Pashinyanning qo‘li baland keldi
Kecha Armanistonda navbatdan tashqari parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. 2,5 million saylovchilar ro‘yxatga kiritilgan bo‘lib, 38 ta saylov okrugida 2008 saylov uchastkalari tashkil etildi.
Unda ovoz berish huquqiga ega aholining 49,4 foizi qatnashdi. Yangi hukumatni shakllantirish uchun esa 25 siyosiy partiya bellashdi. Qonunchilikka ko‘ra, partiya bloklari uchun 7 foiz, partiyalar uchun 5 foizlik natija parlamentga o‘tish to‘sig‘i hisoblanadi.
Dastlabki hisob-hisob kitoblarga ko‘ra, unda hozirda Bosh vazir vazifasini bajarib turgan Nikol Pashinyanning«Fuqarolik kelishuvi» partiyasi yetakchilik qildi.
Markaziy saylov komissiyasining bugun e’lon qilgan natijalariga ko‘ra, mazkur partiya salkam 54 foiz ovoz jamg‘argan. Sobiq prezident Robert Kocharyanning «Armaniston» partiyasi esa 21 foiz ovoz olgan. Yana bir sobiq prezident Serj Sargsyanning «Sharafga egalik» bloki uchun saylovchilar 5,21 foiz ovoz bergan. Armanistonning yirik tadbirkorlaridan biri rahbarlik qilayotgan Gagik Sarukyan partiyasi esa 4 foiz ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.
Yakuniy natijalar yaqin 7 kun ichida e’lon qilinadi. 132 o‘rindan iborat deputatlar 5 yil muddatga saylanadi. Eng ko‘p ovoz olgan partiya hukumatni shakllantiradi.
Nikol Pashinyanning o‘zi arman xalqi bukilmaslik inqilobini o‘tkazganini va Rossiyaning qo‘llab-quvvatlagani uchun katta tashakkur izhor qilgan. «Parlamentdagi g‘alaba jamiyat va millat hamjihatligi qayta tiklanganini ko‘rsatdi. Armaniston xalqi uch yilda ikkinchi inqilobni boshidan kechirdi. Bu gal baxmal emas, «temir inqilob» sodir bo‘ldi. Barcha kelishuvlarni amalga oshiramiz», deya bayonot berdi.
«Armaniston» bloki esa bu saylov natijalarni tan olmasligini ma’lum qildi va Robert Kocharyan shunday dedi: «Markaziy saylov komissiyasi e’lon qilgan natijalar bahsli va ishonchli emas. Bu natijalar so‘nggi sakkiz oyda jamiyat hayotidagi jarayonlarga mutlaqo qarshidir. Saylovoldi davrida kechgan ko‘p ming kishilik namoyishlar mamlakat hukumatiga nisbatan ishonch inqirozga yuz tutganini va aholi butunlay boshqa kayfiyatdan dalolat bermoqda».
Hozir real vaziyat shundayki, Tog‘li Qorabog‘dagi tarixiy mag‘lubiyat arman xalqiga qattiq iztirob bermoqda. Ular hukumatning no‘noqligidan hamda o‘z yerini himoya qila olmaganidan yozg‘irmoqda. Urush vaqtida askarlar orasida ko‘plab qurbonlar bo‘ldi, armiya deyarli vayron qilindi.
Ozarbayjon qaytarib olgan hududlardan 90 ming aholi Armanistonga ko‘chib o‘tdi. Ularning 88 foizi xotin-qizlar va bolalardir.
Albatta, 2020 yil 9 noyabrdagi uch tomonlama kelishuvga ko‘ra, qochoqlar Tog‘li Qorabog‘ga qaytishi belgilab qo‘yilgan bo‘lsa ham, Ozarbayjon nazoratiga o‘tgan hududga armanlar qaytishni istamayapti va bu Armanistonda ichki iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni, norozilik bosimi yukini yanada kuchaytirmoqda.
«Yangi hukumat oldiga urushdan keyingi Armanistonni har tomonlama qayta tiklashdek juda mas’uliyatli vazifa turibdiki, Pashinyan ma’muriyati bu ishni qanchalik uddalashi haqida avvaldan biror aniq fikr aytish qiyin», deyishmoqda xalqaro ekspertlar.
Manija Bahriyeva, jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter