Kelajak shaharlari: bizning hayotimizni o‘zgartiradigan «CES-2018»dagi 4 ta innovatsiya

To‘xtash joyini o‘zi izlaydigan avtomobillar. Real vaqt rejimida daryolardagi suv sathini kuzatish. Ko‘chalarda ifloslangan havoga qarshi kurashga yordam beradigan tizim. Yanvar oyida Las-Vegasda bo‘lib o‘tgan «The Consumer Electronics Show» (CES) xalqaro ko‘rgazmasida yirik kompaniyalar elektronika sohasidagi yangiliklardan xabardor qilishdi.
«Bosch» kompaniyasi bu yil o‘z e’tiborini shaharlar uchun smart-yechimlarga qaratdi. «CES»dagi taqdimot vaqtida «Bosch» vakili Stefan Hartung (Stefan Hartung) shunday dedi: «Bizga shaharning yangi konsepsiyasi kerak. Bu yerda asosiy omillardan biri shaharlarni aqlli qiladigan texnologiyalardir».
To‘xtash joyini izlash muammosi bilan xayrlashing!

Har yili AQShdagi haydovchilar 40 soatdan ortiq vaqtini tirbandlikda o‘tkazadi. Taxminan 14 soatdan ko‘proq vaqt to‘xtash joyini izlashga sarflanadi. Mazkur muammoni hal qilish uchun «Bosch» kompaniyasi «Community-based parking» tizimini ishlab chiqdi. Uning yordamida avtomobillar o‘zi to‘xtash joyidagi mashinalar orasidagi bo‘shliqlar o‘lchamini avtomatik tarzda hisoblab, raqamli xaritaga uzatadi. Ya’ni, mashinaning o‘zi to‘xtash uchun bo‘sh joy topadi va u yerga haydovchini yo‘naltiradi. Shunday qilib, nafaqat avtomobil egalari sarflaydigan vaqt tejaladi, balki yo‘l infratuzilmasiga tushadigan yuk ham kamayadi. Hozir servis Germaniyada sinovdan o‘tkazilmoqda, 2018 yilda uni AQShning 20 ta shahrida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shaharlardagi mikroiqlimni monitoring qilish tizimi

«CES»da «Aqlli shaharlar» nominatsiyasi bo‘yicha mukofot havo sifatini 12 ta parametr bo‘yicha o‘lchab tahlil qiluvchi «Climo» tizimiga taqdim etildi. Ushbu qurilma an’anaviy havo monitoringi tizimidan 100 barobar kichik va 10 barobar arzonroqdir. «Climo» megapolislarning jiddiy muammosiga aylangan atrof-muhit ifloslanishiga qarshi samarali kurashish imkonini beradi.
Suv toshqinlari to‘g‘risida ryeal vaqt rejimida ogohlantirish

«Bosch» suv toshqinlari monitoringining raqamli tizimini namoyish etdi. Bugungi kunda daryolardagi suv sathi mexanik qurilmalar bilan o‘lchanadi. Shuning uchun, agar suv toshqini yuz bergan bo‘lsa, ma’lumot bir necha soatdan keyin odamlarga yetkaziladi, vaholanki bunday vaqtda har daqiqa g‘animatdir. Yangi kuzatuv tizimi ma’lumotlarni ultratovush sensorli datchiklar va kameralar yordamida to‘playdi. Barcha ma’lumotlar real vaqtda qayta ishlanadi. Suv sathi xavfli chegaradan oshishi bilan shahar aholisi va kompaniya egalari xatar haqida ogohlantiriladi hamda tayyorlanishga ulguradi.
Yangi avlod elektrogeneratorlari

2035-yilga kelib dunyo bugungi kunga nisbatan 30 foiz ko‘proq energiya iste’mol qiladi. Insoniyatga energiya inqirozidan qutulishga «Bosch»ning doimiy quvvat manbai bo‘lgan mikroenergiya tizimlari (DC) yordam berishi kerak. Kompaniya ulardan ko‘p qavatli uylarga, savdo markazlariga va qurilish komplekslariga energiya yetkazib berishda foydalanishni taklif qilmoqda. Mikroenergiya tizimlari an’anaviy elektr stansiyalariga qaraganda 10 foiz kam quvvat sarflaydi. Ular qayta tiklanadigan energiyada ishlaydi va umumiy energiya tarmog‘i ob-havo yoki boshqa sabablarga ko‘ra ishlamagan paytlarda ular juda qo‘l keladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter