Jamiyatda kim ko‘proq ishlaydi: erkakmi yo ayol?
Kursdoshim Nigoraning anchadan buyon ish qidirib yurganidan xabardor edim. Hol-ahvol so‘rash niyatida qo‘ng‘iroq qildim. Salom-alikdan so‘ng, ishga joylashgan, joylashmaganini so‘radim.
– Yo‘q! Haliyam o‘zimga mos ish topa olmadim, – deya gapira boshladi u. – 5-6 ta tashkilotga bordim. Ular «Bizda o‘rin bor, faqat erkak kishilarni ishga olamiz», deb qaytarib yuborishdi. Ikki oy oldin o‘rganish uchun hujjatimni olib qolgan bankdan bugun qo‘ng‘iroq qilishdi. «Opa, xafa bo‘lmang! Rahbarimiz erkak xodimni ishga olishni ma’qul» deya go‘shakni qo‘ydi. Ba’zi bir ish beruvchi tashkilot rahbarlari farzandlarimning sonini, ularga qaraydigan odam borligini so‘rashadi. Buyam mayli, uyalmasdan «Keyingi farzandni qachonga rejalashtirgansiz? Birdan tug‘ruq ta’tiliga chiqib ketmaysizmi?» qabilida savollar ham berishmoqda. Dugonajon, 6 yil kontrakt to‘lab, o‘qiganimdan afsuslanib ketdim. Nahot, hozir jamiyatimizda ayol kadrlarni ishga olish qiyinlashib bormoqda?!
O‘ylab ko‘rsam, ishga kirmoqchi bo‘lgan oliy ma’lumotlarni ayollarning aksariyati bunday holatga umrida bir marta bo‘lsa ham duch kelgan. Xo‘sh, rahbarlar ayollarni ishga olishdan nega bunchalik cho‘chishadi? Erkaklar bajargan ishni ayollar eplolmaydimi? Yoki ayollar ishga kech kelib, erta ketib, topshiriqni to‘liq bajarolmaydimi? Umuman, jamiyatda qaysi jins vakili uddaburonroq?
Aslida, biz ayollar hammasiga ulgurish uchun hali tong otmasdan turib harakatni boshlaymiz. Nonushtadan so‘ng, avval kichkinamizni bog‘chaga, kattalarini maktabga kuzatib, eng oxirida erimizni ishga jo‘natamiz. Ishga turmush o‘rtog‘imizning mashinasida yetvolsak ham bo‘ladi. Lekin ular biz eshik-tuynikni yopib pastga tushganimizcha, ishiga kech qolishi mumkin. «Mayli, erkak kishi boshlig‘idan gap eshitsa uyat bo‘ladi» deymizda jamoat transportida sevimli ishxonamiz tomon yo‘l olamiz. Kuni bilan ishxonaning yugur-yugurlarini bajaramiz, rahbardan gap eshitamiz. Tushlik bahonasida 3-4 ta hamkasb xotinlar bilan bozorga tushib chiqishga ham ulguramiz. Erkaklarimiz esa ishxonasidan chiqolmay o‘tirishadi. Axir ular erkak! Bozorma-bozor to‘rxalta ko‘tarib yursa uyat bo‘ladi. Tushlikdan keyin, kayfiyatini so‘rash uchun qo‘ng‘iroq qilib, bahonada kechki ovqatga nima yegisi kelayotganini bilib olamiz. (Odatda oilamiz ustunlari ko‘proq xamirli taomni xush ko‘rishadilar) «Manti qilaqol», deydi sultonimiz. «Bajaramiz!» deb, go‘shakni qo‘yamiz. Ishdan qaytgancha yo‘l-yo‘lakay kichkinamizni bog‘chadan olamiz. Bog‘chamiz uyimizdan uzoq bo‘lsa nima qipti, zarilmi taksiga pul to‘lab, piyoda yurish foydali. Orada kichkinamiz xarxasha qilib qoladi. Taksidan iqtisod qilgan pulimizni baribir do‘konga sarflaymiz. Kattasining darsini esa ovqat bilan tengma-teng bajarib ketaveramiz. Hamma narsani tayyor qilib, sultonimizni ishdan qaytishlarini kutamiz. Ishdan horib-charchab kelgan erkaklarimiz divanga cho‘zilib, telefonini qo‘llariga olishadi. Tamom! Bunday paytda dadamizni bezovta qilmaymiz. Ular faqat telefonda yangiliklar o‘qirkanlar. «Jimm! Dadang charchab kelganlar, ovozing chiqmasin, dam olsinlar» deya bolalarimizni tinchlantiramiz.
Aytishlaricha, erkaklarimizning ishlash sistemasi umuman boshqa emish. Erkak xodimlari juda qattiq ishlashar ekan. Shuning uchun ham, ba’zan uyda yig‘ilib qolgan axlatni ikki «do‘m» naridagi chiqindixonaga tashlab kelishiga ham madori yetmay qoladi. Endi tushundim: nega tashkilotlarning aksariyatiga erkak xodimlar kerakligini.
Darvoqe, yaqinda bir qiziq ma’lumotga ko‘zim tushdi: Xitoyning eng badavlat kishisi hisoblanuvchi «Alibaba Group» asoschisi Jek Ma janoblari tadbirkorlikdagi muvaffaqiyati sirlarining biri ayollarga ishni ishonib topshirganlikda deb bilarkan. Ayollar boshqalar haqida ko‘proq qayg‘uradilar, erkaklar esa o‘zlarini o‘ylaydilar. Qancha imkon bo‘lsa, shuncha ayollarni ishga olish bu «Alibaba»ning siri», deydi Jek Ma.
Xullas, xulosa chiqarish o‘zingizdan...
Zulayho Musurmonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter