O‘zbekistonning ikki partiyasi rahbarlari ko‘chirmakashlikda ayblanishdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zXDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, «Adolat» SDP fraksiyasi rahbari Zuhra Ibragimova o‘zganing maqolasini o‘zlari nomidan e’lon qilishgani aytilmoqda.
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktorining maslahatchisi – Axborot va jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i, jurnalist, huquqshunos, xalqaro munosabatlar magistri Shuhrat Dehqonov bu masalada ushbu fraksiya rahbarlariga ochiq xat yo‘lladi.
«2021 yilning 30 iyun kuni «Milliy tiklanish» gazetasining 22 (1124)-sonida mening «Yoshlar – davlatning katta kuchi, strategik resursi» nomli maqolam e’lon qilindi. Ushbu maqolamni yanada kengaytirib, fakt va raqamlar boyitib, «Faol va tashabbuskor avlod – Yangi O‘zbekiston drayveri» nomi bilan O‘zbekiston Milliy aborot agentligiga taqdim etdim va bu maqola ham 30 iyun kuni O‘zA saytida qisqartirib e’lon qilindi. Anchagina izlanganman, ter to‘kkanman, miya qotirganman, xullas injiqroq odamman-da, ko‘nglim to‘lmasdan bu maqolani to‘laligicha o‘zim ishlayotgan «Taraqqiyot strategiyasi» markazining saytiga ham berdim.
Ertasiga, ya’ni joriy yilning 1 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining rasmiy saytida Sizning (Ulug‘bek Inoyatov nazarda tutilmoqda – tahr.) «Yoshlar manfaatlari yo‘lida kuchimizni ayamaymiz» nomli maqolangizga ko‘zim tushib, hayratdan yoqa ushladim. Chunki mazkur chiqishingizda Siz aynan mening maqolamni so‘zlari tugul, nuqta verguligacha o‘zgartirmasdan qanday bo‘lsa, shundayligicha ko‘chirib olibsiz. Agar sarlavha boshqaligi va sizning suratingizni ko‘rmaganimda, parlament mening maqolamni O‘zAdan olib bosibdi, deya xursand bo‘lishim tabiiy edi. Biroq, bu ochiqdan ochiq so‘z va fikr o‘g‘irligi edi, afsuski.
Boz ustiga, Prezidentimizning Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasiga munosabat tarzida o‘zingizniki bo‘lmagan mazkur maqolani 1 iyul kuni O‘zA saytida ham tap tortmasdan e’lon qilib yuboribsiz», deb yozadi Shuhrat Dehqonov.
Maqola muallifi «Adolat» SDP fraksiyasi rahbari Zuhra Ibragimovaga murojaat qilib: «Muhtarama Zuhra Ametovna! Ochiq aytaman, Siz plagiatlikda hamkasbingiz Ulug‘bek Ilyasovichga qaraganda anchagina «insof» qilgansiz. Lekin buning uchun Sizga «rahmat», deya olmayman. Chunki, Siz ham Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saytida joriy yilning 1 iyul kuni va 2 iyul kuni O‘zA saytida e’lon qilingan «O‘zbekiston yoshlar siyosatida dunyoga namuna bo‘lmoqda» nomli maqolalaringizda mening mualliflik huquqimni poymol qilgansiz», dedi.
Jurnalist maqolasidan o‘g‘irlab olingan satrlarni ham keltirib o‘tgan.
«Xullas, O‘zbekistondagi ikkita katta siyosiy partiyani boshqarib kelayotgan, Spiker o‘rinbosari degan oliy maqomga munosib ko‘rilgan Siz hurmatli shaxslarning bu xurmacha qilig‘ingiz meni nafaqat taajjubga soldi, balki achinish hissi ila chuqur o‘yga ham toldirdi. Axir, Sizning ortingizda necha yuz ming kishilik maslakdoshlaringiz turibdi, qolaversa, oliy qonun chiqaruvchi va insonning qonuniy haq-huquqlarini himoya qiluvchi parlamentda rahbar kursilarida o‘tiribsiz. Sizlar esa, aksincha ish tutib, birovning huquqiga daxl qilayotganingiz qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi?», deb yozadi Shuhrat Dehqonov.
U mazkur masalani Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Odob komissiyasi, Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va boshqa mualliflik huquqini himoya qiluvchi idoralar e’tiboriga havola etganini ham bildirib o‘tgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter