va elat vakillari o‘zaro tinch va ahil yashab, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda, 16 ta konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar, 38 ta do‘stlik jamiyati va 153 ta milliy madaniy markaz erkin faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizdagi davlat ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonlari 7 tilda olib borilmoqda, qardosh tilli maktablarda tahsil olayotgan farzandlarimiz davlat hisobidan darslik va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanmoqda.

Barcha hududlarimizdagi “Do‘stlik uylari” turli millatga mansub fuqarolar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda.

Xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlarimiz ham O‘zbekistonning do‘stlik va insonparvarlik diyori sifatidagi nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.

Bugun – ushbu quvonchli ayyomda “Xalqlar do‘stligi” festivali doirasida o‘tkazilayotgan turli madaniy-ma’rifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar hayotimiz qoidasiga aylangan “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” degan g‘oyat muhim tamoyilni yanada keng qaror toptirishda beqiyos ahamiyatga ega ekanini albatta barchamiz yaxshi tushunamiz.

Ezgu an’anamizga muvofiq, millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlash, jamiyatimizda hukm surayotgan o‘zaro hamjihatlik va mehr-oqibat muhitini asrash, milliy madaniy markazlar faoliyatini rivojlantirish borasidagi katta xizmatlari uchun turli millat va elat vakillari bo‘lgan vatandoshlarimiz bu yil ham davlatimizning orden va medallari bilan taqdirlandi. Bugungi imkoniyatdan foydalanib, ularning barchasini chin qalbimdan tabriklayman.

Muhtaram do‘stlar!

Biz millatlar va konfessiyalar o‘rtasida totuvlikni, millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, har bir O‘zbekiston fuqarosining vijdon erkinligini ta’minlashga qaratilgan siyosatimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz.

Umumxalq referendumida qabul qilingan Asosiy Qonunimizda mustahkamlab qo‘yilgan qoida va me’yorlar asosida nodavlat tashkilotlarning rolini oshirish, ularning huquqlarini kafolatlash orqali fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratamiz.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, so‘nggi olti yarim yilda O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatida katta ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Buni jahon hamjamiyati vakillari, xalqaro ekspertlar, turli davlatlarning siyosiy arboblari haqli ravishda e’tirof etmoqda.

Markaziy Osiyo mintaqasidagi qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar qayta tiklanib, azaliy qardoshlik va birodarlik an’analari yangi bosqichda davom ettirilayotgani xalqlarimizning ezgu orzu-umidlari ro‘yobga chiqayotganidan dalolatdir.

Qadrli yurtdoshlar!

Ushbu go‘zal bayram chinakam do‘stlik va bag‘rikenglik yurti bo‘lgan jonajon O‘zbekistonimizni dunyoga yanada keng tarannum etishga xizmat qiladi, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, sizlarni, butun xalqimizni yana bir bor Xalqlar do‘stligi kuni bilan samimiy tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Muqaddas Vatanimiz – O‘zbekistonimiz gullab-yashnasin, doimo tinch va barqaror bo‘lsin!», deyiladi tabrikda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring