O‘g‘lim kalima qaytaraylik degandi — olotlik ayol hikoyasi
![O‘g‘lim kalima qaytaraylik degandi — olotlik ayol hikoyasi](https://static.xabaruz.com/crop/2/9/720_460_95_2917475715.jpg)
2020-yil, 27-aprel. Bu kun yurtimizda eng yirik tabiiy ofatlardan biri ro‘y bergan kun sifatida hali ko‘p eslanadi. Xabar.uz muxbiri Buxoroning Olot va Qorako‘l tumanlarida bo‘ldi va ko‘plab yoshi ulug‘ odamlardan surishtirdi — bunaqa shamol ilgari bo‘lganini hech kim eslay olmadi. Agar uni shamol, deb atab bo‘lsa, albatta. Aslida bunaqa ofatga «bo‘ron» degan ta’rif ko‘proq mos keladi.
Olotlik Chinni Quvondiqova o‘sha bo‘ron boshlangan vaqtda o‘g‘li bilan birga ko‘chada edi. «Ishdan endi chiqqandim, o‘g‘lim mashinasida olib ketishga keldi. Soat kechki sakkizlarga yaqinlashib qolgandi. Ko‘chaga chiqsak, osmonni qop-qora bulut qoplab, shamol boshlanayotgan ekan. Avvaliga e’tibor bermadim, yomg‘ir yog‘ib, o‘tib ketsa kerak, deb o‘yladim», deya eslaydi o‘sha kunni Chinni opa.
Ammo ko‘p o‘tmasdan shamol tobora kuchayib, do‘l yog‘a boshlaydi. Sal turib shamol bo‘ronga aylanadi va osmonda shifer va tunuka bo‘laklari ucha boshlaydi. Bu yog‘i xuddi Gollivud filmlaridagidek edi, faqat bu filmning asosiy qahramonlari televizorda emas, o‘sha joyning o‘zida edi.
«Yo‘lda yurish borgan sari qiyinlashdi. Qulagan daraxtlar, shox-shabbalar oralatib o‘tib bordik. Shamol katta tunukani uchirib kelib, mashinaga urdi. Qattiq qo‘rqib ketdim», — deydi Chinni opa. Ammo bu hali hammas emas edi. Haqiqiy qo‘rquv, o‘lim hissi sal turib keldi. Yo‘l chetidagi simyog‘och sal qolsa Chinni opa va o‘g‘li ketayotgan mashinani bosib qolardi.
«Simyog‘och qulayotganini ko‘rdim. U bizning ustimizga tushadi, deb o‘yladim va boshimni egdim. Baxtimizga shunday yonimizga quladi, ammo bizga tegmadi. Shamolning oxiri ko‘rinmasdi. Shu vaqt o‘g‘lim: «Ona, endi kalima qaytarsak ham bo‘lar», — dedi. Ich-ichimdan qaltirab ketdim. «Bolajonim, o‘lmaymiz. Hech kim o‘lmasin, bu balolar ham o‘tib ketadi, Allohdan so‘raylik», — deb o‘g‘limni quchoqlab yig‘lab yubordim. Mashinani bir chetda qoldirdik va uyga amallab yetib oldik. Borsam, uyimiz ham bir ahvol bo‘lib turibdi. Yoshim oltmishga yaqinlashdi, ammo bunaqa ofatni shu vaqtgacha ko‘rmaganman.
Shamol bir soatcha davom etdi. Haqiqiy talofotni ertasi kuni bildik. Uylarning shiferi qolmagan, shamol shunaqa kuchli bo‘lganki, hovlimizdagi ayvonni tag-tubi bilan uchirib ketibdi. Uni ikki ko‘cha naridagi xonadondan topib kelishdi. Shiferlari qolmabdi, faqat temir ustun va to‘sinlarini qaytarib keldik. Shamol shunday zil-zambil narsani 400-500 metr nariga uchirib ketganiga nima deysiz?» — deydi Chinni Quvondiqova.
Bo‘rondan so‘ng Olot va Qorako‘lda 15 kun davomida elektr, tabiiy gaz va mobil aloqa bo‘lmadi. Hozir tabiiy ofat asoratlari deyarli qolmagan. Zarar yetgan barcha binolarda tiklash ishlari olib borildi. Hozirga qadar ham ta’mirlash ishlari to‘xtamagan.
Buxoro viloyat FVV matbuot xizmati Xabar.uz axborot-tahliliy portaliga tabiiy ofat oqibatlari va uni bartaraf etish ishlari tasvirlangan suratlarni taqdim etdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter