Keksalikda yolg‘iz qolgan ayol taqdiri. «Temir daftar» nima uchun kerak?
Xuvaydo xola turmush o‘rtog‘idan ajradiyu, yakka o‘zi qoldi. Taqdir ekan, farzand baxti nasib etmadi. Cholidan esa faqat bitta kulba meros bo‘lib qoldi, xolos. U yog‘iga, yolg‘izlik.
Albatta o‘zbekchilik, mahalla-ko‘y qarab turgani yo‘q. Kimdir, nimadir sabab bilan qarashib turdi. Ammo xayxotdek hovli yolg‘iz odamni yutvoray deydi. Boshqalarning qo‘liga qarab yashash ham oson emas — qo‘ldan berganga qush to‘ymaydi...
Hammasini «temir daftar» o‘zgartirib yubordi. Arzimagan bir necha kunda ta’minot ham yo‘lga qo‘yildi, yangi uy ham qurildi, qarindoshlar ham topildi.
Xuvaydo xola istiqomat qiladigan Eloton mahallasi Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida joylashgan. Ishsiz, daromadsiz qolgan ehtiyojmand, yordamga muhtoj oilalarning ro‘yxatini shakllantirish asnosida xola ham «temir daftar»ga kiritildi. Shundan so‘ng tuman hokimi A. Vahobov, tuman prokurori V. Mamadaliyev, tuman xalq deputatlari kengashi vakili va mahalla oqsoqoli birgalikda yolg‘iz ayoldan xabar olishdi. U yog‘iga hammasi jadallashib ketdi.
Avvalo mas’ul shaxslar tomonidan xolaning qarindoshlari o‘rganildi. Ular orasida nuroniy ayolning holidan xabar olib turadigani tanlab olindi. Xuvaydo xolaning jiyani Xusniddin Turdimov bilan suhbat o‘tkazilib, oilasi bilan birgalikda hovliga ko‘chirib olib kelindi. Uning nomiga imtiyozli kredit rasmiylashtirilib, ikki sotixli issiqxona qurib berildi, rafiqasi esa maktabga laborant lavozimiga ishga joylandi.
Xusniddin Turdimov yetarlicha uddaburon chiqdi, hokimlik bitta qo‘y keltirib bergan edi, yoniga yana bitta qo‘shib, boqishga tutindi. Qo‘ra yoniga 30 ta tovuq sig‘adigan katak qurildi. Issiqxonada ekin-tikin ishlari boshlab yuborildi.
Endi yana bir katta muammo qolgan edi — uy-joy. Gap shundaki, chol-kampir uchun katta uy zarur bo‘lmay, chog‘roqqina boshpanada yashab kelishgan edi. Ammo yangi ko‘chib kelgan oilaga alohida joy kerak. Bu masalaning yechimi ham darrov topildi — hokimlik, mahalla-ko‘y va tadbirkorlar jam bo‘lib, xashar yo‘li bilan ikki xonali uy ko‘tarishmoqda. Yaqinda imorat bitsa, Xuvaydo xola xonadonida ham kengchilik bo‘lib qoladi.
Temir daftar
Xuvaydo xola kabi yordamga muhtoj bo‘lganlar nafaqat Uchqo‘rg‘onda, balki butun yurtimizda yetarlicha topiladi. Namangan viloyatining o‘zida 24 mingdan oshiq xonadon «temir daftar»ga kiritilgan. Ayniqsa karantin choralari yordamga muhtoj oilalarga qo‘shimcha qiyinchilik tug‘dirdi. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar aynan mana shunday xonadonlarni og‘ir davrdan olib chiqishga qaratilgan.
Ammo bu bilan «temir daftar» vaqtinchalik chora-tadbir ekan, degan xulosa paydo bo‘lmasligi lozim. Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar endi boshlanmoqda. Mahalliy hokimliklar nafaqat muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatishi, balki doimiy daromad manbai shakllanib, kambag‘allikdan chiqib ketgunlariga qadar qo‘llab-quvvatlashi lozim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter