O‘qituvchilar hamon paxta terimi va majlislarga jalb qilinmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumat tomonidan taqiqlanganiga qaramay, O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida o‘qituvchilar va xalq ta’limi xodimlarini paxta yig‘im-terimi hamda turli majlislarga jalb qilish holatlari qayd etilmoqda, deb xabar berdi Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati.
Xabarda O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligiga o‘qituvchilar hamda ta’lim xodimlarini paxta yig‘im-terimiga va mahalliy hokimliklarning yig‘inlariga noqonuniy jalb qilish to‘g‘risida ma’lumotlar kelib tushayotgani aytiladi.
Masalan, Surxondaryo viloyatining ayrim tumanlarida hokimliklar va prokuratura rahbarlari viloyat xalq ta’limi boshqarmasi vakillaridan paxta yig‘im-terimiga odamlarni jalb qilishni talab qilmoqdalar.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining Huquqiy-nazorat xizmatining vakillari viloyat prokuraturasi rahbariyati bilan suhbatlashdi va natijada paxta yig‘ish uchun tashkil etilgan shtab-kvartirada ta’lim xodimlarini majlislarga jalb qilish to‘xtatildi. Bundan tashqari, paxta terimiga jalb qilingan o‘qituvchilar uyiga jo‘natildi. Xususan, Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanidan 450 nafar, Jizzax viloyatidan 39 nafar fuqarolar o‘z uylariga qaytishdi.
Hozirgi vaqtda vazirlikning Huquqiy-nazorat xizmati Andijon va Navoiy viloyatlarida o‘qituvchilarning yig‘im-terim ishlariga jalb etilganligi haqidagi ma’lumotni tekshirmoqda. O‘rganish natijalari belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etiladi.
Shuni ta’kidlash kerakki, viloyat xalq ta’limi boshqarmalarining ayrim rahbarlari hali ham eskicha fikrlab, mahalliy rahbarlarning og‘zaki ko‘rsatmalariga bo‘ysunishmoqda, deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, viloyat xalq ta’limi boshqarmalari xodimlari va maktab direktorlarini Hokimlikda o‘tayotgan turli yig‘ilishlarga jalb qilish holatlari uchrab turibdi. Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumani Hokimi har dushanba kuni soat 06:30 da 89 ta maktab rahbarlarini selektor yig‘ilishiga chaqirmoqda.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 17-iyul kuni o‘tkazilgan umumiy o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda o‘qituvchilarning turli nazorat organlari tomonidan tekshiruvini cheklash, obodonlashtirish ishlariga o‘qituvchilarni jalb qilish, turli yig‘ilishlarda ishtirok etish, obuna kampaniyasi va o‘zlarining vakolatlari doirasida bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb qilishni taqiqlash zarurligi ta’kidlandi. Qolaversa, o‘qituvchilar huquqlarini himoya qilish uchun maxsus huquqiy xizmatni tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchilarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida o‘qituvchilardan shikoyatlarni qabul qilib olishda «Ustoz ovozi» virtual inspektor xizmatini ishga tushirgan.
Vazirlik o‘qituvchilar va xalq ta’limi muassasalari xodimlarini qonuniy huquqlari buzilgan taqdirda, «Ustoz ovozi» virtual inspektoriga yoki telegram boti (https://t.me/Ustoz_Ovozi_bot)ga murojaat qilishga chaqiradi. Shuningdek, hududiy rahbarlarni bu sohada ta’lim tizimi xodimlarining huquqlarini buzilishiga alohida e’tibor qaratishini so‘raydi, chunki Prezident qarorlarini to‘g‘ri amalga oshirmasdan, yuqori malakali mutaxassislarni ta’lim tizimiga qaytarish juda qiyin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter