Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Narxni tushirish uchun tannarxni pasaytirish kerak — Hokim

Narxni tushirish uchun tannarxni pasaytirish kerak — Hokim

Toshloq tuman Xalq deputatlarining navbatdagi kengashi oziq-ovqat xavfsizligi masalasiga bag‘ishlandi. Dastlab tuman hokimi Abduqahhor Jo‘raboyev ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida hisobot berib o‘tdi.

— Narx-navoni barqaror ushlash uchun mahsulotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri rastaga yetib borishi muhim. Shunga erishish uchun ko‘chma do‘konlarni o‘rnatish ishlarini olib boryapmiz.

Kimdir dalasida, yana kimdir esa uyida qoramol boqadi. U molini bozorga olib chiqib sotadi, dallol olib, qassobga sotadi. U keyin so‘yib, ulgurji narxda sotadi. Chakana savdoga yetib borgunga qadar mahsulot qo‘lma-qo‘l bo‘lib, narxi oshib ketadi. Ko‘chma do‘konlar o‘rnatilgan taqdirda fermerlar bozorga darhol mahsulot chiqarishi mumkin. Shuning ortidan narxni tushirishga erishmoqchimiz. Fermer 50 ming so‘mdan go‘sht sotsa ham, foyda oladi. Bozor talab va taklifdan kelib iborat.

Tumanda 51 ta MFY mavjud va ularning barchasida yengil konstruksiyali do‘konlar o‘rnatishni rejalashtirganmiz. Bu do‘konlarda go‘shtdan tashqari un, shakar va yog‘ ham sotiladi.

Ukrainadan arzon narxda shakar olib kelish bo‘yicha olib bordik. U yerdagi elchimiz orqali shakar ishlab chiqaruvchi korxona bilan bog‘landik. Hisob-kitoblarga ko‘ra, tadbirkorlarimiz Ukrainadan shakar olib kelib, 4 ming so‘mdan sotsa ham, daromad qilishi mumkin bo‘ladi, — dedi tuman hokimi.

Kengash davomida jurnalistlar Abduqahhor Jo‘raboyevga savol bilan murojaat qilishdi.

— Shakar narxini 4 ming so‘mga tushirishga so‘z berdingiz. Va’da qachon amalga oshadi?
— Bu bo‘yicha shartnoma qilingan, ayni vaqtda importni amalga oshiradigan tadbirkorlar tomonidan pul o‘tkazish boshlangan. Mahsulotni 10 kun ichida olib kelish imkoni bor. Elchixona orqali ukrainaliklar bilan muzokara o‘tkazganimizda, temir yo‘l orqali olib kelish uzoqqa cho‘zilishini ma’lum qilishdi. Shu sababli transportirovka yuk avtomobillari orqali amalga oshiriladi. Bunga 4-5 kun vaqt ketadi. Davlatimiz tomonidan bojxona borasida ham imtiyozlar berilgan. Shunday ekan, nari-berisi 10 kun ichida arzon shakar savdoga chiqariladi.

— Paxta klasterlari tomonidan chigitdan yog‘ ishlab chiqarish boshlangach narx tushishi aytilgan edi. Qachon narx tushadi?
— Hozirgi kunda chigitni qayta ishlash harakati boshlangan, korxona 1000 tonna chigitdan yog‘ olishga tayyor. Ammo gap shundaki, klasterlar ishlab chiqargan yog‘ni darhol savdoga chiqarishga haqqimiz yo‘q. Avval birjada kim oshdi savdosiga qo‘yilishi shart. Natijada tadbirkorlar narxni ko‘tarib yuboradi. Shu masalada taklif bilan chiqqandimki, yog‘ni darhol savdoga chiqarish kerak. Agar birja orqali emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish imkoniga ega bo‘lsak, bir litr yog‘ni 9 ming so‘mdan ham, 10 ming so‘mdan ham sotish mumkin.

Oziq-ovqat mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishni yo‘lga qo‘yish kerak. Birja orqali bo‘lsa ham insof bilan sotilsa, aholiga ancha foyda bo‘lar edi. Klasterlarga turli imkoniyatlar berildi, shunday ekan, endi u chiqargan mahsulotni qimmat narxda sotsak, to‘g‘ri bo‘ladimi? Biz mahsulotlarni arzon narxda sotishni yo‘lga qo‘yishimiz kerak.

Farg‘ona viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev:
Prezident oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha selektor yig‘ilishi o‘tkazgandan so‘ng eng avvalo hisob-kitob bilan shug‘ullandik. Ya’ni, hududlarning kuchli va kuchsiz tomonlarini o‘rgandik, o‘sish nuqtalarini aniqlashga harakat qildik. Masalan, So‘xda kartoshka, boshqa joyda esa guruch yaxshi yetishtiriladi. Shuningdek muammoli aniqlandi.

Toshloq misolida aytadigan bo‘lsak, chorvachilik sohasida tumanda 43 ta fermer xo‘jaligi bor va ularda 2534 bosh qoramol boqilishi lozim edi. Ammo ayni vaqtda 1094 ta mol borligi aniqlandi. Aytaylik, bitta fermer xo‘jaligida 300 bosh qoramol bo‘lishi kerak, ammo unda 30 ta bor xolos. Qaysidir fermerda chorva uchun lozim bo‘lganidan ortiqcha yer bo‘lsa, boshqasida yetishmovchilik mavjud. Biz taqsimotni to‘g‘ri amalga oshirishimiz lozim.

Sabzavot masalasini oladigan bo‘lsak, Toshloqda parranda 70 foiz, baliq esa 60 foizga ta’minlangan holos. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshloqda 30 ta baliqchilik xo‘jaliklarining faqat 30 foizida baliq boqilmoqda xolos.

Biz go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari narxini tushirmoqchi bo‘lsak, avvalo uning tannarxini pasaytirishimiz shart. Ayni vaqtda viloyatda Jahon banki tomonidan ajratilgan 50 million dollardan ortiq kredit mavjud. Biz bu mablag‘ni aynan kerakli sohaga yo‘naltirishimiz shart. Uzoq muddatli istiqbolda oziq-ovqat xavfsizligiga erishish uchun mahsulot tannarxini pasaytirib, ishlab chiqarishni ko‘tarish kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring