Jurnalist ojiz qolganda…
Mavjud muammolarni qo‘rqmay yozayotgan jurnalistlarga havasim keladi. Nimaga mana shu yettita so‘zdan iborat gapni yozayapman?
Chunki o‘zim mana shu jurnalistlar orasida emasligimdan vijdonim qiynalib ketdi. Umumiy mavzularni yozaveribmanu, ammo muammoli mavzuga kelganda qo‘rqoqlik qilganimdan vijdonim qiynalmoqda.
Bir boshdan boshlaydigan bo‘lsam. ToshMIdan Ibn Sinoga ketaverishda, to‘g‘rirog‘i, Ibn Sino bozoriga qayrilishga atigi yuz metr qolgan joyda, yo‘lning chetida — avtomobil yo‘li va piyodalar yuradigan trotuar o‘rtasida qandaydir kichikroq inshoot qurilmoqda. Qonuniymi, noqonuniymi — menga qorong‘i. Ammo aniq bilamanki, bu kabi inshootlarni yo‘l chetiga qurib bo‘lmaydi. Chunki mashinalar harakatiga xalaqit berishi aniq. Gap unda ham emas, qursa qurilibdi-da, ertaga buzilishi aniq.
Gap mana shu kichik inshoot oldida oppoq gullab turgan o‘rikning kesilishida.
Kecha ertalab ishga ketar ekanman, o‘sha o‘rikning atrofi qazib qo‘yilgani, ildiziga bolta urilganini ko‘rib, endi kesilar ekan-da deb yuragim achidi. Tushga yaqin o‘rik kesilgani, atrofi esa O‘tkir Hoshimov «Shumliklar»ida yozganidek bilinmaydigan tarzda tekislab qo‘yilganini ko‘rdim va «o‘rik daraxti tabiatni muhofaza qilish idorasining ruxsati bilan kesilishi kerak edi-ku, bu borada ruxsat bormikan» degan o‘yda quruvchilar bilan suhbatlashdim. Ularning aytishicha, o‘rik tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan kesilibdi. Baxtimga obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari yaqin atrofda — daraxtlarni butab yurishgan ekan, ularga murojaat qildim. Ular rahbariyat ruxsati bilan kesilganini aytishdi. Rahbariyatning telefonini topib qo‘ng‘iroq qilsam, o‘rik kesilishiga mutlaqo aloqasi yo‘qligini aytishdi.
Yana qurilishga bordim, ular «maxsus libosda bo‘lgan xodimlar kelib, he yo‘q, be yo‘q o‘rikni kesib ketishgani»ni aytishdi. Oradan soniyalar o‘tmasdan, o‘rik aslida yo‘q deb turib olishdi. O‘tkir Hoshimovning «Shumliklar»i aynan takrorlandi (Erkin Vohidov qizini uzatayotganida nahorgi oshga kelgan O‘tkir Hoshimov qadrdon do‘stining cho‘ntagiga to‘yona solib qo‘yadi. Lekin kechqurungi bazmga kelganida do‘sti unga ertalab to‘yga kelmaganini aytib xafa bo‘lganday bo‘ladi. O‘tkir Hoshimov to‘yga kelganini, hatto o‘rik tagida to‘yona berganini eslatadi. Ammo eshik oldida o‘rik yo‘q edi).
Men ojiz qoldim. Endi o‘rik borligini isbotlashning iloji yo‘q. Tuhmatchiga, yozg‘uvchiga aylanaman.
Kechasi bilan azoblanib chiqdim. Qonun buzilishi ko‘z o‘ngimda yuz berayotganidan qiynaldim. Global mavzularni ko‘tarib chiqishga chiqibmanu, shundoqqina burnim tagidagi oddiy muammoni hal qila olmaganimdan o‘ksindim. Chunki gullab turgan o‘rik biror-bir hujjatsiz kesib yuborilgan edi. Xo‘p, asriy chinorlar kesilganida bitta o‘rik kesilsa kesilibdi-da deya qo‘l siltab ketishim ham mumkin edi. Unda jurnalistik pozitsiya degan gaplar quruq gap bo‘lib qolardi-da.
Yaqinda haydovchilikka o‘qiganimda ustozlar yo‘l chetidagi har qanday daraxt — u davlat tomonidan ekilganmi, xususiy shaxslar tomonidan ekilganmi, bundan qati nazar — tabiatni muhofaza qilish idorasining ruxsati bilan kesilishi xaqida aytishgan edi. Mana shu gapni qulog‘imga ilib olgan ekanman.
Bir muammoni hal qila olmaganimdan qiynalishga qiynaldimu, internetga kirib Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘qituvchilar katta ko‘chani «obodonlashtirish» bahonasida «o‘z ixtiyori bilan» hasharga chiqqanlari to‘g‘risida rahbarlarning xabarini o‘qib, bu fojia oldida men bilan yuz bergan hodisa hech gap emas degan xayolga bordim va uxlashga yotdim (ixtiyoriy hasharga chiqqan o‘qituvchilar haqida yozgan rahbarlar tinch uxlasa kerak degan o‘y o‘tdi-da mendan). Yo‘q, men tinch uxlay olmadim. Ertalab turib jur’atsizligim, qo‘rqoqligim haqida mana shu satrlarni yozdim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter