O‘zbekistonda 2020 yilning birinchi kuni qancha chaqaloq tug‘ildi?
2020 yilning 1 yanvar kuni, soat 18:00 holatiga ko‘ra, mamlakatimizda 1111 nafar chaqaloq tug‘ildi.
Yangi yilning birinchi kuni tug‘ilgan chaqaloqlarning 572 nafari o‘g‘il bola, 539 nafari esa qiz bola bo‘lib, eng ko‘p bola Samarqand viloyatida (141 nafar) dunyoga keldi. Shuningdek, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar reytingi bo‘yicha Farg‘ona viloyati ( 137 nafar) va Qashqadaryo viloyati (134 nafar) kuchli uchlikni yakunlagan. Tug‘ilganlarning 4 nafari esa egizaklarni tashkil qiladi. Ayni paytda shifokorlarimiz ularning barchasiga belgilangan standartlar bo‘yicha sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishmoqda.
Yurtimizda shu kunlari bayram munosabati bilan davom etayotgan dam olish kunlarda vazirlik tizimida mavjud birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatuvchi 2351 ta ambulatoriya-poliklinika muassasalari, tuman, viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar, shoshilinch hamda ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va ularning xududlardagi filiallari, shuningdek, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari bilan bir qatorda respublikamizdagi mavjud 218 ta tug‘ruq komplekslarida bayram kunlari ham tibbiyot xodimlari navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Ularda 230 ga yaqin muntazam ishlayotgan navbatchi akusherlar brigadasi xizmat ko‘rsatyapti.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019 yilning 1 yanvar kuni soat 1900 gacha 1442 nafar chaqaloq dunyoga kelgandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi aholisi soni 2019 yil 1 oktyabr holatida 33 million 724.500 kishini tashkil etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter