Onlayn to‘lovlarda muammo yuzaga keldi. Bunga DSQning talabi sabab qilib ko‘rsatilmoqda
O‘zbekistondagi yirik to‘lov tashkilotlari - Payme, Click va boshqalar, shuningdek banklarning ilovalari 2022 yil 1 noyabrdan e’tiboran, o‘z ilovalaridan iste’molchi-mijozlar uchun kerakli funksiyalardan ayrimlarini o‘chirishga majbur bo‘lishmoqda.
Bankers.uz xabariga ko‘ra, «joyida to‘lov» hamda QR-to‘lov funksiyalarining o‘chirilishi sabab ushbu onlayn to‘lovlar ishlamay qoldi. Bu haqda to‘lov tashkilotlari o‘zlarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida, shuningdek ilovalari orqali xabarlarda ma’lum qilishgan.
Ushbu harakatga katta ehtimol bilan Davlat soliq qo‘mitasining to‘lov tizimlaridan «joyida to‘lovlar», QR-kod orqali to‘lov, telegram kanallarida to‘lov kabi barcha to‘lovlarni fiskallashtirishni talab qilganligi sabab bo‘lishi mumkin. Qo‘mitaning tegishli xatida mazkur talablar ko‘rsatib o‘tilgan.
Ayrim ilovalar mazkur vaziyatni profilaktika maqsadida yuzaga kelganligini aytishgan bo‘lsa, Payme ilovasi holatga batafsilroq izoh berishga harakat qilgan.
Quyidagi xizmatlar: joyida to‘lovlar, QR-kod orqali to‘lov, Telegram kanallarida to‘lov – barcha to‘lovlarni fiskallashtirish bo‘yicha texnik ishlar olib borilayotgani sababli vaqtincha ishlamaydi. Ayni paytda Respublikada chakana savdo va xizmatlar ko‘rsatish sohasida hisob-kitoblar tartibini takomillashtirish, ya’ni barcha to‘lovlarni fiskallashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 2022 yil 1 noyabrdan Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan onlayn kassa mashinalari, to‘lov tashkilotlari va fiskal ma’lumotlar operatori o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik sxemasi kuchga kiradi hamda tasdiqlangan o‘zaro hamkorlik sxemasidan chetga og‘ishlar soliq organlari tomonidan sanksiyalar qo‘llanilishiga olib keladi. Ushbu vaziyat tufayli bizning jamoamiz shoshilinch ravishda texnik ishlarni amalga oshirishi va quyidagi xizmatlarni vaqtincha o‘chirib turishi talab etiladi: joyida to‘lovlar, QR-kod orqali to‘lov, Payme GO, Telegram-kanallaridagi to‘lov va ba’zi boshqa to‘lovlar. Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz va imkon qadar tezroq Payme’dagi sevimli funksiyalaringizni qaytadan foydalanishga topshirish ustida ish olib bormoqdamiz. Biz bilan qolganingiz uchun tashakkur! - Payme ilovasining rasmiy izohi.
Shuningdek, Apelsin ilovasi ham vaziyatga izoh berar ekan, «biz aybdor emasmiz» ma’nosidagi xeshtegdan foydalangan.
Telegramdagi «Davletovuz» kanali muallifi esa, vaziyatga izoh berar ekan, Davlat Soliq qo‘mitasining ushbu harakatini qoralagan.
QR-kod to‘lovlar tadbirkorlar uchun elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun eng arzon imkoniyat edi. Chunki hech qanday xarajatga olib kelmagan — to‘lov tizimiga ulanib, printerda QR-kodni chiqarib qo‘yib, naqdsiz to‘lovlarni qabul qilsa bo‘lardi. Naqd puldan qochish uchun yaxshi imkoniyat edi, endi yana tadbirkorga ortiqcha xarajat, iste’molchiga jabr. Go‘yoki yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish yo‘lida tanlangan ushbu chora Davlat soliq qo‘mitasining "qonun talablari asosida ishlashimiz kerak", degan aqlli bayonotlari bilan xaspo‘shlansa kerak. Yana onlayn xizmatlar, onlayn to‘lovlar tizimi rivoji zarar ko‘radi, odamlar o‘z-o‘zidan naqd pul bilan muomala qilishga o‘tadi, bir-ikki "aqllining tashabbuslari"ni deb shuncha ish bir joyga tiqiladi. O‘zidan tushovi qimmatga aylanmasa go‘rga edi, deb yozadi «Davletovuz» telegram kanali.
«To‘satdan hech nima paydo bo‘lmaydi. Ayniqsa Yangi O‘zbekistonda. Kimdadir, qaysidir korchalonda bu vositani bir qo‘lli va monetizatsiya qilish xohishlari paydo bo‘lib qolsa, hukumat darrov dastyorga aylanadi qoladi ularning qo‘lida.
Mutlaqo tasodifga ko‘ra, UZUMPAY (ARCA) yangi funksionalni yo‘lga qo‘yipti. ARCA terminalida QR kod chiqarkan, shu bilan to‘lab, keyin fiskalizatsiya qilsa bo‘ladi», deb holat bo‘yicha munosabatini bildirgan iqtisodchi Otabek Bakirov.
Vaziyat yuzasidan yirik savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari, xususan KorzinkaUz ham noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.
Davlat soliq qo‘mitasi holatga rasmiy izoh berdi:
Ijtimoiy tarmoqlarda elektron to‘lov tashkilotlarining Davlat soliq qo‘mitasi bilan integratsiyasi tufayli ularning xizmatlarida uzilishlar kuzatilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.
Davlat soliq qo‘mitasi ushbu xabarlarga aniqlik kiritgan holda qo‘yidagilarni ma’lum qiladi.
To‘lov tizimlari operatorlari o‘z to‘lov tizimlarini onlayn-NKMga majburiy ravishda ulash va shu orqali soliq organlarining axborot tizimlariga 2022 yil mart oyidan integratsiyalashni ta’minlash talabi o‘rnatilgan.
Ushbu maqsadda to‘lov tashkilotlari bilan tizimli ishlar amalga oshirilib, joriy yilning mart oyidan shu kunga qadar 12 marotaba uchrashuv tashkillashtirilgan.
Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda elektron to‘lov tizimi orqali elektron fiskal chek taqdim qilish tartibi belgilangan.
Xususan, mavjud 48 ta elektron to‘lov tashkilotidan 25 tasi fiskal ma’lumotlar operatoriga integratsiyani to‘liq yakunlagan.
Aytish joizki, hozirgi kunda xaridlar uchun to‘lovlarni aksariyat hollarda P2P (kartadan kartaga o‘tkazish) qilish kuzatilmoqda.
Mamlakat iqtisodiyotini uzoq muddatli rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgan sharoitda axborot texnologiyalari vositasida iste’molchilar, tadbirkorlik sub’yektlari va davlat soliq xizmati organlarining uyg‘unlashgan faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi.
Raqamlashtirish bilan bog‘liq amaliy tajriba iqtisodiy faollikni oshirish va qonuniy faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlarni himoya qilish ta’minlanganligini ko‘rsatdi.
O‘tgan yilning mos davriga nisbatan xarid cheklari soni 185%ga xarid summasi esa 176% ga oshdi. Bu raqamlarni yashirin iqtisodiyotni soyadan chiqarish natijalari deb qayd etish mumkin.
Shu o‘rinda 1,5 mln nafardan oshiq fuqarolar huquqlari kafolatlanishi ta’minlandi (yarim trln so‘m dan ortiq keshbek to‘landi, deyildi izohda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter