Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

Qish yaqin: oddiy qishloq hayotidan bir shingil lavha

Qish yaqin: oddiy qishloq hayotidan bir shingil lavha

Foto:«Arbor.park.ru»

Qish yaqinlashishi bilan keksa o‘qituvchining oyoqlariga qaltiroq kiradi... G‘alati qaltiroq bu. Bo‘m-bo‘sh o‘tinxona va uning chetida ozroq yig‘ilgan tezaklarni ko‘rib, qaltiroq yana kuchayadi.

Qaltiragancha televizorni yoqadi.

«Falon hudud paxta rejasini falon foizda bajardi. Shubhasiz, hududning baxtiyor aholisi bu yutuqdan mamnun», – deydi ko‘zlari chaqnagan, xushbichim boshlovchi.

Inson ko‘rganiga ishonadi. U ichida boshlovchini so‘kadi. Xuddi u tezak va ko‘mir haqida gapirsa, shu muammoni olib chiqsa, ichiga issiqlik kiradigandek...

«Qaysi mutasaddi hanuz chekka-chekka qishloqlarda gaz yetib bormaydigan, elektr energiyasi bilan ta’minlanmagan xonadonlar borligini inkor qila oladi? Yoki qaysidir rahbarning qish kunlarida aholining holidan xabar olganini eshitganmisiz?

Balki… ammo men hech eshitmaganman ham, ko‘rmaganman ham» deb g‘udranadi o‘ziga o‘zi.

Yoz kunlarida yosh-yosh qizaloqlarning, katta-katta ayol-u kampirlarning chelak ko‘tarib mol tezaklarini yig‘ib yurganini ko‘rib ichi ezilib qo‘yardi.

Mana qishloqlarga kuz kirib keldi. Yana ozgina muddatdan so‘ng qish ham qadam ranjida qiladi.

Ertalab yuzni erkalaydigan kuz yeli rahmsiz, yuzni chimchilaydigan sovuq shamolga aylanadi.

Yillar bo‘yi bu muammo gapirildi. O‘zbekning katta muammosi shu bo‘lib qoldi. Tog‘larda do‘lanalar, bodomlar qirilib ketdi.

Mana endi boyroqlar ko‘mirga, qo‘li kaltalar tezakka, butaga ko‘z tikib o‘tiribdi.

Mahalla markazi binosiga yaqinlashganda, qaysidir kattaning to‘ng‘illagani quloqqa kiradi:

«Juda erkalanib ketdi-da bu odamlar. Gaz emish... Elektr uzilmayotganiga shukur qilsangchi... Avval shu ham yo‘q edi. Indamasang, idoraning tagiga kelib, tilanchilik qiladi. Tekinxo‘r ko‘paydi... »

Agar shu binoga kirsa oyog‘idagi qaltiroq yana kuchayishini sezib, ortga qaytdi.

Boshi qotdi. Oilasini, yosh bolalarini, hamqishloqlarini o‘yladi. O‘ylagan ko‘yi pinakka ketdi.

Tush: ajabo, laylakqor yog‘ayotgan emish. Katta-katta, juda maftunkor, yog‘ayotganmish... O‘tinxonasi to‘la emish, og‘il, tovuqxonayam o‘tinga to‘lgan emish. Tanchaning taftidan tana yayragan, issiq nonning bo‘yi hovliga taralgan...

Balki, baxt degani oddiygina shu manzara bo‘lsa kerak.

Keksa o‘qituvchi sovuq yeganini va uyg‘onishi lozimligini o‘ylardi, ammo baxtdan ajrab qolishdan qo‘rqardi...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring