Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

OAV va mass-media vakillariga soliq imtiyozi berish taklif qilindi

OAV va mass-media vakillariga soliq imtiyozi berish taklif qilindi

Foto: «Protoday.uz»

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov o‘z telegram-kanalida shunday yozmoqda:

«Shu kunlarda Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy bankning qo‘shma qarori keng muhokama va bahslarga sabab bo‘lmoqda. Albatta soliqchilar doim budjetni to‘ldirish xayolida yuradi va bu ularning vazifasi. Lekin adolatli qaror qabul qilishda jamoatchilikning fikrini ham inobatga olgan holda ish tutish — bugungi O‘zbekiston borayotgan yo‘l. Shuning uchun ham barcha bilan bamaslahat ish yuritilsin, degan maqsadda regulation.gov.uz kabi portallar yo‘lga qo‘yilgan. Shunday ekan, ushbu qaror loyihasiga nisbatan keng jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan taklif va e’tirozlar, jumladan xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurash maqsadida qilinayotgan tizim aksincha xufiyona iqtisodiyotni kuchaytirib yuborishi mumkinligi haqidagi munosabatlar inobatga olinadi degan umiddamiz.

Bilmadim, pirovardida bu hujjat qabul qilinadimi yoki yo‘q, lekin bugun soliq mavzusi muhokama markaziga chiqqanidan foydalanib, mass-media sohasiga oid boshqa bir taklifni ilgari surmoqchiman.

COVID-19 pandemiyasi natijasida ko‘plab sohalar kabi ommaviy axborot vositalari ham moliyaviy muammolarga duch kelmoqda. Vaqt o‘tishi bilan bu muammolar kattalashsa kattalashadiki, lekin ijobiy tomonga o‘zgarishi dargumon. Mana shunday sharoitda ularni qo‘llab-quvvatlamasak, so‘z erkinligining tayanchi bo‘lgan ko‘plab OAVlar yopilib ketishi mumkin. Shunga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari hamda blogerlarga (bevosita blogerlik faoliyatida olgan daromadiga nisbatan) soliq imtiyozlari berishni taklif qilaman.

Ha, to‘g‘ri, oddiy kunlarda har qanday soliq imtiyozini aksariyat ekspertlar iqtisodiy nuqtai nazardan ma’qullashmaydi, bunga qarshi chiqishadi. Lekin butun dunyoda katta iqtisodiy inqiroz kutilayotgan bir davrda deyarli barcha davlatlar iqtisodiy tanglikka uchragan turli sohalarni qo‘llab-quvvatlayotganini ham unutmasligimiz kerak. Va men bugun alohida xavotir bilan ta’kidlamoqchimanki, mass-media sohasi ham ana shunday inqirozga uchramoqda.

Yangi O‘zbekistonning muhim va ajralmas qismi bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini saqlab qolish uchun birgalikda harakat qilishga barchani chorlab qolaman».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring