O‘zbekistonda Milliy monitoring tizimi yaratiladi
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rnini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi. Qaror matni «O‘zA»da e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy obro‘sini shakllantirish, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi o‘rnini xolis va haqqoniy baholashni ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, mamlakatda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha milliy reytinglarni yuritishga yordam beradigan, amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro mezonlar va standartlarga muvofiqligini baholashning yaxlit tizimi mavjud emas.
Mazkur holat xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar bilan tizimli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, mas’ul vazirlik va idoralarda baholanayotgan yo‘nalishlar bo‘yicha tavsiyalar va boshqa davlatlarning ijobiy tajribasini o‘z ichiga olgan tegishli ma’lumotlar bazasini, xodimlarda esa xalqaro reytinglar metodologiyasini qo‘llash bo‘yicha dunyoqarashni shakllantirish imkonini bermayapti.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni baholashning yaxlit va mustaqil tizimini shakllantirish, shuningdek, respublikaning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Adliya vazirligining O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi o‘rnini monitoring qilish va baholash milliy tizimini yaratish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.
Boshqaruv sifati va siyosatning samaradorligini o‘lchash, mamlakatda yuz berayotgan o‘zgarishlar jarayonini baholash, tadqiqotlar natijalaridan kelib chiqqan holda islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqishga yordam beruvchi ustuvor xalqaro reytinglarning mezonlari va indikatorlari Milliy monitoring tizimining tarkibiy qismi etib belgilandi.
Milliy monitoring tizimi faoliyatini tashkil etishning dastlabki bosqichi sifatida respublikadagi tadqiqot institutlariga alohida xalqaro reytinglar biriktirildi va ularga quyidagi vazifalar yuklandi:
- xalqaro reytinglarning metodologik va boshqa tarkibiy qismlarini aniqlash, ularni amaldagi qonunchilikka implementatsiya qilish, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi past ko‘rsatkichlariga sabab bo‘layotgan asosiy omillarni aniqlash;
- o‘zini o‘zi baholash uchun ustuvor xalqaro reytinglarning mezonlari va indikatorlari asosida milliy indekslarni ishlab chiqish;
- loyihalar va amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yuksaltirishga to‘sqinlik qilayotgan normalarni aniqlash nuqtai nazaridan ekspert tahlil qilish hamda tahlil natijalariga ko‘ra tegishli tavsiyalar ishlab chiqish;
- O‘zbekiston Respublikasining tegishli reytinglardagi rivojlanish jarayoni to‘g‘risidagi axborotlarni, shuningdek, baholanayotgan yo‘nalishlar bo‘yicha tavsiyalar va xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘z ichiga olgan axborot-ma’lumotlar bazasini yaratish;
- O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga to‘sqinlik qilayotgan mavjud haqiqiy muammolarning tizimli tahlilini olib borish, ularni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- xalqaro tashkilotlar, reyting agentliklari va ilmiy muassasalarning ekspertlari bilan hamkorlik o‘rnatish va konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish;
- tegishli tarmoqlardagi muammolarni aniqlash va ahvolni o‘rganish uchun ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish, shuningdek, mamlakatda keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish doirasida turli sohalarda yuz berayotgan tub o‘zgarishlar to‘g‘risida jamoatchilik va xalqaro reyting agentliklarini xabardor qilish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter