«O‘saman desang, aytganimni qil!»
Yaqinda bir joyda shunday voqeaning guvohi bo‘ldim.
— Sen shunday maqola yozginki, uni hamma sevib o‘qisin, — dedi bir hamkasbim yosh yigitga.
— Unda mana bu mavzularda maqolalar yozsam, o‘qib ko‘rasizmi? Odamlarni qiynab kelayotgan muammolar haqida, — dedi yigit.
— Ya’ni?
— Mana, masalan, uy-joy olish maqsadida yillar davomida hokimiyat eshigi oldida sarg‘ayib turgan nogiron kishi, institutni tugatib ishga kirolmayotgan sobiq talaba, gaz va elektrning yo‘qligiga necha yillardan beri ko‘nikib ketgan qishloq, sho‘rolar davridan beri asfalt nimaligini bilmay kelayotgan ko‘cha, maoshini yetkaza olmayotgan o‘qituvchi, puli yo‘qligidan tushlikka chiqolmasdan ko‘cha kezib o‘zini chalg‘itayotgan jurnalist, dorixonaga borib kerakli dorilarni olishga puli yetmayotgan juvonning nolasi, otasi to‘lagan alimenti bitta yangi kiyimga yetmagan bola, bozorning rastasi yo‘q joyida chekchidan yashirinib xo‘rozqand sotayotgan chol, xuddi shu bozorda arava tortib ivib ketgan o‘spirin, Rossiyada ishlab kelgan pulidan odamlarga foizga berib kun ko‘rayotgan sudxo‘r, izg‘irin sovuqda tovuq sotib o‘tirgan kampir, baqirib odam chaqirganidan o‘tkinchilarning joniga tekkan avtobus pattachisi, har yili o‘qishga boraman deb niyat qilsa-da, ukalarini boqish ilinjida birovlarning sholipoyasini o‘toq qilish bilan yozni o‘tkazadigan qiz, tirikchilik vajida...
— To‘xta, sen bunaqa mavzularda yozma. Endi-i... ijtimoiy mavzular to‘lib yotibdi, — dedi tanishim va davom etdi. — Yaxshisi, o‘zgarishlar haqida yoz. Masalan, falon zavodning ochilgani haqida yoz.
— Qishlog‘imda hech bir yangilik yo‘q-ku, — dedi yigitcha soddalarcha.
— Ey bola, qishlog‘ingning bunga aloqasi yo‘q. O‘sishni istasang, yaxshi narsalarni yozgin.
— Bilasizmi, jurnalist amaki, men sanagan muammosi bor odamlar juda ko‘p.
— Bola, o‘saman desang, mening aytganimni qil...
Akbarjon Abduraimov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter