Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganda ikki haftada DXAning ikki filiali ochildi

Namanganda ikki haftada DXAning ikki filiali ochildi

Foto: DXA Namangan viloyat boshqarmasi matbuot xizmati

Namangan viloyatining Pop tumanida davlat xizmatlari markazi binosi birinchilardan bo‘lib foydalanishga topshirilgan.

Bu albatta, aholi va tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochish bilan birga shu yerlik fuqarolarning mushkulini oson bo‘lishiga xizmat qilib kelmoqda. Agentlikning galdagi vazifalaridan biri tuman markazdan olisda joylashgan hududlarda markaz filiallarni ochish orqali aholiga yanada qulayliklar yaratish bo‘lib, ana shu maqsadda tumandan uzoqlikdagi “Istiqilol” mahalla fuqarolar yig‘inida aholiga beminnat xizmat ko‘rsatish, ularning vaqtini tejash maqsadida yangi filial foydalanishga topshirildi. Mazkur filial tumanning tog‘li va bahavo maskani sanalgan Chodak qishlog‘i va unga yaqin bo‘lgan 11 ta MFYda istiqomad qiluvchi 32 ming nafarga yaqin aholiga 140 dan ortiq xizmatlarni ko‘rsatadi.

Tuman davlat xizmatlari markazining direktori Vohidjon Tolipovning ta’kidlashicha, filialning faoliyat boshlashi, markazdagi tirbandlikning oldini olish barobarida 60 kilometr uzoqlikda yashovchi aholining ortiqcha ovvoragarchiligiga barham beradi.

Avvallari fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida oyda ikki bor sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. Lekin, bu bilan aholini to‘laqonli qamrab olishning imkoni bo‘lmagan. Mana endi 12 ta MFY fuqarolari istalgan xizmatdan o‘zlarining mahallalaridagi filialda foydalanishlari mumkin.

Filial faoliyati yosh kelin-kuyovlarni ham mamnun etmay qolmadi. Ochilish kuni ikki yoshning nikoh tuzganlik haqidagi guvohnoma guvohlar va mehmonlar qarshisida tantanali topshirildi.

Ana shunday qulaylik, Uchqo‘rg‘on tumani “Qo‘g‘ay” MFYda yashovchi aholiga ham yaratib berildi. Qo‘g‘ay va yana 20 ta MFYga xizmat ko‘rsatish uchun o‘z eshiklarini ochgan filial 60 ming nafar fuqaroning uzog‘ini yaqin bo‘lishiga ko‘makdosh vazifasini o‘taydi.



Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring