Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Mamlakat rostanam boy, lekin o‘g‘rilar ko‘p» —  bloger Gulnora Karimovadan qaytarilayotgan 131 mln dollar haqida

«Mamlakat rostanam boy, lekin o‘g‘rilar ko‘p» —  bloger Gulnora Karimovadan qaytarilayotgan 131 mln dollar haqida

Gulnora Karimova.

Shveysariya hukumati 2012 yilda Gulnora Karimovaga taalluqli bo‘lgan hisob-raqamlarda «muzlatib qo‘yilgan» mablag‘lardan 131 million dollarga teng aktivlarni O‘zbekistonga ma’lum bir shartlar evaziga qaytarishga rozilik bergani xabar qilingandi.

Bu xabarga bloger Otabek Bakirov quyidagicha munosabat bildirdi:

— Shveysariya tomoni aniq-tiniq shartlar qo‘ymoqda: O‘zbekiston qaytarilgan pullarni aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, barqaror rivojlanish loyihalariga sarflashi kerak. Shuningdek, mablag‘lar xarajati ustidan shaffof monitoring o‘rnatilishi lozim.

Ya’ni, erkin dunyo buxgalterlari aytmoqdaki, bu pullar yana yangi o‘g‘rilar orqali Shveysariyaga qaytib kelmasin, O‘zbekiston uchun ishlasin.

Shu o‘rinda bir mulohaza, gar Gulnora Karimova qanaqadir yillar ichida dollardagi milliarderga aylangan ekan, gar yangi davrda ham nomlari hozircha aytilmaydigan kaslar sanoqli yillar ichida dollardagi millardlarni ishlab topmoqda ekan, mamlakat rostanam boy, rostanam salohiyatli. Lekin o‘g‘rilar ko‘p. Juda ko‘p, — deydi bloger.

U mavzuni davom ettirib, Gulnora Karimova o‘g‘irlagan pullarning qaytarilayotgan 131 mln dollarlik qismiga nima qilish kerak, degan savol hali ancha vaqt kun tartibida bo‘lishini qayd etadi.

«Fikri ojizimcha, bu pullarni yana go‘yoki aholiga yetkazamiz, deya Mahalla vazirligi orqali tarqatilsa yoki bo‘lmasam qashshoqlarni tadbirkor qilamiz, deya oilaviy tadbirkorlikka imtiyozli kreditlar ajratishlar boshlansa, pullar manzilga yana yetib bormaydi. Huzurini o‘rta va mayda o‘g‘rilar ko‘radi.

Gulnora Karimova bu pullarni birinchi navbatda mamlakat yoshlaridan o‘g‘irlagan, deb hisoblayman. Ya’ni, Gulnora Karimova bolalarimizning kelajagini o‘g‘irlagan, ularni qashshoqlikka, umidsizlikka, ilmsizlikka mahkum etgan. Darvoqe, hozirgi chirigan o‘g‘rilar ham tom ma’noda mamlakat yoshlarining kelajagini o‘g‘irlashmoqda.

Nazarimda, bu pullarni har qishloq tumanida hech bo‘lmasa bittadan maktab qurishga sarflash kerak.

Bugun farzandlarimiz qishloq tumanlarida va hatto shaharlarda ham o‘qiyotgan maktablarda na normal tualet, na normal suv ta’minoti va normal isitish mavjud. Qirqta o‘quvchi o‘qimaydigan, ikkita smenaga bo‘linmagan maktabning o‘zi yo‘q. Qishda burjuy pechkalarda ko‘mir yoqiladi.

Maktablarning karantin talablari doirasida yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi bo‘yicha o‘rganishlar ahvolimiz qanchalik achinarli ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Yiliga qariyb yuz tonna oltin sotadigan mamlakat uchun o‘qituvchilarning tualet oqlashi yoki pul to‘plab qo‘l yuvishga qo‘lbola qo‘lyuvgich sotib olayotgani, obdasta va bochkalarga suv zaxiralanayotgani juda uyatli.

Qurilgan har bir maktab peshtoqiga «bu maktab millat va kelajak o‘g‘risi, 13 yilga qamalgan Gulnora Karimovadan qaytarilgan pulga qurilgan», deb yozish kerak bo‘ladi. Toki boshqa o‘g‘rilarga ham saboq bo‘lishi uchun», — deb yozadi bloger.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring