Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi haqida kitob chiqarildi

O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi haqida kitob chiqarildi

Foto: «O‘zA»

«O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan taniqli arxeolog, O‘zbekiston fanlar akademiyasining akademigi Ahmadali Asqarovning rus tilida «Istoriya proisxojdeniya uzbekskogo naroda» – «O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi» nomli kitobini nashrdan chiqarildi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.

Tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekiston fanlar akademiyasining akademigi, arxeolog Ahmadli Asqarov Namangan viloyatining Norin tumanida dehqon oilasida tug‘ilgan. Olim Abu Rayhon Beruniy nomidagi Davlat mukofotining sovrindori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi. 450 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop ishlar, 17 monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanmalari muallifi. Shulardan 50 dan ko‘prog‘i ingliz, fransuz, nemis, yapon, xitoy tillarida va 200 ga yaqini rus tilida chop etilgan. Mashhur o‘zbek tarixchi olimi Yahyo G‘ulomovning arxeologiya sohasidagi ilmiy maktabining izchil davomchisi.

Asarda o‘zbek xalqining kelib chiqishi, avval elat, keyin xalq va millat bo‘lib shakllanish jarayoni, o‘zbek milliy mentaliteti va o‘ziga xos xususiyatlari tadqiq qilingan, boy moddiy, madaniyat va yozma manbaalarning chuqur ilmiy tahlili berilgan.

Bu monografiya o‘zbek xalqining 4 ming yillik tarixini qamrab olgan. Olim va mutaxassislarning ta’kidlashi-cha mazkur tadqiqot so‘nggi yillarda O‘zbekiston tarixi bo‘yicha yaratilgan eng mukammal asarlar qatoridan o‘rin olgan.

Kitob olimning so‘nggi 40 yillik arxeologik izlanishlari, topilmalari va ularning tahlili, ilmiy-ijodiy mehnatining mahsulidir. Monografiyada o‘zbek xalqi va uning davlatchiligiga doir qator muammoli masalalar ko‘tarilib, birlamchi manbalarga asoslangan xolda yangi g‘oyalar o‘rtaga tashlanadi. Muallif o‘z qarashlarini dadil bayon etadi, tarix xalqlar o‘rtasida milliy nizolar chiqarishga emas, balki jamiyatning mushtarak rivojlanishiga xizmat etishi kerak, degan g‘oyani olg‘a suriladi.

Asar mutaxassislar tomonidan ingliz va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilinishi tavsiya etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring