Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va AQSh odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha muzokara o‘tkazdi

O‘zbekiston va AQSh odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha muzokara o‘tkazdi

Foto:«Senat.uz»

Joriy yilning 25-noyabr kuni Toshkent shahrida Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining AQSh davlat departamenti a’zolari bilan videokonferensiya shaklidagi birinchi muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy Majlis Senati axborot xizmati xabar berdi. 

Tadbirda Senat raisi Tanzila Narbayeva ham nutq so‘zladi.

Ta’kidlanishicha, odam savdosiga qarshi kurashish va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik masalalari mamlakatimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan va bunga misol tariqasida so‘nggi uch yilda mazkur yo‘nalishda 13 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganini ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, 2019-yilning iyul oyida prezidentimizning tegishli farmoni asosida odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi faoliyati tugatilib, uning o‘rniga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi rahbarligidagi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil etildi va ushbu masala bo‘yicha «Milliy ma’ruzachi» instituti joriy etildi.

Foto:«Senat.uz»

Yana bir jihat, Xalqaro mehnat tashkiloti, AQSh davlat departamenti, «Cotton Campaign» «Human Rights Watch» xalqaro tashkilotlari tavsiyalarini inobatga olgan holda odam savdosi va majburiy mehnat sohasida O‘zbekistonning pozitsiyasini yaxshilashga qaratilgan «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi. Shuningdek, xorijda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturi qabul qilinganligini ham alohida qayd etish joiz.

Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganlik uchun javobgarlik normasini kuchaytirish maqsadida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va hozirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilmoqda.

Konferensiyada qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, joriy yil oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilinishi bu sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yangi darajaga olib chiqishiga ishonch bildirilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring