O‘lib, o‘lmay qolgan zo‘ravonlik qurbonlari
Joriy yilning 31-yanvar kuni Yangihayot tumanida zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan 12 yoshli qizning murdasi topilgani haqida Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qilgandi. Jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi shaxs (29 yoshli erkak) Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.
Aka-ukalar qurboni bo‘lgan qizaloq
O‘tgan yili Sariosiyo tumanidagi 4-sinfda o‘quvchi qiz bir maktabda o‘qiydigan 8 va 4-sinf o‘quvchilari — aka-ukalar tomonidan zo‘rlangani ancha muhokama bo‘lgandi. Bu haqda qizaloq bilan bir qishloqda yashovchi Kun.uz manbasi xabar bergandi. O‘sha manbada ta’kidlanishicha, aka-ukalarning ota-onasi ishni yengillatish uchun voqeada 8-sinf o‘g‘li qatnashganini yashirishga urinishgandi. Ota-ona buning o‘rniga «voqeani to‘rtinchi va uchinchi sinfda o‘qiydigan farzandlari sodir qilgani» haqida ko‘rsatma berishgan.
«Shunday qilsa, katta o‘g‘li javobgarlikdan qutulib qolarkan. Kichik farzandlari esa javobgarlikka tortish yoshiga yetmagan. Organ xodimlari ham buni bilib-bilmaganga olayotgan bo‘lishi mumkin. O‘zingiz o‘ylang, to‘rtinchi va uchinchi sinfda o‘quvchi bolalar qanday qilib bu ishni qilishi mumkin?!» — deydi u. Muxbir holatga aniqlik kiritish maqsadida Sariosiyo tuman prokurori Nodir Azizov bilan telefon orqali bog‘landi. Voqea haqida gapirarkan, Azizov haqiqatan ham tumandagi maktablardan birida 4-sinf qizning nomusiga tegish holati sodir bo‘lganini tasdiqlagan. Jinoyat kodeksining 17-moddasiga ko‘ra, shaxs yuqoridagi modda bilan javobgarlikka tortilishi uchun 14 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak.
Yana bir voqeaga e’tiboringizni qaratamiz. 2022-yil 17-may kuni Toshkent shahar IIBB Yunusobod tumanidagi uy oldida 17 yoshli qizga tegajog‘lik qilgan erkak qo‘lga olingani haqida xabar berildi. U mayda bezorilikda ayblanib, 10 sutkaga ma’muriy qamoqqa olinib, jarimaga tortildi. Jabrlanuvchi ichki ishlar bo‘limi uning arizasini birinchi murojaatda qabul qilmaganidan shikoyat qilgandi.
Bu haqda turli nashrlar axborot berdi. O‘sha kuni Nemolchi.uz — «Sukut saqlama» loyihasi jabrlangan qizning hikoyasini e’lon qildi. U hujumning vaqti, joyi, gumonlanuvchining kiygan kiyimlari va hatto uning taxminan yoshini batafsil bayon qildi. Qiz do‘kondan uyiga qaytayotganida erkak uning ortidan kelayotganini payqagan. Uy hovlisiga kirganida, erkak uning ortidan ergashgan.
«Men uni ko‘rganimni bildirish uchun, orqaga o‘girildim. U qo‘shnilarning tanishlari bo‘lsa kerak deb o‘ylayotgandim, lekin keyingi harakatlaridan bunday emasligini angladim. Men tezda zinadan ko‘tarila boshladim, to‘satdan bu odam orqamdan menga hujum qildi va mening chanog‘imga teginishni boshladi», — dedi jabrlanuvchi.
Qiz baqirib, erkakni urishni boshlaydi, shu bilan uni qo‘rqitib yuboradi. Erkak qochib ketadi, qo‘shnilar buni ko‘rishadi va holat kameralar tasviriga tushadi. O‘sha kuni qiz profilaktika inspektori oldiga boradi, u esa o‘z joyida bo‘lmaydi.
«19-sanada u paydo bo‘ldi. Men unga nima bo‘lganini aytib berdim, lekin u (inspektor) erkak qo‘lga tushgandan keyin ariza yozishim kerakligini aytdi, bu meni hayratga soldi», — deydi qiz. 21 may kuni qiz Yunusobod tumani IIBga ariza yozgan, biroq u yerda ham ariza qabul qilinmay, profilaktika inspektorining oldiga qaytarib yuborilgan. «Oyim bilan uning (profilaktika inspektori — tahr.) oldiga borganimizda, nihoyat, besh kundan keyin ariza yozdik. Biz kamerani tekshirib ko‘rdingizmi deb so‘raganimizda, u «yo‘q», deb javob berdi, men organlarimiz qanchalik «g‘ayrat bilan ishlashidan hayratga tushdim», — deya qo‘shimcha qildi u.
Bola bo‘lib ona bo‘lgan qizaloq
«Sukut saqlama» loyihasi 14 yoshli Shahzoda haqida yozadi. «Shahzoda va uning onasi «Oydin nur» boshpanasiga bir necha oy oldin kelib qolishdi. O‘shandan beri hayotlari ancha o‘zgardi. Ularga g‘amxo‘rlik qilishyapti, yaxshi ovqatlanishadi. Shu yilning iyul oyi boshida Shahzoda qizli bo‘ldi. Tasavvur qilayapsizmi, hali balog‘atga yetmagan qiz — ona...
«Biz operatsiya qilish kerak bo‘ladi, deb qo‘rqqandik, lekin u shunday nozik bo‘lishiga qaramay, o‘zi tug‘di. Endi bolasini o‘zi emizyapti. Qizi biram shirin, beozor» — deydi boshpana ijtimoiy xodimi.
O‘tgan yilning yozida Shahzoda atigi 13 yoshda edi. Oila juda kamtarona hayot kechirardi, ota yo‘q, ona va qiz 22 yashar akasi bilan yashashardi. O‘tgan yilning yozida Shahzodaning akasini yirik fermer xo‘jaligiga ishga taklif qilishdi. Qiz va uning onasi ham o‘sha yerga ishlashga borishdi.
Fermada uning egasining o‘g‘li ham yashardi, u 20 yoshlardan kattaroq edi. Kunlardan bir kun u Shahzodani chaqirdi, unga tegajog‘lik qilib, zo‘rladi. Qiz qo‘rqdi va hech kimga bu haqida gapirmadi.
Bir necha kun o‘tib xo‘jayinning o‘g‘li Shahzodani yana zo‘rladi. Qizning akasi holatni ko‘rib, singlisini himoya qilmadi, zo‘ravonni jazolamadi. Shahzoda bokira emasligini bilib, u ham uni zo‘rlashni boshladi, ular bitta otadan tug‘ilmaganini ro‘kach qilardi.
Shahzoda onasiga indagulik bo‘lsa, buni ko‘tara olmasligi bilan qo‘rqitardi. Markaz direktorining aytishicha, qizning akasi avval ham zo‘ravonlik ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida o‘tgan, lekin o‘shanda jazoga tortilmagan.
Tez orada ona qizini ferma egasining o‘g‘li zo‘rlaganini bilib qoladi, akasi haqida Shahzoda indamadi. Ayol zo‘ravonning onasi bilan gaplashadi, u esa yig‘lab o‘g‘li unday qilishi mumkin emasligini aytib, ariza yozmaslikni so‘raydi.
Arizani qizning onasi yozmadi, sababini tushuntira olmadi. Fermadan ular ketishdi, o‘z uylari yo‘qligi uchun qizning xolasinikiga borishadi. Lekin uning ham yashashi haminqadar edi, ular yana fermaga qaytib ma’lum payt o‘sha yerda yashashdi. Keyin esa ko‘chada qolishdi.
Maktabga Shahzoda kamdan-kam borardi, keyin esa butunlay tashladi. Ustozlari qizning iziga tushishdi. Qiz va uning onasini qidirishni boshlashadi, bahor oxirida topishadi, ular tashlandiq joyda kun kechirardi. 7-sinf o‘quvchisi homilador edi. Maktab ichki ishlar organlariga ariza berilishini ta’minladi.
Tergovchi ishni 118-modda 4-bandi (Nomusga tegish) bilan sudga oshirdi, unga ko‘ra aybdor uchun 14 yoshga yetmagani ayon bo‘lgan shaxsning nomusiga tekkani uchun 15 yildan 20 yilgacha jazo berilishi mumkin edi. Lekin ma’lumot berilishicha, qizning onasi va jabrlanuvchining o‘zi suddan yengillik so‘rashgan. Ayblanuvchi ularning yagona boquvchisi ekanini bahona qilishgan ekan. Aka O‘zR JK 128-moddasi (16 yoshga yetmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan aybdor deb topildi va bu modda bo‘yicha maksimal jazo — 3 yilga qamaldi.
Konteynerdan qochgan qizaloq
Voyaga yetmagan qizaloqni tahqirlagan shaxslar nega jazoga tortilmayapti, deb bong uradi O‘zA muxbiri Norgul Abduraimova 2021-yil mart oyida o‘z maqolasida.
«Bu voqeani eshitib seskanib ketgandim. Axir katta orzular bilan qanot qoqishga shay qizaloqning qanoti qayrilganini his etishning o‘zi og‘ir. Ammo u bilan uchrashganimdan keyin halovatimni butunlay yo‘qotdim. Ozg‘ingina, ma’yusgina qizchani ko‘rib dilim vayron bo‘ldi. Shu navniholga qaysi vahshiy qo‘l uzatishga jur’at etdi? Unga taskin berishga urinayotgan bo‘lsam ham uning ko‘zlariga aslo qaray olmadim. Bizga o‘xshagan kattalar uning bolalik olamini chilparchin qilgani uchun o‘zimni ham aybdor his qildim. Qizining dardida yonib-kuyayotgan otaning holatini so‘z bilan tasvirlab berish mutlaqo ilojsiz.
Voqea aslida qanday sodir bo‘lganiga to‘xtalsak.
O‘tgan yilning yoz oylarida qizaloq ammasining uyiga mehmonga boradi. Karantin tufayli ko‘chada transport harakati cheklangani uchun qizaloq taksida uyga qaytmoqchi bo‘ladi. Ko‘chada to‘xtagan yengil mashinaga o‘tiradi. Mashina ichida bo‘lgan yana bir yigit qizaloqni ko‘rib, shum reja tuzadi. Uni tog‘li hududga olib qochadi. Dachaga olib borib, qizaloqqa qandaydir dori ichiradi. Hushini yo‘qotgan qizni esa turli xil alfozda rasmlarga tushiradi. O‘ziga kelgach esa uni avrab, «bu yerga kelganingni hech kimga aytmasang, uyingga olib boraman», deydi. Shundog‘am qo‘rqib ketgan qiz rozi bo‘ladi. Uyga kelgach hech kimga lom-mim demaydi.
Qo‘lida yetarlicha «dalil»lar bo‘lgan yigit endi qizni xohlagan kuyiga tushirishni bilar edi. Kunlarning birida qizga qo‘ng‘iroq qilib, «sumkang qolib ketibdi, chiqsang berib yuboraman», deb aytadi. Sodda qiz sumkasi uchun uydan chiqib borganida esa unga o‘sha suratlarni ko‘rsatib, birga ketmasa, suratlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib, sharmanda qilish bilan qo‘rqitadi. Qattiq qo‘rqib ketgan qiz yana mashinaga o‘tiradi. Bu safar yigit qizaloqni ko‘p qavatli uylardan biriga olib boradi. Qiz yo‘qolib qolganini bilgan oila-a’zolari uni qidirishga tushadi. O‘sha paytda Moskvada ishlayotgan otasi ham yetib keladi. Qizning otasi B.ning aytishicha, u farzandini bir hafta mobaynida qidirgan, bu haqda ichki ishlar organlariga ham murojaat qilgan. Qanchalik harakat qilmasin, qizini topa olmaydi. Oradan bir-necha kun o‘tib, abgor bir ahvolda qiz uyiga kirib keladi va otasining qistovi bilan hamma voqeani birma-bir so‘zlab beradi.
Ma’lum bo‘lishicha, qiz keyingi ikki kunni tashlandiq, kimsasiz bir hududda och-nahor o‘tkazgan. Zo‘ravon nafaqat uning nomusini toptagan, balki uning kimsasiz joyda o‘lib ketishini ham reja qilib, uni ovloq joyda bo‘lgan temir konteynerga qamab ketgan. Baxtli tasodif tufayli qiz konteynerdan chiqib, uyiga uzoq masofa piyoda yurib qaytib kelgan. Ota voyaga yetmagan qizini tahqirlagan, bu jarayonda ishtirok etgan shaxs haqida ma’lumotlarni to‘plab, 2020-yil sentyabr oyining oxirlarida O‘rta Chirchiq tumani ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan. Ariza bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari boshlangan. Biroq bu harakatlarning oxiri hali ham ko‘rinmagan. Ota ichki ishlar bo‘limiga qatnab charchaganidan so‘ng ko‘plab yuqori tashkilotlarga murojaatlar yo‘llagan. Ammo murojaatlarga «tegishli organga yuborildi, natijasi haqida ma’lum qilamiz», degan mazmunda javoblar kelgan, xolos. Qizning otasi Respublika «Istiqbolli avlod» ijtimoiy-axborot markaziga ham murojaat qilib, yordam so‘ragan. Mazkur markaz mutaxassislari esa bu haqda jamoatchilikni xabardor qilgan holda qonun ustuvorligiga erishish uchun bizni bu ishga jalb qildi. Sodir bo‘lgan bu noxush hodisa haqida batafsil yozishdan maqsadimiz — bundan sizni, butun jamoatchilikni ogoh etish. Qolaversa, niyatimiz — inson huquqlari, bola huquqlari bilan shug‘ullanuvchi tuzilmalarni huquqlari toptalgan qizaloqqa yordamga chaqirish (jabrlangan qiz va uning otasiga oid barcha ma’lumotlar bizda mavjud). Xullas, nega voyaga yetmagan qizaloqni tahqirlagan shaxslar oradan olti oy o‘tgan bo‘lsa ham hamon jazoga tortilmadi, degan haqli savolga birgalikda javob izlaymiz...
Biz 12 yoshli qizaloqning o‘limiga qayg‘urayotgan, qotil va zo‘ravonning go‘riga g‘isht qalayotgan bir paytimizda o‘lmay qolgan qotillik qurbonlari alamli achchiq xotiralarini maktub qilib yozmoqda. Ehtimol mana shu qizlarga vaqtida e’tibor berilganida, jazo muqarrar bo‘lganida, bugun bir qiz o‘ldirib ketilmasdi.
O‘gay otasidan qochgan qizaloq
Men bu haqda juda ko‘p o‘qiyman va shu dard bilan yashayotganimni bilaman. Besh yashar qizaloq edim. Dadam bizni onam bilan tashlab ketdilar. Bu tuyg‘u bilan yashash juda qiyin edi. Yoshim 9 ga yetganda onam turmushga chiqdi. Ular uyda yo‘qliklarida o‘gay otam bilan yolg‘iz qolardim. U har doim menga hirs ko‘zi bilan qarar, tegajog‘liq qilar edi.
14 yoshdaman. Maktabdan qaytyapman. Ikki yigit meni mashinaga solib, olib ketishdi. Zo‘rlab, ko‘chaga tashlab ketishdi. Keyinchalik shu marazlarni topishdi, ular 28-30 yosh atrofida edi. Lekin ularni qamashmadi, chunki ulardan biri juda boy edi, uning pullari ko‘p narsalarni, jumladan mening hayotimni ham hal qildi…
Men hech qaysi oliy o‘quv yurtiga kira olmadim. Shu dard bilan yashayapman, hech kim bu haqda bilmaydi. Yoshim 33 da. Hali turmushga chiqmaganman.
Men o‘gay otamdan bezib uydan chiqib ketdim. Hech kim boshimdan o‘tkazganlarimni bilmaydi. Men shu dard bilan yashashga majburman. Kimdir menga xushomad qilib, yaqindan tanishmoqchi bo‘lsa, darrov qochaman. Shu insonga nisbatan katta nafrat uyg‘onadi. Hayotim shu tarzda yolg‘iz, bema’no, befayz o‘tmoqda. O‘z olamimda yashayman. Bu dardni hech kimga aytolmayman, qalbimni darddan forig‘ qilolmayman. Sizlarga yozyapman-u, bo‘g‘zimga nimadir tiqilgan…
Barno Sultonova tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter