«Ochiqlik siyosatiga tarsaki» – Oliy Majlis «antiqa qonun» qabul qildi
28 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini obro‘sizlantirish maqsadida foto yoki videotasvirga olib internet orqali tarqatganlarni 15 sutkagacha qamoq bilan jazolashni nazarda tutuvchi qonunni qabul qildi.
Muhokamalar payti deputat Doniyor G‘aniyev yangi kiritilayotgan norma prezident yuritayotgan ochiqlik siyosatiga zidligi haqida gapirgan.
Jamoatchilik e’tiroziga qaramay qonunning tasdiqlangani blogerlarning keskin tanqidiga uchradi.
Huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev «antiqa qonun» qabul qilinganini «og‘rigan quloqni davolash emas, kesish»ga muqoyasa qilgan.
«Bu shu deganiki, ertaga birorta nopok, o‘z ishiga noloyiq va qonunbuzar ichki ishlar xodimining videosi yoki suratini internetga joylasangiz, sizga jamoatchilik nazoratidagi faolligingiz, tizimni tozalashdagi yordamingiz uchun rahmat aytishmaydi, balki aksincha 15 sutkagacha tiqib qo‘yishadi.
Aslida bunaqa alohida moddaga ehtiyoj bormi? Yo‘q! Ushbu qonun normasiga hech qanday ehtiyoj yo‘q va bu ertaga faqat zarar keltiradi.
Hozirgi qonunlarimizda ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan qarshilik qilganlarga jazo bormi? Bor!
Ichki ishlar xodimini haqorat qilgani uchun (xoh hayotda, xoh internetda) jazo bormi? Bor!
Ichki ishlar xodimiga tuhmat qilib, uni obro‘sizlantirgani uchun jazo bormi? Bor!
Bo‘ldi-da, unda yana nima kerak sizlarga?
O‘zi amaliyotda eng ko‘p soxta ayblov qo‘yiladigan moddalardan biri – ichki ishlar organlari xodimiga qarshilik qilish, degan modda edi, kimnidir 15 sutkaga qamash kerak bo‘lsa, odatda mana shu «dejurniy» ayblovdan foydalanishardi. Endi yana bitta «dejurniy» modda qo‘shilyapti, ichki ishlar xodimini obro‘sizlantirmoqchi bo‘ldi, deb qamashlar ko‘payadi. Chunki nima obro‘sizlantirishu nima obro‘sizlantirish emasligi haqida aniq chegara yo‘q. Juda yomon ish bo‘libdi lekin», – deb yozdi X.Xudoyberdiyev.
Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov bahsli qonunning qabul qilinishini «O‘zbekistonni politsiya davlatiga aylantirish yo‘lida katta qadam» deb atagan.
«Biz maishiy tashvishlarga o‘ralashtirilib, masalan, svet va suv uchun kurashib yotgan paytda, O‘zbekistonni politsiya davlatiga aylantirish yo‘lida katta qadam tashlanibdi. Anonssiz, hech bir jamoatchilik muhokamalarisiz, dastyor parlament vositasida.
Obro‘sizlantirish va haqorat uchun qonunchilikda jazo bor. Normal huquqiy davlatda bu qoidalar barcha uchun amal qiladi.
Agar politsiya yo ichki ishlar xodimlari uchun uchun alohida qoidalarni belgilash boshlansa, kuch, ma’muriy resurslar va mablag‘lar noteng taqsimlangani, ayniqsa, mustaqil sudning yo‘qligi sharoitida fuqarolarni repressiv apparatga «garovga topshirib» qo‘ygan bo‘lamiz.
Politsiya davlatiga aylangan davlatda politsiya repressiyalardan xoli bo‘ladi, deb o‘ylayotgan bo‘lsangizlar, qattiq adashasizlar», – deya ehtimoliy xatardan ogohlantirgan O.Bakirov.
Sobiq deputat va jamoat faoli Rasul Kusherboyev fikricha, parlament quyi palatasi qabul qilgan qonun so‘nggi yillarda prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida inson huquqlari sohasida erishilgan natijalarni butunlay yo‘qqa chiqarishi mumkin.
«Bugun Qonunchilik palatasi tomonidan totalitar rejim sari olib boradigan qonun qabul qilingan. Unga ko‘ra, fuqarolar huquqni muhofaza qilish idoralari (ichki ishlar, prokuratura, sud, DXX, Milliy gvardiya va h.k.) xodimlarini xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida foto yoki videoga olib, internetga joylashtirsa bu obro‘sizlantirish sifatida baholanib, ma’muriy jarimadan tortib 15 sutkagacha qamalishlari mumkin.
Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi, deganlaridek, katta ehtimol bilan sud ham bunday harakatlarni huquqni muhofaza qilish xodimini obro‘sizlantirish, deya baholaydi.
Demak, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘z ichidagi bilimsiz, qo‘pol, qonunbuzar xodimlarining harakatlarini xalqdan yashirmoqchi. Chunki ularni tarbiyalay ham olmadi, yo‘qotib ham qutulmadi.
Bundan buyon qiynoqlar oqibatida o‘layotgan fuqarolar, qonunni buzayotgan zo‘ravon xodimlar haqida hech kim xabar topmaydi va jinoyatlar yashiriladi.
Boshqa birorta soha va kasbni himoyalash uchun bunday jazo belgilanmagan. Odatda totalitar rejimli davlatlarda shu kabi qonunlar bo‘ladi. Chunki ular xalq ularning qonunbuzarligini ko‘rishini istamaydi. Afsuski, bu O‘zbekiston tarixidagi eng katta ortga qaytish davri», deya taassuf izhor qilgan R.Kusherboyev.
Bloger Qobiljon Xidirov ham qonun loyihasini «ochiqlikka bir tarsaki» deb baholagan.
«Bu norma chiqarilishi kerak. Shundoq ham noto‘g‘ri axborot tarqatganni, darhol topib, uzr so‘rattirib, jazolashmoqda», – deydi bloger.
Parlament quyi palatasi tasdiqlagan qonun endilikda senat va prezident tomonidan ma’qullanishi kerak. Jurnalist Shuhrat Latipov parlament yuqori palatasini qonunni rad etib, uni qayta ishlashga undagan.
«Endi umid senat va (uning raisi) Tanzila Norboyevadan», – deb yozadi Sh.Latipov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter