Ko‘p kvartirali uylar tekshiriladi
Prezident tomonidan «O‘zbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-144-son Farmon imzolandi.
Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohalarida islohotlarning aniq manzilliligini ta’minlash, ko‘rsatilgan sohalarga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini 2025-yilgacha takomillashtirish konsepsiyasi, shuningdek uning maqsadli ko‘rsatkichlari va indikatorlari tasdiqlandi. Konsepsiya quyidagilarni nazarda tutadi:
- zilzilalarning vujudga kelish mexanizmi va tabiatini tadqiq qilish mexanizmini takomillashtirish;
- hududlarni seysmik mikrohududlashtirish bo‘yicha onlayn-xaritalarni va turli darajadagi tektonik yer yoriqlarining o‘rta masshtabdagi xaritasini ishlab chiqish;
- yakka tartibdagi uy-joylarning zilzilabardoshligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish;
- bino va inshootlar hamda suv omborlari to‘g‘onlarining zilzilabardoshlik darajasini doimiy kosmik monitoring qilish tizimini joriy etish;
- avtomatlashtirilgan kompleks-prognostik stansiyalarni ko‘paytirish hisobiga respublika hududini to‘liq monitoring qilish imkoniyatini kengaytirish;
- milliy seysmik kuzatuvlar tarmog‘ining xalqaro seysmik kuzatuvlar global tizimiga kiritilgan stansiyalar bilan doimiy aloqalarini ta’minlash.
2022-yil 1-sentyabrdan boshlab respublikaning seysmik faol zonalarida yangi qurilishi rejalashtirilayotgan, xavflilik omili IV toifaga mansub bo‘lgan ob’yektlarga zilzilabardoshlik bo‘yicha xulosalar berish tartibi joriy etiladi.
Fanlar akademiyasi tomonidan respublikaning seysmik faol zonalarida joylashgan seysmik zaif ijtimoiy soha ob’yektlarining instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazish ro‘yxati shakllantirib boriladi.
2022-yil 1-oktyabrdan boshlab respublika hududidagi ko‘p kvartirali uy-joylarni zilzilabardoshlik bo‘yicha xatlovdan o‘tkazish boshlanadi, u ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan seysmik zaif va avariya alomatlari aniqlangan ko‘p kvartirali uy-joylar o‘rnida bosqichma-bosqich yangi uy-joylar qurish bo‘yicha takliflarni mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritib borilishini nazarda tutadi.
2022 - 2025-yillar davomida Andijon, Toshkent, Guliston, Nurafshon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Navoiy, Qarshi, Termiz, Nukus va Urganch shaharlarining raqamlashtirilgan seysmik mikrohududlashtirish xaritalarini ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 30.05.2022-yildan kuchga kirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter