Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘ztransgaz»: to‘lov qilaman degan fuqaro soatlab navbat kutsa...

«O‘ztransgaz»: to‘lov qilaman degan fuqaro soatlab navbat kutsa...

Foto: O‘zA

O‘zA muxbiri Farg‘ona shahar gaz ta’minoti uchastkasida bo‘lib, u yerdagi holat va uzundan-uzoq navbatlar haqida tanqidiy maqola e’lon qildi. Quyida uni e’tiboringizga havola qilamiz.

«O‘zA veb-saytida Farg‘ona shahrida kommunal to‘lovlarni to‘lash jarayoni haqida 2018-yil 13-yanvarda «Fototanqid: farg‘onaliklar navbat kutishni yaxshi ko‘radimi?!» sarlavhali material e’lon qilingan edi. Oradan ancha vaqt o‘tdi. Xo‘sh, mazkur maqoladan so‘ng vaziyat o‘zgardimi, muammolar bartaraf etildimi? Bu savolga javob topish maqsadida O‘zA muxbiri Farg‘ona shahar gaz ta’minoti uchastkasida bo‘ldi.

Mazkur uchastka 81 mingdan ortiq aholi hamda 1 ming 187 ulgurji iste’molchilarga xizmat ko‘rsatadi. Uchastka boshlig‘i Doniyor Teshaboyevning ta’kidlashicha, iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish, ularni tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Albatta, bu yaxshi. Ammo biz bu yerda hali-hamon iste’molchilar hisob-kitob ishlarini amalga oshirishi uchun sarson-sargardon bo‘layotgani, uzundan-uzun navbatlar guvohi bo‘ldik. Bu jarayonni uch kun kuzatdik. Tanqidiy maqoladan so‘ng ham bu yerda hech qanday ish qilinmagan.

Bu yerga har kuni 200-250 kishi murojaat qiladi. Navbatga yozilganingizdan so‘ng, uch-to‘rt soatda ishingiz bitishi mumkin.

Fotomuxbirimiz bu holatlarni tasvirga tushirayotgan paytda bir xodimning qarshiligiga ham uchradi.

— Sizga suratga tushirish uchun kim ruxsat berdi? — deya do‘q qildi.

Mana sizga bu yerdagilarning ishga, mijozga munosabati. Ayni vaqtda «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatining to‘rt nafar xodimi iste’molchilarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ular qo‘lidan kelgancha ish qilayotir. Ammo ish me’yori ham bor-ku? Bu esa, ortiqcha asabbuzarliklarga sabab bo‘lmoqda.

— Tabiiy gaz bo‘yicha to‘lov qilmoqchi edim, — deydi Nazirjon Hoshimov. — 167-raqamda ro‘yxatga yozildim. Qancha odam bu yerda sarson bo‘lmoqda. Axborot texnologiyalari rivojlangan bir vaqtda bunday holat sharmandalik emasmi?

Biz Farg‘ona viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filialida ham bo‘ldik. «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatining axborot-kommunikatsiya sohasini rivojlantirish guruhi yetakchi mutaxassisi Ikromjon Xabilov bilan suhbatlashdik. Uning aytishicha, bugungi kunda viloyatda 43 nafar operator va muhandis faoliyat yuritmoqda. Ularning asosiy vazifasi sohaga axborot texnologiyalarini olib kirish, dasturlar yaratishdan iborat ekan. Ammo ular bu vazifa qolib, iste’molchilar bilan hisob-kitob qilish ishlariga jalb etilgan. Shtatlar kamligi bois joylarda iste’molchilarning uzundan-uzun navbatlari yuzaga kelmoqda.

Aybni u yoki bu idoraga ag‘darish muammoga yechim bo‘lmaydi. Rahbarlarning osmonda yuradigan payti o‘tdi. Bugun ular aholi bilan yuzma-yuz bo‘lib, muammolarini amaliy hal etishi kerak. Agar shunday bo‘lganida, odamlarning ortiqcha ovoragarchiligi, haqli e’tirozlari barham topgan bo‘lardi. Yana bir gap, majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi ham bu kabi masalalarga e’tibor qaratsa, yaxshi bo‘lardi.

Mavzuga yana qaytamiz».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring