Prezident jurnalistikaga oid yangi qarorni imzoladi
O‘zbekiston prezidenti 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish maqsadida «Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagan.
Unga ko‘ra, 2022 yil 1 iyuldan boshlab 2025 yil 1 iyulga qadar:
- ommaviy axborot vositalari foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi, reklama xususiyatiga ega bo‘lgan ommaviy axborot vositalari bundan mustasno;
- O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan matbaa uskunalari, zamonaviy foto va radiotelevizion uskunalar hamda qog‘oz bojxona bojidan ozod etiladi;
- 2023 yildan boshlab tegishli davlat organlari va tashkilotlari hamda boshqa muassasalarga 110 nusxa davriy bosma nashrlar va 67 nusxa kitob mahsulotlarining majburiy bepul nusxalarini yuborish amaliyoti bekor qilinib, ular tomonidan bosma mahsulotlarni xarid qilib olish tartibi joriy qilinadi (Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bundan mustasno). Bunda, tegishli davlat organlari tomonidan xarid qilib olish uchun Davlat budjetidan mablag‘ ajratiladi;
- budjet tashkilotlariga ulardagi «kutubxona fondi» xarajat moddasi orqali davriy bosma nashrlar, ularning elektron shakli va elektron ommaviy axborot vositalariga obuna bo‘lish uchun mablag‘ yo‘naltirishga ruxsat beriladi.
2022 yil 1 oktyabrdan boshlab bolalar uchun mo‘ljallangan tele- va radiomahsulotlarni ishlab chiqarish va efirga uzatish bo‘yicha har yili eng yaxshi 30 ta loyiha uchun har biri bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravarigacha miqdorda bo‘lgan tanlov e’lon qilinadi.
Faol jurnalistlarni muntazam rag‘batlantirish va ular o‘rtasida ijodiy sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida har chorakda:
- ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan 100 tagacha eng yaxshi material uchun mualliflar (ijodiy guruh a’zolari) quyidan yuqoriga o‘sib borish tartibida bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
- amaliy va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan 100 tagacha eng yaxshi tahliliy materialni tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish uchun davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi eng yaxshi materiallarni keng jamoatchilik va malakali mustaqil ekspertlar tomonidan ochiq va shaffof usulda elektron aniqlash tizimi – maxsus elektron platformani ishga tushiradi.
Shuningdek, 2023 yildan boshlab jurnalistlar o‘rtasida har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan «Oltin qalam» milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni demokratik tamoyillar asosida yanada ochiq va shaffoflik bilan o‘tkazilishi aytilgan.
«Oltin qalam» milliy mukofoti sovrindorlari:
- bosh milliy mukofot uchun – avtomobil;
- birinchi o‘rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari;
- ikkinchi o‘rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 175 baravari;
- uchinchi o‘rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari;
- 12 ta rag‘batlantiruvchi nominatsiyaning har biri uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Bundan tashqari, barcha davlat organlari va tashkilotlari o‘z muassisligidagi davriy bosma nashrlarning zamonaviy elektron shakli, shu jumladan, mobil ilovalari tegishli davlat organlari va tashkilotlariga 2022-2024 yilda ajratilgan Davlat budjeti hamda ularning budjetdan tashqari mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan yaratilishini tashkil etadi, keyingi yillarda ularni modernizatsiya qilish uchun mablag‘ ajratib boradi.
2023 yil yanvardan boshlab:
- davlat organlari va tashkilotlari muassisligida bo‘lmagan hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganiga kamida ikki yil bo‘lgan davriy bosma nashrlarning zamonaviy elektron shaklini, shu jumladan, ularning mobil ilovalarini yaratish hamda modernizatsiya qilish va bir yil davomida yuritish xarajatlarini qoplash uchun 2026 yil 1 yanvarga qadar har yili eng yaxshi 20 ta loyiha bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi. Bunda, har bir tanlov uchun Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha bo‘lgan miqdorda mablag‘ ajratiladi;
- davriy bosma nashrlar, kitob va boshqa matbaa mahsulotlariga masofadan turib obuna bo‘lish va ularning buyurtmachigacha o‘z vaqtida yetkazib berilishini kuzatib borish imkonini beradigan «Obuna» yagona elektron platformasi, shu jumladan, uning mobil ilovasi yaratiladi;
- 2026 yil 1 yanvarga qadar jismoniy shaxslar tomonidan «Obuna» yagona elektron platformasi orqali obuna qilingan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy, huquqiy, ilmiy-ommabop davriy bosma nashrlar obuna narxining 10 foiz, bolalar uchun mo‘ljallangan davriy bosma nashrlar obuna narxining 20 foiz miqdori Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan obunachilarning bank kartalariga bir oy muddat ichida qaytariladi (Cashback), reklama xususiyatiga ega bo‘lgan davriy bosma nashrlar bundan mustasno.
2022 yil 1 sentyabrdan boshlab:
- a) oliy ta’lim muassasalarida jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim beradigan professor-o‘qituvchilarning mualliflik ko‘rsatuv va eshittirishlari hamda yirik tahliliy maqolalari ularni moddiy rag‘batlantirish nuqtai nazaridan ilmiy maqolaga tenglashtiriladi;
- b) ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, nashriyotlar, matbaa korxonalari va axborot xizmatlarida kamida besh yil ishlagan hamda ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida dars berayotgan, O‘zbekistonning faxriy unvonlariga ega bo‘lgan shaxslar mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlariga ko‘ra professor va dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lgan shaxslarga tenglashtiriladi;
- v) oliy ta’lim muassasalari rektorlariga jurnalistika sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlash jarayoniga ommaviy axborot vositalarining taniqli va tajribali xodimlarini, sohaning yetuk mutaxassislarini jalb qilish va ular mehnatini oliy ta’lim muassasasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha rag‘batlantirish huquqi beriladi;
- g) jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari kafedralarining ixtisoslashtirilgan bo‘limlari tashkil etiladi;
- d) ommaviy axborot vositalarida kamida bir yil davomida asosiy ish joyi sifatida ishlab kelayotgan jurnalistlar va tahririyat xodimlarining xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarining 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmagan qismi kompensatsiya qilinadi. Bunda, ular xorijiy tillar bo‘yicha V2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi hamda nodavlat ta’lim tashkilotida o‘qish bilan bog‘liq haqiqiy xarajatlarni isbotlovchi hujjatlarni taqdim etishi lozim;
xorijiy tillar bo‘yicha V2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lish uchun imtihon topshirish xarajatlari to‘liq kompensatsiya qilinadi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi deb qayta nomlangan. Uyushma Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Navoiy ko‘chasi, 16-uy manzildagi binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.
2023-2024 yillarda 50 nafar jurnalist va tahririyat xodimlari xorij mamlakatlariga malaka oshirish, tajriba o‘rganish, stajirovka o‘tash va nufuzli media tadbirlarda ishtirok etish uchun yuboriladi hamda ular uchun xorijlik malakali mutaxassislar jalb etilgan holda o‘quv kurslar tashkil etiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari har yili O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining tegishli hududiy bo‘limlari faoliyatini samarali tashkil qilish, saqlash xarajatlarini qoplash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan belgilangan tartibda subsidiya sifatida mablag‘ ajratib boradi.
O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi ham O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi deb qayta nomlangan.
Toshkent shahri, Mirobod tumani, Matbuotchilar ko‘chasi, 32-uy manzilida joylashgan «Matbuot uyi» bino va inshootlari O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga operativ boshqaruv huquqi asosida beriladi.
Ushbu binoga davriy bosma nashrlarning tahririyatlari ijara haqi to‘lamasdan (kommunal to‘lovlar va ko‘rsatiladigan boshqa xizmatlar bundan mustasno) joylashtirilishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter