O‘rmon xo‘jaligi direktori «qopqon»ga tushdi
Buxoroda milliy gvardiyaga ishga joylashtirish evaziga fuqarolardan 3000 dollar pora olayotgan mansabdor shaxs ushlandi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, pora bilan ushlangan mansabdor — Sh.N. Muborak davlat o‘rmon xo‘jaligi direktori bo‘lgan. 42 yoshli xo‘jalik direktori asli Vobkent tumanining Xargo‘sh MFY fuqarosi.
Sh.N. vobkentlik J.M va X.H.ni viloyat milliy gvardiyasida ishlovchi vakolatli tanishi orqali ishga joylashtirishni va’da berib, xizmati evaziga ulardan 3000 AQSh dollari talab qilgan. Ikkovlon esa huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishgan...
Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi shaxsiy xavfsizlik bo‘limi, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Buxoro shahar bo‘limi hamda viloyat DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sh.N. Buxoro shahridagi «Turon» mehmonxonasi oldida yuqoridagi fuqarolardan 3000 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Holat yuzasidan Departamentning Buxoro shahar bo‘limi tomonidan Sh.N.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-modda (Firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 28-(Jinoyat ishtirokchilarining turlari), 211-moddalari (Pora berish) bilan qo‘shimcha ayb e’lon qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter