Oyoqda kirza etik, yelkada ketmon ko‘tarib ulg‘aygan «baxtiyor bolalar»
Ko‘z ochib yumgunchalik vaqt ichida maktabni tugatganimizga ham 34 yil bo‘libdi. Inson hayotda nelarga erishmasin, har qanday nufuzli ilm dargohlarida tahsil olmasin, baribir, bolaligining eng go‘zal va eng totli damlari o‘tgan jonajon maktabini sog‘inib, unga talpinib yashar ekan...
Ancha yillardan buyon bir-birimiz bilan to‘planisholmagan sobiq sinfdoshlar maktabda yig‘ilishadigan bo‘ldik. O‘zim tug‘ilib o‘sgan qishloqdan 3-4 chaqirimcha olisdagi maktabga tomon piyoda yo‘l oldim. Buni qarangki, biz bolaligimizda qishda loy, yozda chang kechib o‘tadigan yo‘llar o‘rnini tekis va ravon yo‘llar egallabdi. Yo‘lning ikki tomonida salobat to‘kib turgan namunaviy uy-joylarni ko‘rib, zavqingiz oshadi. Zamonaviy ko‘rinishdagi do‘konlaru, turli maishiy xizmat shaxobchalarning-ku, sanog‘i yo‘q. Do‘konlar mahsulotlar bilan osha-tosha. Xayolimning bir uchi yana bolaligimga chopdi. Biz bolalar qiziqish bilan birgina saqich sotib olish uchun maktabdan hu-uu, 1 kilometrcha uzoqlikdagi «magazin»ga borardik. Bitta ruchka yoki daftar kerak bo‘lsa, ota-onamiz bekatlarda soatlab kutib, bu ham yetmagandek shaldiroq va tiqilinch avtobuslarga o‘tirib, o‘quv qurollarini tuman markazidagi do‘konlardan xarid qilib kelishardi.
Bugun esa darvozadan bir qadam qo‘yishsa, bas, istalgan narsa topiladi. Bolalik xotiralari bilan manzilga yetib kelganimni ham sezmay qolibman. Bolaligim kechgan maktab hovlisi oldiga keldim. Biz o‘qigan maktab qiyofasi o‘rnida zamonaviy, muhtasham bino salobat to‘kib turardi. Chog‘roq, nimqorong‘u sinfxonalardan-ku, asar ham yo‘q. Keng, shinam, yorug‘ xonalar, bejirim partalar, sinfxonalarning zamonaviy o‘quv-qurollar bilan boyitilganidan dilingiz bahra oladi.
Fizika, ximiya fanlari xonalari qulayliklarini aytmaysizmi? Ayniqsa, kompyuter xonasi. O‘quvchilik yillarimizda bu xonada informatika darsidan faqat nazariy saboqlarnigina olganmiz. Shunda ham har ikki yoki uchta sinfga bitta kalkulyator to‘g‘ri kelardi. Oramizda uning bitta tugmachasiga, hatto, barmoq bosib ko‘rmaganlar ham topilishi bugungi o‘quvchi uchun qanchalik erish tuyulmasin, bu haqiqat. Bugun esa har bir o‘quvchi eng so‘nggi rusumdagi kompyuter bilan bemalol «tillasha» oladi, bu borada ular orasida turli tanlovlarda g‘olib bo‘layotganlar ham talaygina. Biz kompyuterlar tuzilishini faqatgina suratlardagina ko‘rganmiz. Bu o‘zgarish va yangiliklardan foydalanish farzandlarimizga nasib etgani qanchalar quvonarli.
Sobiq sinfdoshlar, hali-hamon yoshlarga saboq berib kelayotgan bir nechta ustozlarimiz bilan gurunglashib, maktab stadioni tomon yo‘l oldik. Stadion shu qadar o‘zgargan, hatto, shundoq qoshida yap-yangi sport majmuasi ham qad rostlagan ekan. U yerda sportning qator turlari bo‘yicha mashg‘ulotlar ham olib borilmoqda. Viloyat va mamlakat sha’n-shavkati uchun kurashayotgan, muvaffaqiyatlari baland o‘quvchi-yoshlar borligidan g‘ururlanib ketdik.
Shu maktabda o‘n yil o‘qib, jismoniy tarbiya darslarini maktab hovlisida yoki sinf xonalarida shunchaki uch-to‘rtta mashq bajarib-bajarmay o‘tkazgan damlarimiz ko‘z oldimizdan o‘tdi. Hatto, shashka, shaxmat doskalari yo‘qligidan uni qog‘ozda chizib, dona surganlarimizni eslashdik. Bunday sharoit, imkoniyatlar qayerda edi?!
Qiyinchiliklarga qaramay, sinfdoshlar hammamiz jamiyatda o‘z o‘rnimizni topa olganmiz. Kim shifokor, kim o‘qituvchi, birov muhandis, yana biri tadbirkor, fermer. Hunarmandu quruvchilar ham oz emas.
— Sinfdoshlaringiz orasidan Idiboy tadbirkor juda tanti chiqdi-da, — deb qoldi biz bilan gurunglashib turgan ustozlarimizdan biri, — mana shu maktab oshxonasini qayta ta’mirlab, zamonaviy oshxona jihozlari bilan ta’minladi. Sunnatjon esa bundan yetti-sakkiz yil ilgari tashkil etgan pishiriqlar sexi mahsulotlari bilan uni to‘ldirdi. O‘shandan buyon o‘quvchilar arzon va sifatli shirinliklardan bahramand. Shirinlik mahsulotlari chet elnikidan qolishmaydi.
Xursand bo‘lib, saxovatpesha sinfdoshimizga yuzlandik.
—Mustaqillik sharofati-da bu! – kulimsirab so‘zladi Sunnatjon, — tadbirkorlik ortidan bir nechta xorijiy davlatlarda ham bo‘ldim. Xorij texnologiyalari va u asosda mahsulotlar ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdim. Imkonim darajasida bir-ikkita uskunalaridan xarid qildim. Baholiqudrat shogirdlar bilan ishlatib turibmiz.
— Eslaringdami, avvallari dala dehqonlari qatori, biz o‘quvchilar ham bellarimizga o‘zimizdan katta etaklarni bog‘lab olib, tongdan shomgacha paxta dalalaridan qaytmasdik. Raisu brigadir bovalarning zug‘umini aytmaysizmi? Shuncha mehnatga yarasha bechora dehqonning kosasi oqarmasdi. Hozir-chi? Istiqlol tufayli dehqonning ham nasibasi butun bo‘ldi. Mana, Odil sinfdoshimizni olaylik, uning fermer xo‘jaligi ilg‘orlar safida. Texnika uskunalari yetarli. Mehnatiga yarasha foyda ham olayapti. 50 nafarga yaqin fermer xo‘jalik a’zolarining qorni ham, usti ham but, oilasi tinch, to‘q, farovon. Eh-he-ye, bunday ilg‘or fermerlar qishlog‘imizda o‘nlab topiladi. Shukur, shunday zamonlarni maktab darvozasiga qulf osib, biz o‘quvchilarni dalalarga solgan o‘sha damlarda yetti uxlab, tushimizda ko‘ribmizmi?! – so‘zladi yana bir tadbirkor sinfdoshimiz Qahramon suhbatga aralashib.
— Maktabni tugatganimizdan roppa-rosa bir yil keyin «O‘zbekiston mustaqil davlatga aylandi», deyishganda, anqayib qolganman. To‘g‘risi, mustaqillik nimaligini deyarli, tushunmasdik-da! O‘shanda agar biz mustaqil davlat bo‘lsak, mustaqilligimizni ko‘rolmaydigan boshqa davlatlar bizga urush ochsa-chi, degan hadik ham bo‘lgan yosh yuraklarimizda. Mustaqillikdan ilgarigi davrlarni eslasam, haligacha etim junjikadi: bolaligimiz ham, o‘quvchilik davrimiz ham o‘n yil dalalarda kechdi. Izillagan sovuqmi, jazirama issiqmi, maktab partasida emas, dalalarda rais bovayu, brigadir bovaning qamchisini ko‘rib ulg‘aydik. Eslaysizlarmi, oyoqda kirza etik, yelkalarda ketmon bilan jo‘japirday bolalar «Biz baxtiyor bolalar» qo‘shig‘ini kuylashga majburlanib, ko‘zlarda yosh bilan dalalarga saf tortib ketardik. Ortda qolgani rost bo‘lsin. Shu kunlarga yetkazganiga shukur! — deydi sinfdoshimiz Muhiba.
Shu payt uning qo‘l telefoni jiringlab qoldi. Xorijda tahsil olayotgan o‘g‘li ekan. Ma’mura sinfdoshimiz so‘z boshladi:
— Bundan 30-35 yil oldin bitta qishloqda bitta yoki ikkita sim telefon bo‘lardi. Shunda ham qo‘shni qishloq yoki qo‘shni tumanga zo‘rg‘a chiqilardi yoki bo‘lmasam, tuman markazlaridagi pochta bo‘limlariga borib, qo‘ng‘iroq navbatini soatlab kutardik. Bugun yetti yoshdan yetmish yoshgacha hammaning qo‘lida telefon. Shundoq o‘tirgan joyidan dunyoning narigi chekkasidagi og‘aynisi bilan, hatto, bir-birini ko‘rib turib, bemalol gaplasha oladi. Shukur, shunday zamonlarga, ko‘z tegmasin!
— Buni taraqqiyot, desa bo‘ladi. Nafaqat, qo‘l telefon, bugun har bir darvoza oldida ikki-uchtadan mashina bor. Istagan manzilingga «g‘iz» etib yetasan. Bir paytlar kimdir betob bo‘lsa, «Tez yordam»ga chiqish uchun telefon topilmasa, tuman markazidagi shifoxonaga oborishi uchun qishloqning traktorchiga yugurardik. Traktorda borardik kasalxonaga, — o‘ychan so‘z boshlaydi o‘qituvchi sinfdoshimiz Dilfuza. — Bugun yurtimizda muhtasham inshootlar qatori shifo maskanlari ham ortib bormoqda. Tibbiyot maskanlarida bemorlar uchun yaratilgan shart-sharoitu imkoniyatlarni-ku, gapirmay qo‘ya qolaylik. Mustaqillikning boriga shukr!
Sinfdoshlarimning biri olib, biri qo‘yardi. Har birining chehrasida shukronalik, qalbida xotirjamlik, «Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik!» faxr ifodasi balqirdi.
Go‘zal va betakror istiqlol tantanasi arafasida shunday dilkash davralarda shukronalik tuyg‘ularini eshitish, his qilish yanada zavqli, g‘ururli.
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter