Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

JSST ikki xavfli infeksiya keskin ko‘payganidan xavotir bildirdi

JSST ikki xavfli infeksiya keskin ko‘payganidan xavotir bildirdi

Denge va chikungunya bezgaklari — virusli infeksiyalar turiga mansub. Asosan tropik va subtropik mintaqalarda uchraydi. Ularni tashuvchi vositalar chivinlar hisoblanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari keyingi yillarda ushbu xastaliklarga chalinish ko‘rsatkichi sezilarli darajada oshib borayotganidan xavotir bildirmoqda.

Ularning qayd etishicha, viruslar keng tarqalishiga global isish va yog‘ingarchiliklar miqdori ortishi sabab bo‘lmoqda. Bunday muhitda chivinlar yanada tezroq ko‘payadi. Qolaversa, iqlim o‘zgarishlari tufayli virus tashuvchi hasharotlar boshqa mintaqalarga uchib borishi kuzatilyapti.

JSST tahliliga ko‘ra, dunyo bo‘yicha denge bezgagiga chalinish holati keyingi 19 yilda o‘n barobar, ya’ni 505 mingtadan 5,2 milliontaga ko‘paygan.

Xususan, o‘tgan yili birgina Lotin Amerikasida bu virusni yuqtirgan 2,8 million bemordan 1280 nafari hayotdan ko‘z yumgani achinarli. O‘sish tendensiyasi 2023 yilda ham davom etmoqda.

Bu borada Boliviya, Paragvay va Peruda vaziyat ancha tashvishlanarli. Qolaversa, 2010 yildan beri Yevropa mintaqasida denge bezgagi bilan kasallanish holatlari qayd qilinyapti. Osiyoda ham shunday tendensiya mavjud.

Sudanda esa o‘tgan yil iyul oyidan beri 8239 bemor kasallikka chalinib, ulardan 45 nafari vafot etdi.

Shuningdek, hozir Paragvay, Argentina va Boliviyada chikungunya bezgagi epidemiya darajasiga chiqqan. Braziliyada ham vaziyat yaxshi emas.

Ushbu kasallikdan og‘ir asoratlar va o‘lim holatlari kam uchraydi. Xastalik tufayli hayotdan ko‘z yumayotganlarning qariyb 70 foizi qandli diabet, gipertoniyaga chalingan va immuniteti zaif 60 yoshdan oshgan aholi qatlamidir.

20 foiz o‘lim holatlari esa infeksiyani yuqtirgan chaqaloqlar tug‘ilishi chog‘ida sodir bo‘lyapti.

JSST bunday viruslarga qarshi eng to‘g‘ri chora chivinlar chaqishidan himoyalanish, deb hisoblaydi. Bunda tanani to‘liq berkituvchi ochiq rangli uzun kiyimlar, hasharotlarga qarshi to‘rlar, kremlar va va boshqa vositalar tavsiya qilinadi.

O‘z navbatida, olimlar ushbu infeksiyalarga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish harakatida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring