Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jizzax. Mirzacho‘l. Nima bo‘lgandi o‘zi?

Jizzax. Mirzacho‘l. Nima bo‘lgandi o‘zi?

Foto: O‘zA

Shu kunlarda bir voqelik ko‘plarning diqqat markazida turibdi. Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida go‘yoki brakonerlarga to‘sqinlik qilgani uchun bezorilikda gumonlanib, hibs etilgan to‘rt nafar fuqaro qiynoqqa solinibdi. Emishki, ular qarshiligiga duch kelgan «brakonerlar» sobiq ichki ishlar xodimlari ekan. Tizimdan ketgan bo‘lsa-da, «quvvatdan ketmagan» zobitlar o‘zlarining oromini buzib, tartib o‘rnatmoqchi bo‘lgan «tirranchalarni» shu tariqa tiqdirib yuboribdi, xullas...

Tayyor shov-shuvli mavzu. Matnga yana jichcha «tuz-namak» qo‘shilsa, O‘zbekistonda qiynoqlar hamon davom etayotgani, aksariyat huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari otdan tushsa-da, egarni bo‘shatishni xayoliga keltirmayotgani haqida yaxshigina tasavvur shakllanadiki, bunaqa ma’lumotni ko‘zga surtib tarqatadiganlar qancha?!

Ayni paytda voqelik tafsilotiga atroflicha to‘xtalish mavridi emas. Chunki, tergov ketyapti hozir, yana oldinda sud bor. Qisqasi, masalaga oydinlik kiritgan holda huquqiy baho beruvchi instansiyalarda oldinda ish ko‘p. Shularni bila turib, aqli bor organ xodimi birovga o‘ylabroq qo‘l ko‘tarishi ehtimoli katta. Zero, bugungi O‘zbekistonni salkam uch yil avvalgisi bilan mutlaqo solishtirib bo‘lmaydi. Ayniqsa, inson huquqlari masalasida. To‘g‘ri, bu borada hal qilinadigan ishlar talaygina, ammo shu choqqacha amalga oshirilgani ham salkam inqilobiy ahamiyat kasb etgani xalqaro doiralarda e’tirof etilayotir. Shunday ekan, «yo‘qni yo‘ndirib», «qiynoq fakti»ni yuzaga keltirishdan muddao nima ekan, deysan-da.

Yuqoridagi mulohazalar shunchaki paydo bo‘lgani yo‘q. «Brakoner»larga xalal bergani uchun go‘yoki hibsga olingan mirzacho‘llik fuqarolar haqida xabarning bir uchi paydo bo‘lgani hamono Bosh prokuraturaga murojaat qilgandik. Mahkama matbuot xizmatining yozma javobidan keyin ham andak bahslashishga to‘g‘ri keldi. Bahs jinoyat tafsilotidan ko‘ra «qiynoq fakti» ustida kechdi. Idoraning matbuot kotibi alohida ta’kidlashicha, hibsdagi yigitlar qiynoqqa solinganligi to‘g‘risidagi vajlar to‘liq tekshirilgan. Ixtisoslashtirilgan prokuror har bir hibsdagi gumonlanuvchi bilan shaxsan uchrashib, qiynoq fakti mavjud emasligi aniqlangan. Hozir deyarli barcha tergov izolyatorlariga videokameralar o‘rnatilgan, demakki, qiynoq bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlash qiyin emas. Shuncha tafsilotlardan keyin ham shubhangiz bo‘lsa, muammo Sizda, bizda emas... Shu o‘rinda bir gapni ta’kidlab o‘tay: jinoyat og‘ir ekaniga qaramay, ularga nisbatan qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasini boshqasiga almashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu ham insonparvarlikdan dalolat emasmi? Hozirda mazkur jinoyat ishi viloyat prokurorining alohida nazoratida turibdi.

Nima bo‘lgandi o‘zi?

2019-yil 20-may kuni fuqarolar B.I, uning jiyani Sh.Y, R.M. va uning o‘g‘li S.K bilan birgalikda baliq ovlash maqsadida Mirzacho‘l tumani, Mirzacho‘l SIU hududidan oqib o‘tgan zovurga borishgan.

Fuqarolar Sh.Y va S.K. zovurning boshlanish joyida baliq ovlash uchun tushib olishgan.

Fuqarolar B.I. va R.M.lar ulardan taxminan 2 km. masofa uzoqlikdagi zovurning yonida baliq ovlab o‘tirgan vaqtda (taxminan soat 21:00 lar atrofida) yuziga mato o‘ragan 6 nafar noma’lum shaxs kelib, hech bir sababsiz qo‘li va qo‘lidagi yog‘och tayoqlar bilan B.I. va R.M.larni urib, jarohat yetkazib, «Neksiya-1» salonidan B.I.ga tegishli bo‘lgan «Samsung J-2» rusumli qo‘l telefoni, haydovchilik guvohnomasi, nafaqa guvohnomasi hamda 200 000 so‘m va 3 dona 1 dollarlik pullarni, fuqaro R.M.ga tegishli «MI-6» rusumli qo‘l telefonini va 4 dona qarmoqni olib voqea joyidan qochib ketishgan.

Sud tibbiyot ekspertizasi tomonidan berilgan birlamchi ma’lumotda fuqaro B.I.ning bosh tepa sohasi to‘qimalari lat yeyishi, yorilgan jarohat, bosh miya yopiq shikastlanishi, tish uzilib tushishi;

- fuqaro R.M.ning bosh miya chayqalishi, bosh peshona, ko‘z, qovoq lat yeyishi, peshona qosh oralig‘i sohasi yorilgan jarohat, ko‘krak qafasi o‘ng tomoni lat yeyishi jarohatlari olganligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati IIB huzuridagi TB tomonidan 2019-yil 21-may kuni O‘zbekiston Respublikasi JKning 164-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tezkor tergov harakatlari davomida mazkur jinoyatni fuqarolar S.O., B.J., D.M., N.X., M.Q., D.M.lar sodir etganligi aniqlanib, ulardan «Samsung J-2» va «MI-6» rusumli uyali aloqa telefon apparatlari hamda B.I.ga tegishli bo‘lgan haydovchilik guvohnomasi, nafaqa guvohnomasi ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha Jizzax viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

...Yana bir karra qalamga olgulik mavzu-a? 

Sudni kutamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring