O‘zMAA yil oxirigacha 1200dan ortiq adabiyotlarni taqdim etadi
Bugun Milliy matbuot markazida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti tomonidan chop etilgan «Ma’nolar maxzani» hamda «Yosh rahbar ensiklopedik lug‘ati» kitoblarining taqdimoti o‘tkazildi. Bu haqda agentlik rasmiy saytida xabar berildi.
Taqdimotda bugungi kunda O‘zMAA tomonidan kitob va kitob mahsulotlarini, kitobxonlikni aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida yanada kengroq targ‘ib qilish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
— O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimida faoliyat yurituvchi «O‘zbekiston», «O‘qituvchi», G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari hamda «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti tomonidan tomonidan joriy yilda 1200 dan ortiq nomdagi adabiyotlarni chop etish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kungacha ularning 500dan ortig‘i o‘quvchilar qo‘liga borib yetdi. Bu kabi taqdimotlarni bundan keyin har oyda, har haftada tashkil etish mo‘ljallangan. Ayniqsa, sentyabr oyida kitobxonlarga juda ko‘plab adabiyolar taqdim etiladi, — deya ma’lumot berdi O‘zMAA boshqarma boshlig‘i Jasur Husanov.
Shuningdek, agentlik tizimidagi faoliyat yurituvchi «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» DIN faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
— Mamlakatimizda yagona bo‘lgan ilmiy nashriyot o‘z oldiga ulkan vazifalarni qo‘ygan. Masalan, yil oxirigacha yana 43 nomdagi adabiyotlarni kitobsevarlarga yetkazish rejalashtirilgan. Ushbu nashrlarning 41 tasi lotin alifbosida ekanligi ularning o‘quvchilar doirasi yanada kengroq bo‘lishini ta’minlaydi, degan umiddamiz, — deydi O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» DIN direktori M.Odilov.
Taqdimotda so‘zga chiqqan filologiya fanlari doktor B.Karimov, O‘zMAA Axborot-tahlil guruhi bosh mutaxassisi M.Omonov, filologiya fanlari doktor U.Jo‘raqulov hamda nashriyot muharriri L.Hasanovalar ushbu kitoblarning tayyorlanishidan tortib, ularning ma’no-mazmuni, o‘quvchilarga beradigan ma’naviy ozuqasi haqida fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter