Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nogironligi bo‘lgan ayollar USAID dasturi doirasida elektron tijoratni o‘rganmoqda

Nogironligi bo‘lgan ayollar USAID dasturi doirasida elektron tijoratni o‘rganmoqda

Foto: AQSh elchixonasi.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistondagi ijtimoiy zaif va nogironligi bo‘lgan ayollarni raqamli iqtisodiyotga jalb qilishga qaratilgan dasturni amalga oshira boshladi.

AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, dasturda Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridan 250 nafarga yaqin xotin-qiz ishtirok etib, elektron tijorat, ijtimoiy tarmoqlar marketingi (SMM) va reklama bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashadi. Bitiruvchilar dastur yakunida ishga joylashish va o‘z startap biznesini boshlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mazkur tashabbus O‘zbekiston hukumati qo‘llab-quvvatlovi, xususan, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamda Senatning xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi ko‘magida «Sharq ayoli” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

«Ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltirilgan investitsiyalar gender tengligini ta’minlash, kambag‘allikka barham berish va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun xizmat qiladi. Bunday dastur raqamlashtirishdagi gender tafovutini yo‘qotishga xizmat qilib, ayollarga ish topishda yordamlashadi hamda inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi», – deydi USAID missiyasi direktori vazifasini v.b. Luann Gronhovd.

Ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekiston elektron tijorat tarmog‘i shiddat bilan o‘sib, 2020 yilda olingan daromad salkam 500 million AQSh dollariga yetdi. Mamlakatda 27 million internet foydalanuvchisi borligi va yaqin bir necha yil davomida raqamli infratuzilmaga 2,5 milliar dollar miqdorida sarmoya kiritilishi ko‘zda tutilgan «Raqamli O‘zbekiston–2030» strategiyasining qabul qilinishi mazkur tarmoqning yanada rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratmoqda. Internet aholining ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlari, shu jumladan, ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun daromad olishning keng imkoniyatlarini yaratishi mumkin. Ammo elektron tijorat bilan shug‘ullanish yoki o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun ayollarga ko‘pincha malaka va mablag‘ yetishmaydi.

Qayd etilishicha, Elektron tijorat va raqamli kasblar akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan 45 kunlik masofaviy ta’lim kursining yakunida ikki sinov hududidan 200 nafar ijtimoiy zaif xotin-qiz va O‘zbekiston nogiron ishbilarmon ayollar milliy assotsiatsiyasidan 40 nafar ayol elektron tijoratda ishbilarmonlar va ko‘nikmaga ega bo‘lgan ishchilar sifatida qatnasha oladi. Ular keyinchalik o‘z onlayn do‘konini ishga tushirib, mahsulotini global va mahalliy platformalar orqali sotishi ham mumkin.

Loyiha USAIDning Agrobiznesni rivojlantirish dasturi Ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish tashabbusi doirasida amalga oshirilmoqda. 2022 yil may oyida xalqaro agentlik O‘zbekiston qishloq joylarida istiqomat qiluvchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 2,4 million dollar ajratgan edi. Bu borada hunarmandchilik korxonalari va yakka tartibdagi hunarmand ayollar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida biznes g‘oyalar tanlovi ham e’lon qilingan.

Xalqaro tuzilma ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashishga ham hissa qo‘shib keladi.

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring