O‘ktam Barnoyev va Karim Kamolovni saqlab qolish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilgandik — Prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroga qilgan tashrifi doirasida bugun viloyat faollari yig‘ilishida ishtirok etmoqda.
«Xabar.uz» muxbirining xabar berishicha, davlat rahbari majlis avvalida koronavirusdan vafot etgan hamyurtlarimiz, xususan, bosh vazir o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan O‘ktam Barnoyev va Buxoro viloyat hokimi vazifasini bajargan Karim Kamolovning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
— Bu kasallik, bu balo do‘stlarimizni, qadrdonlarimizni oramizdan olib ketdi. Barcha o‘tganlarni, shu jumladan O‘ktam Barnoyev va Karim Kamolovning yaqinlariga hamdardlik bildiraman. Ularni saqlab qolish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni bajarishga harakat qildik, ammo o‘lim haq...
2020 yil tibbiyotdagi kamchiliklarimizni ko‘rsatib qo‘ydi. Aholining sog‘ligiga mutlaqo boshqacha e’tibor berish uchun ko‘p ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Tibbiyotni boshqacha yo‘nalishda rivojlantirish uchun katta qarorlar qabul qilindi.
Har birimiz avvalo o‘z sog‘ligimizga befarq bo‘lmasligimiz lozim. Vazn kamaytirish, ovqatlanish madaniyati va jismoniy faollik barchamiz uchun juda muhim. Oddiygina piyoda yurish ham katta foyda keltiradi. Sog‘liqda sal muammo paydo bo‘ldimi, darhol tibbiyotning birlamchi bo‘g‘iniga murojaat qilishimiz kerak.
Bizga tibbiyot va dori-darmon faqat 10 foiz yordam berishi mumkin. Qolgan 90 foizi o‘zimizga, turmush tarzimiz, ovqatlanish madaniyati va jismoniy faolligimizga bog‘liq.
Hozir dunyo o‘zgarmoqda. Xaritadagi barcha davlat o‘z fuqarolarini saqlab qolishga intilyapti. Koronavirus balosi hali daf bo‘lmadi, oramizda yuribdi. O‘tib ketdi, deyishga hech kimning haqqi yo‘q. Yevropada chiqqan koronavirusning yangi turi tezlik bilan boshqa davlatlarga tarqalyapti, 34 ta mamlakatga o‘tdi. Bizga kelmaydi, deb kim kafolat bera oladi? Hech kim.
Shuning uchun extiyot bo‘laylik. Mana ikki qadrdonimizni yo‘qotdik. Ularni saqlab qolish uchun shaxsan o‘zim qancha harakat qildim, ammo bo‘lmadi. Shunday ekan, xushyorlikni qo‘ldan bermaylik. Ayniqsa, nuroniylarimizni asraylik, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter