Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oqto‘ba fojiasidagi yong‘in sababi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi

Oqto‘ba fojiasidagi yong‘in sababi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi

Foto: «Linews.ru»

«Rossiyaga ketayotgan avtobus texnik jihatdan nosoz bo‘lgan. Bu haqda Qozog‘iston ichki ishlar vaziri Kalmuxanbet Qosimov deputatlarning halokat aybdorlarini jazolash haqidagi so‘roviga javoban aytib o‘tgan», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda «Kazinform» agentligi.

«Tergov natijalariga ko‘ra shu narsa ma’lum bo‘ldiki, avtoulov texnik nosozlik oqibatida Chimkent-Samara avtomobil yo‘lining 1068-kilometrida harakatini to‘xtatgan. Bu haqda favqulodda vaziyatlar xizmatiga xabar berish, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rish o‘rniga avtobus haydovchilari avtobus salonini kavsharlash lampasi yordamida isitmoqchi bo‘ladilar. Benzindan foydalanishda ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘yilishi oqibatida yong‘in kelib chiqqan», — deya ma’lum qilgan Kalmuxanbet Qosimov.

Vazirlikning tergov departamenti Oqto‘ba viloyatida fojiali tarzda halok bo‘lgan 52 nafar o‘zbekistonlikning o‘limi yuzasidan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 345 va 348-moddalari bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlarini olib bormoqda. Avtobusni texnik nosoz bo‘lishiga qaramay nima sababdan va qanday asoslarda yo‘lga olib chiqqanlarini aniqlash maqsadida haydovchilar Maqsad Pernebekov, Nurjan Qirg‘izboyev va Barat Tanatovlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shu yilning 18 yanvar kuni yuz bergan ushbu fojia oqibatida O‘zbekistonning 52 nafar fuqarosi tiriklayin yonib ketgan edi. Falokatdan 5 kishi (avtobusning uch haydovchisi va ikki yo‘lovchi) omon qolgan edi. Tirik qolganlarning guvohlik berishicha, halok bo‘lgan yo‘lovchilar avtobusning ikkinchi qavatida bo‘lishgan, birinchi qavat esa yuklar bilan to‘lgan bo‘lgan. Yong‘in natijasida avtobus saloni qora tutunga to‘lgan va odamlar eshikni topa olishmagan. Eshikni topib ochganlaridan keyin ichkariga kislorod kirishi natijasida avtobus saloni alanga ichida qolgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ulovning egasi Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan va avtobus yo‘lovchi tashish uchun litsenziyaga ega bo‘lmagan, 1989 yili ishlab chiqarilgan va oxirgi marta 2015 yilda texnik ko‘rikdan o‘tgan.

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida avtobus Rossiyaga borish uchun eng keng tarqalgan transport hisoblanadi. Chunki u boshqa transportlarga nisbatan ancha arzonga tushadi.

Eslatib o‘tish kerak, 2018-yilning 18-yanvar kuni Qozog‘istonning Oqto‘ba viloyati Irg‘iz tumanida avtobusda yong‘in sodir bo‘lishi oqibatida 52 kishi halok bo‘lgani va 5 kishi jabrlangani haqida xabar bergan edik. Bugunga kelib halok bo‘lganlardan 49 nafarining shaxsi aniqlandi. Ularning asosiy qismi Namangan viloyatidan ekani, shuningdek, marhumlar orasida Andijon, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari va  Toshkent shahrida yashaganlar ham borligi ma’lum qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring