Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

JSST «halokatli inqiroz»ga olib keluvchi tahdiddan ogohlantirdi

JSST «halokatli inqiroz»ga olib keluvchi tahdiddan ogohlantirdi

Bugun inson salomatligiga tahdid soluvchi tashqi omillar yanada ko‘paygan. Global iqlim o‘zgarishi — shulardan biri. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbarining BMT mutasaddilari bilan navbatdagi qo‘shma bayonoti ayni shu o‘tkir muammoga bag‘ishlangan.

Unda qayd etilishicha, sayyoramizda havo harorati ko‘tarilishi turli tabiiy ofatlar bilan birga, xavfli infeksiyalar va kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichlari ortishiga sabab bo‘lyapti. Qolaversa, ocharchilik tufayli ko‘plab insonlar hayotdan ko‘z yummoqda.

JSST bosh direktori T. Gebreyesus bu holatga baho berar ekan, iqlim inqirozini salomatlik tanazzuliga qiyosladi. Masalan, Afrika mamlakatlarida global isish oqibatida yuzaga kelgan qurg‘oqchilik va suv toshqinlari 47 million kishini ocharchilikka duchor etdi. Ichimlik suvi tanqisligi esa ayrim mintaqalarda vabo epidemiyasining avj olishiga turtki bo‘ldi.

Bundan tashqari, Yer yuzida harorat ko‘tarilishi okeanlar suvi tarkibida ishqorlar ortishi va isishiga olib keldi. Bu esa ummonlardagi oziq-ovqat uchun yaroqli jonzotlarning qirilib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘z navbatida, dunyoda taxminan 222 million kishi oziq-ovqat xavsizligining yuqori darajasidan aziyat chekmoqda. Ular kuniga zo‘rg‘a bir mahal ovqatlanish qurbiga ega. Yana 45 million odam ocharchilik yoqasida.

«Bularning barchasi Yer kurrasida havo harorati 1,2 daraja ortgani asoratidir, — deydi BMT mutasaddisi. — Ammo vaziyat shunday davom etaversa, bu ko‘rsatkich yaqin kelajakda 2 baravar oshishi hech gap emas. O‘shanda insoniyat global qurg‘oqchilik, toshqinlar va yanada xavfli epidemiyalar bilan ro‘baro‘ kelishi mumkin».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring