Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muammo aniq, mas’ullar tayin, ammo nega natija yo‘q?

Muammo aniq, mas’ullar tayin, ammo nega natija yo‘q?

Foto: «Xabar.uz»

Qibrayning «Yetakchi-3» ko‘chasida yashovchi aholi murojaati hal bo‘lmayapti

Mamlakatdagi o‘zgarishlar, olib borilayotgan islohotlarga soya soladigan bir to‘siq bor — bu joylardagi rahbarlarning ba’zida loqaydligi, ba’zida esa e’tiborsizligi sabab aholining sarson-sargardon bo‘lib qolishi, garchi yechimi murakkab bo‘lmasa-da, muammolari hal bo‘lmay qolib ketayotganidir.

Xabaringiz bor, 2017 yil «qishloq joylarida aholi uchun munosib hayot sharoitlarini yaratish, shuningdek, islohotlarni amalga oshirishda fuqarolarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish» uchun «Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori chiqqan edi.

Endi hududlar sektorlarga bo‘lingan, sektorlarga esa hududning mansabdor shaxslari (hokim, prokuror, IIB boshlig‘i, DSQ raisi)ga biriktirib qo‘yilgan, ularning ustidan ham nazorat to vazirlargacha borgan. Bir qaraganda, bu tizim hamma muammoni hal qilib tashlaydigandek, ammo…

Tahririyatimizga Toshkent viloyati Qibray tumani «Olmazor» MFYga qarashli «Yetakchi-3» ko‘chasida yashovchi fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Biz yuqoridagi gaplarni bekorga aytib o‘tmadik, nainki bu murojaat saytimizgacha yetib kelmasligi kerak edi. Axir tizim bor, mas’ullar belgilangan, biroq natijaga kelganda bunday deya olmaymiz.

«Yetakchi-3» ko‘chasida yashovchi fuqarolar o‘z ishlari bilan xotirjam shug‘ullanishlari o‘rniga bu mas’uldan unisiga ariza ko‘tarib sillasi qurigan. Tuman hokimligi, sektor rahbarlari va mahallaga qilgan murojaatlari tayinli javobsiz va ijrosiz qolib ketavergan.

Bu yerda har bir xonadon ikkinchi ko‘chadan elektr energiyasini boshqa xonadon orqali ulagan. Bu o‘z navbatida qiyinchiliklar keltirib chiqarmoqda. Murojaatchilar ko‘p narsa talab qilishgani yo‘q. Shunchaki alohida elektr liniyasini ko‘chasiga tushirib berishsa, bas.

Fuqarolar «Hududiy elektr tarmoqlari» AJga murojaat qilmagan deb o‘ylaysizmi, qilgan, ammo natija yo‘q. Shu yilning 16 iyunida qilingan murojaat xatiga javoban  Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 20 fevraldagi 54-sonli bayonnomasining tegishli bandlarida yakka tartibda uy-joy qurilishi yangi massivlarida zarur muhandislik kommunikatsiyalari bilan ta’minlash, jumladan, elektr energiyasi ta’minoti mahalliy hokimiyat tashabbusi asosida, budjet mablag‘lari hisobiga amalga oshirish ko‘zda tutilganligi aytilgan. Hokimlik esa «Yetakchi-3» fuqarolarining murojaatlariga e’tibor bermayotir.

Gaz bilan bog‘liq muammo xuddi elektr muammosi kabi bir xil. Har bir xonadon ikkinchi ko‘chadan gazni boshqa xonadon orqali ulagan. Yozda-ku uncha sezilmas, ammo qishda gaz pasayib ketib, qiyinchiliklar tug‘diradi. Muddao aniq: «Yetakchi-3»ga alohida liniyada gaz tortish kerak. Axir ular ham gazga boshqalar bilan bir xil narxda pul to‘lamoqdalar. Bu bo‘yicha «Qibraytumangaz» gaz ta’minoti bo‘limiga murojaat qilishgan. Ular esa vaziyatdan juda oson chiqib ketishgan. Hokimiyat pul ajratsa, masala hal, «Qibraytumangaz» GTB payvandchilar ajratib, turbalar tushirib beradi. Hamma gap yana hokimiyatga borib qolyapti, negadir.

Bu hammasi emas! Obodonlashtirishdan ajratilgan chiqindi tashish mashinasi butun mahallaga xizmat ko‘rsatsa-yu, sizning ko‘changizga kelganda kirmasa… «Yetakchi-3»liklar xuddi shunday ahvolda. Ularning murojaatiga «Toza hudud» davlat unitar korxonasi ko‘chaning yo‘li abgorligini vaj qilib, mashina «Yetakchi-3»ga kirolmasligini bildirgan. 

Yo‘llarning sozlik darajasi yillar davomida og‘riqli muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. «Ko‘chamizga qarama-qarshi bo‘lgan bog‘ tomonda terak ko‘chatlari ekilgan. Ko‘chatlar va aholi uylari o‘rtasidagi masofa juda qisqa. Biror mashina kirsa, qaytib chiqib ketolmaydi», deydi murojaatchi fuqaro. Yo‘lni kengaytirish va ta’mirlashga ham hokimiyatning tashabbusi kerak.

«Ko‘chamizning holati qoniqarsiz. Uni obod qilish bizning vazifamiz va biz uning doimiy ozoda bo‘lishini istaymiz. Ammo ko‘chamizdagi bog‘ga boshqa ko‘chadan chorva mollari olib kelib boqiladi. Bog‘ chorvachilik uchunmi yoki bog‘dorchilik uchunmi? Biz qarshi emasmiz, ammo tor ko‘chamiz yanada torlashib harakatlanishimizga halaqit bermoqda. Bu bo‘yicha mahalla raisiga murojaat qildik, ammo rais ushbu murojaatni o‘rganish o‘rniga bizning (murojaatchilar) shaxsiyatimizga e’tiroz bildirdi. Kimga murojaat qilishniyam bilmaymiz», deydi «Yetakchi»liklar.

Ma’muriyat tizimli va tarmoqli ishlaydi. «Yetakchi»liklar boshlang‘ich organlarga ham, undan yuqoridagilariga ham chiqib ko‘rishdi. Hududga mas’ul Qibray tumani 4-sektor rahbari Sh.Xolmatovga qilingan murojaatlar esa shunchaki unutilib yuborilmoqda, xolos. Sektor rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorini to‘liq o‘qib chiqqan, hukumatning xalqchil siyosatiga xayrixoh degan yaxshi gumondamiz, ammo negadir «Yetakchi-3» ko‘chasidagi fuqarolarning murojaati natijasi bunga «yopishmay» qolyapti.

«Xalq bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi», — degan edi Prezidentimiz. Davlat rahbarining o‘zi hammasiga ulgurishi qiyin, ammo xalqni eshitish, muammolarini hal qilish uchun mas’ullarni biriktirib qo‘ygan. Bunday xalqchil islohotlar amalda ko‘rinmagach, «Yetakchi»liklarga o‘xshagan muammoga duchor va muammolari hal bo‘lmayotgan yurtdoshlarimiz hukumatdan rozi bo‘ladimi? Muammolar aniq, mas’ullar tayin, ammo nega natija yo‘q?

Toshkent viloyati hokimi D.Hidoyatov, Qibray tumani hokimi M.Mirqasimov, Qibray tumani 4-sektor rahbari Sh.Xolmatov holatga e’tibor qarashsa, olam guliston bo‘ladi.  Umid qilamizki, yaqin orada «Yetakchi-3» ko‘chasidagi ushbu muammolar hal bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring