O‘zbekistonda OIV infeksiyasi ko‘proq kimlarda aniqlanmoqda: ayollardami yoki erkaklarda?
Joriy yilning 27-noyabr kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligida 1-dekabr — Butunjahon OITSga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining xabar berishicha, anjumanda BMTning OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dasturi — YuNEYDS tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi rahbari Viney Saldana, BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer, BSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mas’ul mutaxassislari, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurash qo‘mitasining mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ashitta Mital, YuNISEF, Chegarasiz shifokorlar xalqaro tashkilotlarining O‘zbekistondagi vakolatxonasidan mas’ul mutaxassislar, nodavlat tashkilotlar vakillari, SSV huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik Agentligi rahbari va mas’ul yetakchi mutaxassislari, Respublika, Toshkent shahri va viloyati OITSga qarshi kurash markazlari rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etishdi.
Anjumanda OIV infeksiyasi bo‘yicha Respublikadagi mavjud vaziyat, OIV infeksiyasining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va bunda xalqaro va nodavlat tashkilotlarining roli to‘g‘risidagi mavzular muhokama etildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, 2013-yilning 23-sentyabrida «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqishda muhim huquqiy asos bo‘ldi. Shuningdek, 2018-yilda tasdiqlangan 2 ta 3493-sonli va 3800-sonli Prezident Qarorlari OIV diagnostikasi sohasida yangi sifat darajasiga erishish, infeksiyani erta aniqlash, o‘z vaqtida profilaktika choralarini va OIV infeksiyasi bilan yashayotgan odamlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, OIV infeksiyasiga qarshi kurash bo‘yicha mamlakatning dunyo hamjamiyati oldidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishini ta’minlamoqda.
Shu bilan birga, OIV infeksiyasiga qarshi kurash va epidemiyaga samarali javob berish davlat va nodavlat tashkilotlari, jamoatchilik, jumladan, fuqarolik jamiyati uchun dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistonda OIV infeksiyasi bilan yashovchilar soni 41 mingdan ortiq, ularning 57 foizini erkaklar va 43 foizini ayollar tashkil etmoqda.
Respublikamiz mutaxassislari YuNEYDSning qo‘llab-quvvatlashi natijasida «90-90-90» tamoyiliga ko‘ra o‘z faoliyatlarini boshlab yuborishdi.
Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni — barcha hamkorlar uchun milliy va mahalliy darajada OITS tarqalishiga qarshi kurashda fuqarolik jamiyatining muhim ahamiyatga ega ekanligini anglash uchun yana bir imkoniyatdir. Fuqarolik jamiyati OITSning turli yo‘llar orqali tarqalishi oldini olishda o‘z hissasini qo‘shadi. OITSga qarshi kurashish ishlarining diqqat markazida aynan odamlar va ularning hayoti ekanligi fuqarolik jamiyatining yetakchiligi va targ‘ibotchiligining asosli va dolzarbligini ta’minlaydi. Fuqarolik jamiyati o‘z navbatida maslahatchilar, OIV bilan kasallangan yoki ular bilan birga yashayotgan odamlar guruhini, shuningdek, soha maslahatchilari, tibbiyot xodimlari va jamoat faollarini qamrab oladi. Fuqarolik jamiyatiga ajratilayotgan moliyaviy yordamning qisqarishi va e’tiborning susayishi oqibatida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning barqarorligi va uning targ‘ibotiga tahdid solayotgan bir paytda Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni fuqarolik jamiyatining ahamiyatini keng yoritishda muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur anjumanda muhokama etilgan masalalar aholining OIV infeksiyasi bilan kasallanishi oldini olish, kasallikni erta aniqlash va uning keng tarqalib ketishiga qarshi tadbirlarni o‘z vaqtida tashkil etish, OIV infeksiyasi bilan kasallangan shaxslarga oid muammolarni bartaraf etish orqali ularning mehnat qobiliyatini saqlab qolish, kasallikni boshqalarga yuqtirish xavfini kamaytirishga fuqarolik jamiyatlarining hissa qo‘shish imkoniyatini oshirishga yordam beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter