Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mensiz o‘tgan yillari uchun farzandlarimdan kechirim so‘rayman

Mensiz o‘tgan yillari uchun farzandlarimdan kechirim so‘rayman

Xorijga ketib ishlayotgan onalarning sog‘inchlari ba’zan ijtimoiy tarmoqlarga-da sig‘may ketadi...

Bir singlimiz yozibdilar: «opa Turkiyaga qarindosh-urug‘, tanish-bilish orqali ketganmisiz, nima ish qilasiz, maoshlar qanaqa va h.k»

Ora-orada bunaqa savollar bo‘lib turadi. Bugun shu mavzu haqida biroz yozmoqchiman. To‘rt yil oldin kelganman Istanbulga. 2018 yil bahorda. O‘sha paytlar qarzga kirgandim uncha-muncha. Bozorda savdo-sotiq bilan shug‘ullanganlar uchun yangilik emas bu. Yaxshi savdo bo‘ladigan mavsumlar bor, o‘lik mavsumlar bor. Xullas, ortiq bunaqa davom etishidan charchagan edim. Ijara uyda ikki o‘g‘lim bilan qiynalib qoldim. Erim 8 yil oldin vafot etgandi. Mendan 3-4 baravar kuchli savdogarlar ham ishini tashlab Turkiyaga, Rossiyaga ishga ketib qolganlarini ko‘p eshitardim. Bitta shunaqa yaqin opaxonim ketdi o‘sha paytlar.

Men turkchani bilganim uchun O‘zbekistondan turib vatsap orqali ish beruvchilar orasida tarjimonlik qildim. Keyin o‘yladim turkchani bilaman, men ham borib ko‘rsammikan? Va bir qarorga kelib ketishga hozirlik ko‘ra boshladim. Katta o‘g‘lim 18 yoshda, kichik o‘g‘lim 12 yosh. Katta o‘g‘limni qaynopam bilan qaynonamga, kichik o‘g‘limni onamga tashlab ketadigan bo‘ldim. Viza ishlari bitgandan keyin chipta oldim. Ketadigan kunim kechagidek yodimda. Avval qaynonamnikiga katta o‘g‘limni tashlab, kichkina o‘g‘limni olib Toshkentga onamnikiga ketishim kerak edi. Bir necha kundan keyin uchishim kerak. Kechqurun mashinaga minar chog‘imda hamma uydagilar kuzatib chiqishdi. Qaynopalarim, farzandlari, qaynonam va o‘g‘lim...

Hamma bilan bir-bir xayrlashdim. Faqat o‘g‘lim qoldi. Yuklarimni joylashtirayotgan edim. Haydovchi yigit shoshiltirdi: «opa iloji bo‘lsa tezroq, yana bitta yo‘lovchim bor hali,uniyam olishim kerak», deb. Faqat o‘g‘lim bilan hali xayrlashmagandim, yuragim shunchalik dov bermayotgandiki xayrlashishga! Yig‘lab yuborishimni bilardim va shu holatda eslab qolishini istamasdim. Kichik o‘g‘lim akasi bilan xayrlashib allaqachon joylashib olgandi. Katta o‘g‘lim yuklarni joylashtirib bo‘lib menga yuzlandi: «Oyi men bilan xayrlashmaysizmi?».

Ovozi juda sekin titrab chiqdi. Ichimda bir narsa uzilib ketgandek bo‘ldi. Chidolmadim o‘g‘limni qattiq quchoqlab yig‘lab yubordim: «Bo‘ylaringdan bolam! Ko‘ryapsan-ku, hech ilojim qolmadi. Sendan faqat bir iltimosim bor. Meni va o‘zingni, yuzingni qizartiradigan ish qilma bolam, seni juda yaxshi ko‘raman!»

Butun yo‘l bo‘yi yig‘lab keldim. Necha martalab haydovchiga qarab to‘xtating, men tushib qolaman, bolamni tashlab ketolmayman degim keldi. Agar yolg‘iz bo‘lsam o‘kirib yig‘lashim tayin edi. Bolang 18 ga kirgan bo‘lsayam ona yuragi uchun farqi yo‘q ekan. Ichimda bir to‘fon bor edi. Nega? Nega Allohim? Nega bunday hayotni yashashi kerak mening bolalarim? Nega kelib-kelib meni chekimga tushadi shunaqa kunlar? Birpasdan keyin yana kechirim so‘rardim. Kechir Allohim, men noshukr bandangni kechir! Isyon qilmayapman. O‘zingga shukr, ishonchli yerda-ku, ko‘zim orqada qolmaydi. Ammalari mendan ham yaxshi qaraydi,  deb o‘zimga taskin berardim.

Ertalab manzilga yetib keldik. Bir haftadan keyin uchishim kerak. Oldinda yana bir sinov turibdi, kichik o‘g‘lim bilan vidolashmoq. Bir hafta diydoriga to‘yib olishim kerak. Rosa Chirchiqni aylandik ikkalamiz. Istanbuldagi tanishlarnikiga quruq ketmaslik uchun u yoqda yo‘q narsalardan  oldim. Xullas kutilgan kun keldi. Kuzatgani oyim va o‘g‘lim kelishdi. Yana xayrlashuv onlari.

Navbat o‘g‘limga kelganda yana chidolmadim, quchoqlab yig‘lay boshladim: «Bolam men joylashib olgandan keyin albatta seni olib ketaman, buvingni xafa qilmasdan aytganlarini qil, seni juda yaxshi ko‘raman va albatta olib ketaman!».

O‘g‘lim qo‘rqqanimdek yig‘lamadi. «Xavotir olmang oyi, buvim bilanma-ku», dedi. Bu menga shunaqa kuch bergandiki o‘shanda. Turmush qiyinchiliklari bolamni ulg‘aytirib qo‘ygandi. O‘zimni aqlli bolam, deb yuzlaridan o‘pib mashinaga o‘tirdim. Mashina qo‘zg‘alganda o‘g‘lim bir qarash qildiki menga, bu nigohlar bir umr xotiramda muhrlanib qoldi. Mung, sog‘inch, ikkilanish, sarosima aralash bir nigoh...

Katta o‘g‘limning «Oyi men bilan xayrlashmaysizmi?», degan titroq ovozini va kichik o‘g‘limning qarashini ularni Istanbulga olib kelganimdan keyin ham hech qachon xotiramdan ketmadi va hech qachon ketmasa ham kerak...

Bularni bekorga eslamadim. Endi go‘zal opa-singillarimga savolim, siz bularni bolalaringizga ravo ko‘rishga tayyormisiz? O‘zingiz yillab o‘zga yurtlarda bolalarni sog‘inib o‘rtanib yashashgachi? Turkiyada ishlayotganlar aytsin, eng tinch va haliyam imkonini topib ishlab, yashasa bo‘ladigan mamlakatlardan biri O‘zbekiston. Bu yerda – Turkiyada shunchalik ko‘p muhojir borki. Urushdan qochgani qaysi, hatto ovqatni ikki kunda bir marta topib yegan mamlakat fuqarolari bor, o‘zlaridan o‘z qulog‘im bilan eshitganman. Ketmasa o‘lishi muqarrarligini bilgani uchun chorasizlikdan Vatanini tashlab kelishga majbur bo‘lganlar bor.

Turkiyada bir yil ichida dollar 870-900 liradan 1800 liragacha oshib, narxlar hech kutilmagan bir shaklda ko‘tarilib maoshlar tushib ketdi. Eng kam ish haqi 5500 lira, bu 300$ bo‘ladi. Ba’zi joylarda yanayam kam beradi. O‘zbeklar ko‘p yashab, ishlaydigan Laleli, Merter taraflarda haftalik 100 $ dan ishning og‘ir yengiliga qarab 150 $ gacha beradigan joylar bor. Lekin 3-4 kishi uy tutib yashasa ham, kommunal to‘lovlar, yemoq-ichmoq xarajatlari bor. Izn olish qiyin bo‘lib  ketgan.

Ko‘p tumanlarni, ko‘chalarni yurt tashqarisidan kelganlarga yopishdi. Ro‘yxatdan o‘tkazmaslik uchun. Boquvchi ishlari bor. Qariyalarga, yosh bolalarga, yotoq xastalarga va hokazo. Maoshlari o‘rtacha 7000 liradan boshlanadi. Lekin boquvchilikning mashaqqatiga chidash ham, bir begona oilaga ko‘nikish (yana boshqa bir mamlakatda) oson emas. Axir hozir o‘zimizda ham enaga va boquvchi ishlari eng kam 3 000 000 so‘mdan boshlanyapti, e’lonlarni ko‘ryapman. Juda qiynalgan, ketishdan boshqa xech yo‘li qolmay nochor qolganlarni tushunaman. Chunki ular qiyin bo‘lsa ham eplab ketishadi majburlikdan. Lekin O‘zbekistonda eng kam 250-300 $ ga yaqin maosh olayotgan biror ayolga bolalarining ko‘z yoshini oqizib, sog‘inch domiga tashlab kelishni maslahat bermayman.

Ishoning hech arzimaydi bunga. Bolalarga ishonchli joy bo‘lmasa-ku aslo tashlab kelmang, deyman. Axir bola bir marta bolaligini yashaydi. Hozir katta o‘g‘lim 22 yoshd, hali oyi u  qayerda bu qayerda deb yuradi. Hali onaga ehtiyoji bor. Ona bolaga eng kerakli narsani mehrni beradi. Boshqa hech kimning mehri ona mehrini bosolmaydi. Shuning uchun uzoqlarga ishga ketishdan oldin yaxshilab o‘ylab mulohaza qiling. Juda tang ahvolda qolganda va bolalaringizga sizning o‘rningizga sizday qaray oladigan ishonchli inson bo‘lgandagina tashlab keling. Bu maslahat ham, nasihat ham emas, uzoqlarda bolalarning sog‘inchidan ancha vaqt jigari poralanib, uzun tunlarni yig‘lab tongga ulagan bir ayol iltimosi...

Sohiba Qosimxon qizi.

Facebook tarmog‘idagi «Turkiyadagi o‘zbek ayollari» guruhida yana bir ayol, yuziga yashirgan holatda video murojaat qilmoqda: «Turkiyaga ishlashga kelganman. Konya shahrida 3 oydan so‘ng turmushga chiqdim. Birinchi qizim boshqa turmush o‘rtog‘imdan ajrashganman, hozir ikkinchi o‘g‘lim turkiyalik bir insondan. Avvalgi turmushingizdan farzandingiz bo‘lsa, iloji boricha erga tegmanglar, bolalaringizning psixologiyasi judayam buziladi. O‘rtada bolalarning psixologiyasini buzib qo‘ygan bo‘lamiz. Erim bilan Istanbulga aylanishga kelgandik, ammo u kishi ajrashish uchun ariza tashlab ketdi. Men juda afsusdaman qilgan ishimdan. Bu yerga kelib shoshib turmushga chiqmang, ko‘zlaringizni ochingsizlar. Hozir dugonamnikidaman. Dugonamning olti bolasi bor, u meni boqsimni, bollarimni boqsinmi. Men qilgan xatoni boshqalar qilmasin...»

Namanganlik X.Rahmonova ismi ayolning xorij matbuotiga bergan intervyusi esa barcha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini sergak torttiradi. «To‘rt nafar farzandimni tashlab Rossiyaga ishlashga kelganman, qilmagan ishim qolmadi, farroshlik ham qildim, 100 kilolik bemorgayam qaradim, 24 soat oshxonada ishladim, boshim ishlamay qolgan paytlar bo‘lardi. Men majburlikdan kelganman, yaxshi hayotdan emas. Rossiyada notinchlik sabab 11 yil deganda yurtimga qaytyapman. Men uchadigan samolyot ikki kunga kechiktirildi.

Qizimning qayta-qayta: «Oyi aniq kelasizmi?», degan gapi qulog‘im ostidan ketmayapti. Ikki kunni qanday o‘tkazaman? Dunyoda onaning o‘rnini hech kim bosmaydi. Mening o‘rnimni hech kim bosmaydi. Qaniydi menga onangni bir lahzaga ko‘rish uchun umringni ber desa tayyor bo‘lardim. Demak, mening bolalarim ham menga shunday zor. Men bolalarimdan mensiz o‘tgan kunlari uchun yig‘lab, oyoqlariga bosh urib kechirim so‘ramoqchiman...».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring