Mubashshir Ahmad: «Tegma, kuyasan!» yoki siyosat va biz
Xalqimiz siyosatga aralashishdan qo‘rqsa-da, lekin baribir unga qiziqadi. Xos davralar va do‘stlar orasida siyosiy mavzuda suhbat qurishlar, kundalik xabarlardan ogoh bo‘lib, ularni muhokama qilishlar fikrimizga dalil bo‘ladi. Bu holat e’tiborga molik ikki ishga dalolat qiladi:
Birinchisi, yuqorida aytganimizdek, xalqimiz baribir siyosatga qiziqadi. Bu ong, saviya yaxshi ekanini va kelajakdan umid borligini ko‘rsatadi. Chunki millatning tirik ekani alomatlaridan biri muammolar qarshisida siyosatchi va hokimlari yakka qolib ketmagani hisoblanadi. Balki mayda masalalar yechimida ham xalqning turli qatlamlari faol ishtirok etadi. Qadimdan dinimiz islom xoh yaxshi bo‘lsin, xoh yomon, jamiyatda kechayotgan jarayonlarga e’tibor qaratishni bizlarga o‘rgatgan. Nasihat va hamkorlik asosida ijtimoiy tizim qurishda bir birimizni qo‘llash kerakligini ta’lim bergan. Bu to‘g‘rida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Sizlardan kim biror munkar ishni ko‘rsa, bas uni qo‘li bilan to‘g‘rilasin. Agar unga unga kuchi yetmasa tili bilan (inkor qilsin). Agar bunga ham kuchi yetmasa, uni qalbi bilan (o‘zgartirsin). Bu iymonning eng zaifidir», dedilar (Imom Muslim va Imom Ahmad).
Fuqaroning o‘z yurti muammolariga beparvo emasligi — uning bir bo‘lagi ekanini hamda o‘z baxti va baxtsizligi barcha fuqarolar baxti va baxtsizligi ekanini his etishiga dalolat qiladi. Bu ma’noga Payg‘ambarimiz ishora qilib bunday deydilar: «Kim musulmonlar ishiga g‘am chekmasa, ulardan emasdir» (Hokim va Tabaroniy).
Ikkinchisi, siyosiy ongimiz hali pishib yetilmagan. Mamlakat manfaat oladigan darajada tartibli fikrlamaymiz. Mohiyati bir ikki hodisaga ikki xil munosabat bildirishimiz mumkin darajadamiz. Mamlakat xabar va hodisalarini kuzatishning o‘zi yetarli emas. Balki tanqid, malomat, qo‘llash va muxolifat bo‘lishdagi chegarani bilish ham kerak. Siyosat eshiklarini bilmaydigan, vaziyat, hodisalar o‘zani va jarayonini tushunmaydiganlar o‘zini hamma siyosatchilardan ham farosatliroq deb bilgan va unga fikr, ovoz va faoliyat bilan aralashgan paytda haqiqiy qiyomat qo‘padi. Inqiroz, inqilob va musibatlarning boshi ayni shu holat hisoblanadi.
Endi bir o‘ylab ko‘raylik. Biz hamma ishni o‘zimiz qila olmaymiz. Hamma hojatlarimizni o‘zimiz ravo eta olmaymiz. Masalan, kiyimimizni tikishni tikuvchiga, uyimizni qurishni ustaga, ovqatlarimizni pishirishni xotinlarimizga topshiramiz. Tikish ishlarini bilmaganimizdan keyin tikuvchilik qilishga haqqimiz yo‘q. Handasa va boshqa hunarlarni tushunmay turib binokor ustaga e’tiroz bildirishimiz insofdan emas. Og‘zimizning ta’mini ham bilmaydigan biz, ovqatning ta’mini muhokama qilamiz.
Agar bundan ham ortig‘iga o‘tadigan bo‘lsak, birimiz shunday da’voda: yurtimiz tikuvchilari nina ushlashni ham bilmaydi, shifokorlari xastani o‘limga sudraydi, binokorlar bino buzadi, xolos va ayollari faqat mag‘zava pishiradi. Mamlakatning yagona tikuvchisi, yolg‘iz binokori, mohir shifokori va qo‘li shirin oshpazi faqat o‘zi.
Lekin aqli bor hech kim yuqoridagi da’volarni qilmaydi. Har kasb va san’atning o‘z egasi borligini e’tirof qiladi. «Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin» maqolini sevadi va unga amal qiladi. Biror ishda bahslashib qolsa tajriba egasiga murojaat qiladi. Savdogarlar kelisholmay qolsa tijorat ustalarini hakam qiladi. Biror narsani tushunmay qolsa biluvchidan so‘raydi. Lekin ikki soha borki, bunda hammamiz bilim, tajriba va tushunchaga egalikni da’vo qilamiz. Vaholanki ular juda ham nozik va xatarli soha bo‘lib, ularni din va siyosat deb ataladi.
Dinga kelsak, hammamiz dinni mukammal fahmlash gumonida. Shariat ulamo va fuqaholaridan ham olimroq degan da’voda. Buni ikki toifa odamda yanada ravshanroq ko‘ramiz: dindorlardan johillari va dinsizlardan johillari. Ular Allohning nomidan fatvo berishga jur’atli bo‘lib, shariatdan xabari bo‘lmagani holda bemalol halolni harom, haromni halol qilishadi. Ular haqiqat ustiga ham jur’at qilishadi va din deb havoi nafslariga muvofiq, mayl va istaklariga to‘g‘ri keladigan narsalarni tushunishadi. Shu sabab dindor johillar o‘rtasida turli bid’at va xurofotlar tarqasa, johil liberallar o‘rtasida mutlaq erkinlik, din va uning nizomlaridan chekinish keng yoyiladi. Agar ular va bular hamma narsaning chegarasini va har ilmning usulini bilganlarida edi, bilgan narsalarida shariat chegarasida to‘xtagan va bilmagan narsalarida Allohning dinini biladigan ulamolardan so‘ragan bo‘lar edilar. Shunda jamiyat ishi to‘g‘ri bo‘lgan va odamlar hayoti tartibga tushgan bo‘lar edi. Harom ishlar halol bo‘lmagan va pokiza narsalar harom qilinmagan, din nomidan qonlar to‘kilib, qarindoshlik aloqalari uzilmagan bo‘lardi. Din bularning hammasidan pokdir.
Siyosat bo‘lsa, bizlarning har birimiz bu borada boshqalardan ko‘ra yaxshiroq tushunchaga ekanimizni va uning to‘g‘ri yo‘nalishlarini boshqalardan ko‘ra yaxshiroq idrok etishni da’vo qilamiz. So‘ng o‘zimizga siyosat borasidagi qarashlarimizda hech qachon xato qilmaydigan avliyolik maqomini berib olamiz («men aytmaganmidim», «buni allaqachon sezgandim», «surish kerak» deya faxrlanishu aqllilik qilishlar bunga misol). Va, bil’aks, boshqalarga siyosat fanlarida hech qachon to‘g‘ri tushunchaga ega bo‘lmaydigan no‘noq va johil yorliqlarini yopishtiramiz. Qaniydi muammo shu bilan tugaganda edi. Balki bundan keyin niyatlarga tuhmat qilish, maqsadlarni taftish etish va uslubni ayblash ishlari boshlab yuboriladi. Siyosatda bizga teskari fikrga ega bo‘lgan hamma xoin. Hukmda bizga muxolif bo‘lgan hamma poraxo‘r va o‘g‘ri. Rost, siyosiy tushunchalar va to‘g‘ri axloqiy qadriyatlar mana shunday ravishda qo‘ldan berildi. Bu bilan vatan tuprog‘ida shakkoklik urug‘lari ekildi. Shundan xalq siyosatchiga ishonmayapti, siyosatchi bo‘lsa, xalqni hurmat qilmayapti.
Siyosiy va ijtimoiy axloqimizdagi bunday xatarli buzilish sabablaridan biri ko‘pgina siyosatchilarning haqiqat va to‘g‘rilik asoslaridan uzoqlashib ketishgani, muxolifat resurslarining tanqidda va hukumatparast toifalarning maddohlikda haddan oshishlari ekanini inkor qilmayman. Bularning barchasining biz ko‘rib turganimiz qarorlarimizdagi o‘zdan ketish va g‘ururga berilishda va boshqalarga nisbatan munosabatlarimizda katta ta’siri bor. Lekin bu jamiyatning siyosatga nisbatan buzuq tushunchalaridan paydo bo‘ladigan mas’uliyatdan soqit qila olmaydi. Agar jamiyat sog‘lom tushunchaga ega bo‘lganida aldamchi targ‘ibotlar va to‘qima yolg‘onlardan ta’sirlanmagan bo‘lardi. Tuhmat egalaridan da’volariga dalil talab qilar edi. To‘g‘ri tushunchaga ega bo‘lgan jamiyatlarda ham umumiy masalalarda ziddiyat tugamaydi. Lekin ularning ixtilofi ko‘proq haqiqatga yondashuv bilan, millatning oliy manfaatlariga ko‘proq sadoqat bilan bo‘ladi. Masalan, rivojlangan mamlakatlarda partiyalar turlicha dasturlarga va siyosatchilar qarama-qarshi fikrlarga ega bo‘lishadi. Lekin shu bilan birga ular o‘zlaridan boshqalarning qarashlarini hurmat qilishadi, birlari boshqalarining qarashlariga ham o‘rin qoldirishadi. Hatto bitta partiyaga a’zo kishilar o‘rtasida fikrlar farqlanadi, qarashlar qarama-qarshi bo‘ladi. Lekin ish reja va dasturni to‘g‘ri o‘zanga solib yuborishdagi harakatlardan tashqariga chiqmaydi. Garchi hamma bir xil qarorga kelmasa-da, lekin ko‘pchilik bir fikr ostida jamlana oladi va kamchilik ularga muxolif bo‘lib, so‘ng yo‘lda birgalikda davom etadi.
Bu to‘g‘rida islomning ta’limot va dasturi ham shunday. Islom ham so‘zimiz bir bo‘lishiga buyuradi: «Barchangiz Allohning ipini mahkam tuting va bo‘linib ketmang» (Oli Imron surasi, 103-oyat). Agar ijtihodiy bir ishda qarashlar farqlansa, jamoat bilan birga bo‘lish farz bo‘ladi: «Allohning qo‘li jamoat ustida bo‘ladi. Kim ajrab olsa, do‘zaxga ajratiladi» (Imom Termiziy). Kishi bir narsani bilmasa va bilishni xohlasa, ahli ilmdan so‘rashi kerakligini Islom uqtiradi: «Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr (ilm) ahllaridan so‘rangiz» (Nahl surasi, 43-oyat). Gumonga ergashgan, naql yo hukm qiladigan narsalarini aniqlab olmaydiganlarni ayblaydi: «Sen: «Sizning huzuringizda bizga chiqarib ko‘rsatadigan biron ilm-hujjat bormi? Sizlar faqat gumonga ergashmoqdasiz va sizlar faqat yolg‘on gapirmoqdasiz» – deb ayt» (An’om surasi, 148-oyat). Yomon so‘zlarni eshitib, haqiqatiga yetmay ularni tarqatadiganlar va yaxshi gumon va odamlarga ayb taqashda isbot bilan gapirishga qaramaydiganlar uchun Qur’oni karim Ifk voqeasida qattiq ogohlantirish berdi: «Uni eshitgan chog‘ingizda: «Bizga buni gapirmog‘imiz to‘g‘ri kelmaydi. Sen O‘zing poksan! Bu katta bo‘htondir!» desangiz bo‘lmasmidi?! Agar mo‘min bo‘lsangiz hargiz u (ifk)ka o‘xshash narsaga qaytmasligingizni Alloh sizga nasihat qilur» (Nur surasi, 16-17-oyatlar).
Payg‘ambarimiz «Uch narsa halok qiluvchilardandir: Haddan ortiq baxillik, ergashiladigan havoi nafs va ko‘rish egasi o‘z ko‘rishiga mahliyo bo‘lishi», dedilar (Tabaroniy). Allohning Rasuli to‘g‘ri aytadilar. Shaxs yoki jamiyatni nafsni ishg‘ol qilgan baxillikchalik, insonning odamlarga munosabati va qo‘shnilarga aloqasida hukmronlik qiladigan havoi nafschalik va o‘zining qarash hamda ko‘rishlaridan hayratda qolishchalik biror narsa halok qila olmaydi. Ayniqsa, o‘zidan hayratlanish illati johilning olimga, yoshning kattaga va shaxsning jamiyatga ergashmasligiga olib keldi. Birov boshqaning mantig‘i yo hujjatini tan olmayapti. Bu boshqalarnikini rad etib, o‘zining qarashlarini mahkam ushlab olishdan va unga ko‘rishini to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatib beradigan yo‘llarni to‘sadigan o‘z qarashiga mahliyo bo‘lishdan paydo bo‘lmoqda. Hozir biz tushib ketayotgan chuqur shu emasmi? Bizning ijtimoiy va siyosiy hayotimizda o‘zaro ishonchning yo‘qolib borishi va beqarorlikning yuzaga chiqishiga shu illat bois bo‘lmayapti?
Birodarim! Mamlakatimizda sodir bo‘layotgan jarayonlarni uyg‘oqlik va hushyorlik bilan kuzatib borishingiz vojib. Bu Vatan sizning vataningiz! Agar uning ahvoli yaxshilanib gullab-yashnasa, gurkirasa bu sizga yaxshi degani. Farzandlaringiz, nabiralaringiz kelajagi degani. Unga Alloh saqlasin, o‘t ketsa, uyingizni, farzandingiz, ayolingiz va mol-dunyongizni yondiradi. Shuning uchun voqealar rivojini kuzatishda uyg‘oq bo‘ling! Unga nisbatan hukm chiqarishda muvozanatli va adolatli bo‘ling! Chuqur fikrlab va mantiqqa ergashib chiqargan xulosa-haqiqatingizni mahkam tuting, birov bilan murosaga bormang! Uni hikmat va go‘zal nasihat bilan himoya qiling!
Yaxshilab tekshirganingiz ish noto‘g‘ri ekani ma’lum bo‘lgandan keyin ehtiyot bo‘ling! U buzish va bo‘lishga sababchi bo‘lib qolmasin! Xato qilib qo‘yishdan saqlaning! Umuman, gapirganda odob va hujjat bilan gapiring! So‘kinmang va ayb qidirmang!
Haq bilan botil aniq bo‘lmay ikkilangan ishlaringizda aqlidan rozi bo‘laganingiz, farosatiga ishonganingiz va qalbidagi fazilatlariga xotirjam bo‘lganingiz tajriba egalari bilan maslahat qiling! Ularga dalilini bilmaydigan masala va vaziyatlarda sakramang! G‘urur johil ekanini bilishdan to‘sib qo‘ygan mag‘rurning ishini qilmang! Chunki bundaylar odamlarning eng johil va eng ahmog‘i bo‘ladi.
Yurt hodisalari va millat muammolari to‘g‘risida munosabatingiz shunday bo‘lishi kerak. Bizga buni buyuk muallim — Muhammad solallohu alayhi vasallam quyidagilarni aytayotganlarida yo‘l qilib berganlar: «Ishlar uchta bo‘ladi: 1. To‘g‘riligi senga ma’lum bo‘lgan. Bunga ergash. 2. Adashuv ekani senga ma’lum bo‘lgan. Bundan saqlan. 3. Ixtilofli bo‘lgan ish. Buni olimga ro‘baro‘ qil!» («Al-Kabir»).
(Manba: Azon.uz)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter