Norvegiya 3 yil davomida 20 mingdan ortiq suriyalik qochqinni qabul qildi
Norvegiya qirolligi Statistika markaziy byurosining 24-fevral kuni e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra so‘nggi 3 yilda mamlakat 22 ming nafar suriyalik qochqin va ularning oila a’zolarini qabul qilgan. Bu haqda TASS xabar bermoqda. Qirollikka kelayotgan migrantlar soni bo‘yicha ular polyaklar, shvedlar va litvaliklardan keyin 4-o‘rinni egallab turibdi.
Bu yerda gap faqat rasmiy ravishda qochqin maqomini olganlar haqida ketmoqda.
2013-yilda Norvegiya aholisi 5,3 millionga yaqinlashgani holda u yerda yashagan suriyaliklar soni 3,5 ming kishini tashkil qilgan. 2014 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich ikki baravar ortgan. Keyingi yili esa 2,5 baravar oshib, 19 minga yaqinlashgan.
Shu bilan birga Yevropadagi migratsiya inqirozining og‘ir davri nihoyasiga yetgach, Shengen zonasi davlatlari o‘rtasidagi chegara nazorati o‘rnatilganidan va Norvegiya qonunchiligi talablari og‘irlashtirilganidan so‘ng vaziyat o‘zgardi. Natijada 2016 yilda faqatgina 3 ming suriyalik Norvegiyaga kelib joylashdi, 2017 yilda ularga yana 4 ming kishi qo‘shildi.
So‘nggi ikki yil ichida muhojirlar soni asosan oilaviy immigratsiya va BMTning Suriyadan qochoqlarni ko‘chirish dasturi hisobiga oshmoqda. Norvegiya 2016 — 2019-yillarda 8 ming suriyalikni qabul qilishga va’da bergan.
2015-yilda Norvegiyaga 31 mingdan ortiq qochqin kelganidan so‘ng mamlakat hukumati immigratsiyani kamaytirishga qaratilgan qator tadbirlarni amalga oshirdi. Natijada Immigratsiya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra 2016 yilda Norvegiyadan boshpana olish uchun atigi 3460 ta, 2017-yilda esa 3550 ta ariza kelib tushgan. Migratsiya inqirozidan avval esa bu ko‘rsatkich yillar davomida yiliga 10 mingtadan kam bo‘lmagan.
2016 — 2017-yillar ko‘rsatkichi qirollik uchun 1997-yildan buyon eng past ko‘rsatkichdir, chunki o‘sha yili sobiq Yugoslaviya davlatlaridan minglab qochqinlarning Norvegiyaga yopirilishi ham hukumatni immigratsiya qonunchiligi talablarini sezilarli darajada kuchaytirishga majbur qilgan edi.
Suriya, Somali, Eritreya, Iroq va Afg‘onistondan kelgan muhojirlar Norvegiyada qochqin sifatida ro‘yxatdan o‘tganlarning eng katta guruhini tashkil qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter