Prezident maslahatchisi o‘rinbosari DXAga direktor etib tayinlandi
Ulug‘bek Islomovich Muhammadiyev Prezident qaroriga muvofiq Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori etib tayinlandi.
U.Muhammadiyev 1977-yil 23-fevralda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universiteti (tadbiqiy matematika va huquqshunoslik yo‘nalishlari), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (xalqaro munosabatlar yo‘nalishi)ni tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1999-yili O‘zbekiston Milliy universitetining o‘quv bo‘limi inspektori vazifasidan boshlagan. 2001-2008-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi kotibiyatida mas’ul lavozimlarda xizmat qilgan. 2008-2017-yillarda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining sudyasi sifatida faoliyat yuritgan.
2017-2018-yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati yetakchi inspektori, sho‘’ba mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘rinbosari lavozimlarida mehnat qilgan.
U. Muhammadiyev 2018-yil 26-avgustdan buyon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Oilali, to‘rt nafar farzandi bor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter