Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ohangaronda fermer va bank mansabdorlariga nisbatan jinoiy ish ochildi

Ohangaronda fermer va bank mansabdorlariga nisbatan jinoiy ish ochildi

Foto: Xabar.uz

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda Ohangaron tumanida tekshiruv tadbirlari o‘tkazilgan.

2020 yilda tumandagi tijorat banklaridan biri hamda sut mahsulotlari yetishtirish va naslli mollarni ko‘paytirish bilan shug‘ullanuvchi «TQD» fermer xo‘jaligi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 18 foiz ustama to‘lash, shundan 3 foizini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan qoplab berish sharti bilan 5,5 mlrd. so‘m ajratilgan.

Mazkur mablag‘ hisobiga Avstriya davlatidan 194 bosh naslli, yirik shoxli chorva mollari olib kelinishida fermer xo‘jalik Prezidentning tegishli qaroriga asosan 843,4 mln. so‘mlik soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan xorijdan keltirilgan chorva mollari uchun 278 mln. so‘mlik subsidiya mablag‘i ajratilgan.

Ammo, fermer xo‘jalik mas’ullari bankka taqdim qilingan biznes rejada ko‘rsatilgan sut mahsulotlari yetishtirish va naslli mollarni ko‘paytirish bilan amalda shug‘ullanmasdan hamda nasldor qoramolni kamida 2 avlod olguncha saqlamasdan 98 bosh naslli, yirik shoxli chorva mollarini naqd pulga sotib yuborib, 2 mlrd. 833,3 mln. so‘mlik kredit mablag‘larini talon-toroj qilishgan.

Shuningdek, ajratilgan kredit mablag‘lari maqsadli sarflanishi yuzasidan bank mansabdor shaxslari tomonidan monitoring ishlari kerakli darajada olib borilmagan.

Hozirda holat yuzasidan fermer xo‘jalik va bank mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining bir qator moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring