Prezident nazariga tushgan mahalla raisi hokim o‘rinbosari etib tayinlandi

Muzaffar Baxtiyor o‘g‘li Ahmadjonov Namangan shahar hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Muzaffar Ahmadjonov 1993-yil 1-avgustda Namangan shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2016-yil Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan. Mutaxassisligi iqtisodchi. Mehnat faoliyatini 2016-yilda Namangan shahar hokimligi huzuridagi «Kichik sanoat zonalarini boshqarish yagona direksiyasi»da bosh mutaxassis sifatida boshlagan. Keyinchalik shahar hokimligining investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limida mas’ul vazifada ish olib borgan.

Tayinlovga qadar, ya’ni 2021-yil fevral oyidan buyon Namangan shahridagi «Dashtbog‘» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bo‘lib faoliyat yuritib kelayotgan edi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021-yilda Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur mahallaga kelib, respublikadagi eng yosh mahalla raisi faoliyatiga yuqori baho bergan. O‘tgan yilning iyun oyida u «Yoshlar kuni» munosabati bilan Davlatimiz rahbarining farmoniga ko‘ra «Kelajak bunyodkori» medali bilan taqdirlangan.
Eslatib o‘tamiz, hokim o‘rinbosari Muzaffar Ahmadjonov lavozimiga ko‘ra, shahar investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i ham hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter