Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Mashina narxi — asosiy muammo. Ekologik falokat esa qarshimizda turibdi

Mashina narxi — asosiy muammo. Ekologik falokat esa qarshimizda turibdi

Foto: Xabar.uz

Bu mavzuda yozish juda og‘ir. Ammo yozish  va yana yozish kerak. Shu so‘zlar orqali bir-ikki kishi o‘zgarsa ham yutamiz. Aks holda...

Mamlakatni chang-to‘zon bosdi. Ko‘chaga chiqish, ishlash tugul, uyda o‘tirish va nafas olish qiyin bo‘lib qoldi. Buni qarangki, chang o‘lgur olamni dahshatga solgan koronavirusdan ham xavfliroq ekan: tojvirusdan qochib, uyingga berkinishing mumkin, ammo chang uyinggacha kirib boradi, nafasingni bo‘g‘adi, yetti iqlim ko‘zingga tor ko‘rinadi. 

SSV matbuot xizmati yozmoqda: «4-noyabr kuni «Tez yordam» xizmatiga jami chaqiriqlar soni 4082 tani tashkil etib, 3 noyabr holatiga ko‘ra, murojaatlar soni 649 taga oshdi. 5 noyabrdan 6 noyabr soat 06.00ga qadar umumiy chaqiriqlar soni 4110 taga yetib, nafas olish bilan bog‘liq murojatlar soni 709 tani (jami chaqiriqlarning 17,2 foizi) tashkil qildi. Shundan allergik reaksiyalar bilan 36 ta, bronxial astma huruji bilan 122 ta murojaat bo‘lib, ularning 11 tasi gospitalizatsiya qilindi...»

Demak, bizni haqiqiy sinovlar kutmoqda. 

Ko‘pchilik mamlakatdagi ekologik muammolar haqida Ekologiya qo‘mitasi, partiyasi va «O‘zgidromet» nega bosh qotirmayapti, degan savolni berishadi. Ushbu tashkilotlarga hech qanaqa aloqasi bo‘lmagan odam sifatida shuni aytishim mumkinki, O‘zbekistondagi butun ekosistemani asrash qolish bu uch tashkilot qo‘lida emas.

Mamlakat 150 yilda kuzatilmagan hodisaga duchor bo‘lgan vaqtda aqalli bitta bayonot bermagan partiyaning «mudrashi» bizga yangilik bo‘lmay qoldi.

Solishtirish g‘alati bo‘lsa, aytaman: yurtimizda mashinalar o‘ta qimmatligi, uni sotib olish uchun odamlar yarim umrini sarflayotgani ko‘p gapiriladi. Sahifa-sahifa matnlar yoziladi, videolar qilinadi... Iztehzo, achchiq hazil, tanqidu-janjallarni aytmay qo‘yaqolay. Bu mavzuga aloqador xabarlar tarmoqni «portlatadi». 

Ammo biz uchun ekologiya masalasi, masalan o‘ninchi o‘rinda. Yevropada ekofaollar hukumatni o‘ylab qadam bosishga majbur qilayotgan bir paytda bizda butun boshli ko‘llar quritiladi, bog‘lab o‘rab olinib, savdo markazlari tiklanadi, klassik istirohat bog‘lari ajnabiy va sun’iy qasrlarga almashtiriladi. Ayrim rahbarlarning birgina buyrug‘i va tashabbusi bilan shaharlardagi chinorlar qulatiladi. 


Mavzuga oid: «Jaziramada yurib bo‘lmay qoldi»: Qashqadaryoda so‘lim shahar cho‘lga aylanish arafasida


Jahon aholisi ekologik toza yoqilg‘iga o‘tayotgan, jamoat transporti va piyoda yurishga urinayotgan vaqtda biz qimmat mashinalarni ko‘proq sotib olishga ruju qo‘ymoqdamiz. (Hatto oldindan pulini to‘lab, oylab kutib o‘tiramiz). 

Toshkent mintaqada havosi eng ifloslangan shahar sifatida baholanmoqda. O‘zbekistondagi AQSh elchixonasi ma’lumoti.

«O‘zgidromet»ning ma’lumot berishicha, kuchli chang bo‘ronlari odatda cho‘l va qurg‘oqchil hududlarda yuz beradi, ammo bo‘ronlarning asosiy nishoniga aylangan Toshkent bunday hudud sanalmaydi. Demak, bu iqlimiy muvozanat izdan chiqayotganini ko‘rsatadi.

O‘zbek xalqi orzumand xalq, bolasini o‘ylaydi. Bor kuchini sarflab, go‘zal kelajak qurishga urinadi. Ammo ekologik falokat masalasi ko‘ndalang turgan vaqtda, avlodlarga eng yaxshi xazina toza havo va sog‘lom iqlimligini anglashimiz kerak. 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring