Prezident Marg‘ilon shahridagi «Oltin ipak karvonsaroyi» turistik markaziga tashrif buyurdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Marg‘ilon shahridagi «Oltin ipak karvonsaroyi» turistik markaziga tashrif buyurdi.
Bu yerga kelgan kishi qadim o‘zbek xonadonlaridagi muhitni his etadi. Majmuaning birinchi qavatida gilamdo‘zlik, kashtachilik, misgarlik kabi xalq hunarmandchiligi xonalari joylashgan. Ularda sayyohlar milliy mahsulotlarimizning tayyorlanish jarayonini yaqindan ko‘rishi, xarid qilishi mumkin.
Ikkinchi qavatda jami 30 o‘rinli qadimiy uslubdagi karvonsaroy tashkil etilgan. Istiqbolda majmua bir yilda 10 mingdan ortiq sayyohlarga xizmat ko‘rsatishi mo‘ljallangan.
Davlatimiz rahbari milliy o‘zligimizga va yoshlar tarbiyasiga e’tibori uchun hunarmandlarga minnatdorlik bildirdi.
«Hozirgi yuksak texnologiyalar asrida mana shunday oddiy, samimiy joylarni odam sog‘inadi. Bu hunarlarni, bu madaniyatni bobo-momolarimiz faqat qo‘li bilan emas, qalb qo‘ri bilan yaratgan. Bir paytlar bu yo‘nalishlar yo‘qolib ketishiga oz qolgandi. Ularni asrab-avaylayotganingiz uchun rahmat. Bu madaniyatimizni nafaqat chet elliklarga targ‘ib qilish, balki farzandlarimizga ham singdirish kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident ustalarning milliy hunarlarni maktablarda o‘rgatish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Mutasaddilarga turizm salohiyatini oshirish, uni targ‘ib etishda kinodan oqilona foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
O‘tgan yili Marg‘ilon shahriga «Jahon ipak va ikat hunarmandlari shahri» maqomi berilgan edi. Bunday maqomga Buxoro zardo‘zlik, Qo‘qon yog‘och o‘ymakorligi bo‘yicha sazovor bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter