«Ozodlik» xodimlari o‘zlarini MXXdan deb tanishtirib...
«Mahalladosh.uz» saytida o‘zini MXX xodimi deya tanishtirib, ma’lumot olishga uringan «Ozodlik» radiosi muxbirlari xususida maqola e’lon qilindi. Axborot olishdagi bunday «olg‘irlik» jurnalistika etikasi va qoidasiga to‘g‘ri kelmasligi kundek ravshan...
Kuni-kecha ijtimoiy tarmoqlarda «Ozodlik» radiosi muxbirlarining aldov yo‘li bilan ma’lumot olayotgan videosi tarqaldi.
Unda radio jurnalistlari turli davlat tashkilotlariga o‘zlarini go‘yoki Vazirlar Mahkamasida ishlaydigan xodimlardek tanishtirib, aldov yo‘li bilan ma’lumot olishga harakat qiladi. Chexiyaning Praga shahrida joylashgan radioning o‘zbek xizmatida ishlaydigan xodimlarning axborot olish yo‘lidagi bunday «harakati»ni qanday tushunish mumkin?
Sir emas, ko‘pchilik «Ozodlik»ni shov-shuvli xabarlari uchun o‘qishadi. Biroq parda ortida nima borligi — radio buncha shov-shuvni qanday tayyorlayotgani, bunda qanday «usullar»dan foydalanishini hamma ham bilavermaydi. Yuqorida tilga olingan videoda radio muxbirlarining qanday ishlashi haqida isbotu dalillar ochiq-oydin keltirilgan.
Jumladan, radio xodimlari — Alisher Siddiq, Hurmat Bobojon, Shuhrat Bobojon, Sirojiddin Tolipov, Laziz Olimov har safar o‘zlarini turli insonlar, jumladan, bir gal «Kabmindan Oybek», boshqasida «Xorazmdan Shavkat», yana birida «Milliy xavfsizlik xizmati xodimi» sifatida tanishtirib, jurnalistika qonunlari va jurnalist etikasini oyoqosti qilmoqda.
Aslida xos suhbatlarni ruxsat so‘ramay, ogohlantirmay yozib olish, so‘ngra uni e’lon qilish, kamiga boshqacha talqinlarga sabab bo‘ladigan darajada o‘zgartirib, gaplarni konteksdan yulib olgan holda e’lon qilish — etikaga ham, qonunga ham, odamgarchilikka ham to‘g‘ri kelmaydi. E’tibor bersangiz, ular tomonidan tayyorlanayotgan xabarlarda yozib olingan ovozlar kesilib, ma’lumotning ma’nosini boshqa tomonga burib yuborish holatlari ko‘zga tashlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunining 6-moddasida: «Jurnalist o‘z kasbiga doir axborotdan shaxsiy maqsadlarda foydalanishi, axborot manbai yoki muallif roziligisiz jismoniy shaxsning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlarni e’lon qilishi, shuningdek audio va video yozish vositalaridan foydalanishi mumkin emas»ligi qayd etib o‘tilgan. Biroq «Ozodlik» muxbirlarining harakati bu mezonlarning hech biriga to‘g‘ri kelmaydi.
Bugun yurtimizda nafaqat milliy, balki xorijiy ommaviy axborot vositalarining ham erkin faoliyat yuritishi, axborot olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Biroq ayni shu jarayonda yuqoridagi kabi yolg‘on-yashiq, etika qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan «usullar» bilan ma’lumot olishiga intilish bo‘lar ekan, jurnalistikaning xolislik, haqqoniylik mezonlariga putur yetadi. Zero, jurnalist har qanday holatda ham zimmasidagi vazifani mas’uliyat bilan bajarishi, bu borada, albatta, kasb odobi va etikasiga rioya etishi shart va zarur.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter