Jujanna Yakab: «Sog‘liqni saqlash sohasida 130ga yaqin hujjat imzolanishi hali hech bir davlatda kuzatilmagan»

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov yurtimizga tashrif buyurgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakab bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda mamlakatimizda tibbiyot sohasida yuz berayotgan o‘zgarishlar, shuningdek, o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirish borasida ko‘plab imkoniyatlar xususida so‘z yuritildi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.
«Mamlakatingizdagi tibbiyot sohasiga oid o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib boryapmiz. E’tiborli tomoni, dunyoning bironta davlatida kuzatilmagan holat, so‘nggi ikki yil ichida sog‘liqni saqlashni isloh qilishga qaratilgan 130ga yaqin hujjat imzolangani diqqatga sazovor», – deydi Jujanna Yakab. – «Tibbiyot tizimini isloh qilish bo‘yicha 2025 yilgacha mo‘ljallangan 7 yillik rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ham atroflicha o‘rganib, takliflarimizni berdik. Ishonamanki, dunyo davlatlarining eng ilg‘or tajribalarini o‘zida uyg‘unlashtirgan ushbu konsepsiya tizimni yanada rivojlantirish, aholi salomatligini asrash barobarida, soha xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash imkonini ham beradi».
Ertaga, 20 noyabr kuni, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda «Barqaror rivojlanish maqsadlari davrida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlashni isloh qilish» mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter