Iztirob iskanjasida... (voqea Ohangaron, Olmaliq, Piskent tumanlarida sodir bo‘lgan)
Feysbukdagi «Xalq bilan muloqot» guruhiga ikki qizi va rafiqasi «Iyegova shohidlari» sektasi a’zosiga aylanganidan iztirob chekayotgan inson haqida maqola joylashtirildi.
Dastlab bu odam bilan uchrashishni istamadim. Ich-ichimda seskanish, qandaydir nafrat hissi paydo bo‘ldi. Ba’zida ko‘nglingni ayaging, jirkanch mavzulardan uzoqda tutging keladi. Lekin, biribir qiziqish ustun keldi va... belgilangan vaqti-soatida u bilan ko‘rishdim.
Qarshimda inson emas, iztirob turar edi. Agar mendan iztirobning tasvirini so‘rasalar, men sira ikkilanmay, bu odamni ko‘rsatar edim. Uning turish-turmushi, sho‘r taqdiri, buguni va ertasi ham, afsuslar bo‘lsinki, iztirobga qorilgan. U – qalbini yotlarga sotgan jon-jigargo‘shalari bilan yashashga majbur.
Uning ismi – Nuriddin. Ismining ma’nosini sekin so‘rayman suhbatni boshlash uchun. «Dinning nuri», deydi u siniq jilmayib. Sukunat. So‘zsizlik. Ko‘zlarda qotib qolgan mung va ma’nosiz qarashlar...
***
O‘rta Chirchiq tumanida tug‘ilgan, bugungi kunda Olmaliq shahrida mehnat qilayotgan Nuriddin akaning ikki qizi va xotini bugungi kunda «Iyegova shohidlari» sektasi a’zosi. Ular sekta a’zolarining haftalik yig‘inlariga muntazam qatnaydi. Xullas, bir oila ko‘z o‘ngimizda parokanda bo‘lib ketayapti...
Bundan o‘n besh yilcha muqaddam Nuriddin akaning qizi Iroda Ohangaron tumanidagi kasb-hunar kollejlaridan biriga o‘qish uchun keladi. Ohangaronda yashovchi xolasi Sayyoraning uyida yashay boshlaydi. Nutqida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bu qiz yoshligidan allanechuk shikasta tabiatli bo‘lib ulg‘aygan edi. Ayniqsa, ota bu qizini boshqacha yaxshi ko‘rardi. U chuchuklanib so‘zlaganda otaning ko‘zlarida beixtiyor yosh qalqirdi.
Biroq, naylasinki, taqdir ota va qizning beg‘ubor mehr rishtalariga rahna soldi. Allaqachon missionerlar to‘riga ilingan xola sekin-asta Irodani ham yo‘ldan ura boshlaydi. E’tibor va mehrga ilhaq, soddadil qiz ham qay bir qora kunda qalbini, e’tiqodini arzonga sotganini bilmay qoladi. Bu davrda u xolasining ta’sirida «Iyegova»chilarning ta’siriga chuqurroq tushib, o‘zining ortidan o‘qishga kelgan singlisiga ham «kasal»ni yuqtiradi.
Bir o‘g‘il, ikki qiz, ota – madaniyat xodimi, ona – adabiyot o‘qituvchisi. Mundoq olganda baxtiyor va bekamu ko‘st, ahil-inoq yashashga loyiq ajoyib xonadon ko‘z oldingizga keldi, shunday emasmi?
Vaholanki, bu vaziyatda ikki qizga qo‘shilib, ona ham tez orada e’tiqodini o‘zgartiradi. Bir oilada uch kishi yashirin ravishda Chirchiq shahridagi maslakdoshlari oldiga murtadlikdan dars olgani qatnay boshlaydilar.
«Xudo bitta! Lekin...» – hammasi mana shundan boshlangan. «Iyegova»chilar yakkaxudolikni inkor etmagan holda, baxtga mushtoq insonning joriy kayfiyatidan foydalanib qolishga urinishgan. Sen baxtli bo‘lasan, sening kamchiliging e’tiqodingdadir, sen uni o‘zgartir, sen bizga qo‘shil qabilida suhbatlar bo‘lgan. Qarabsizki, ota o‘z uyida bo‘lgan voqeadan xabar topganda, g‘isht allaqachon qolipdan ko‘chgan edi.
Ismlar ba’zida teskari ma’no tashiydi. Qarangki, oilaning boshi, to‘ng‘ichi bo‘lgan Iroda irodasizlik qildi, uning ortidan singlisi Ziyoda bu aqlsizlikni yanada ziyoda qildi, ularning onasi – Muqaddas oila atalmish muqaddas qo‘rg‘onga rahna soldi, bolalarini jirkanch yo‘ldan qaytarish, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish o‘rniga o‘zi ham bu ishga bosh qo‘shdi...
Bugun Nuriddin aka uyda taomdan so‘ng fotiha o‘qiganda unga qo‘shilib duo qilmaydi hech kim. Otasiga mehribon qizlarning ko‘zida, shuurida yotsirash, tushunarsiz bir jarlik bor.
Nuriddin akaning aytishicha, u qizlarini urgan, so‘kkan, qo‘ldan kelgancha bu yo‘ldan qaytarishga uringan. Bosh olib allaqayoqlarga chiqib ketmoqchi bo‘lgan. Lekin, har safar otalik mehri, soddadil va ishonuvchan qizlarini o‘zi mansub bir madaniyatga, muqaddas islom diniga qaytarmaguncha ularni tashlab ketishni, boshqacha aytganda, yengilishni istamagan, xolos. Ammo, bu odam da’vatchilarning, missionerlarning professional va go‘zal yolg‘onlar ustiga qurilgan balandparvoz nutqlariga, chorlovlariga qarshi kurashishda ojiz keldi. U bugun tirik iztirobga aylanib, ko‘zlarida mung qotib qolgan. U chora istab, jamiyatdan yordam kutayapti. U bunday jirkanch va katta mahorat bilan to‘qilgan yolg‘onga qarshi kurashda bir o‘zi hech nima qilolmasligini, fojea faqat o‘ziga taalluqli emas, barchamizga aloqador ekanligini ta’kidlayapti, faryod qilayapti.
Shu o‘rinda savol tug‘iladiki, «Iyegova shohidlari» qanday jamoat? Ularning turish-turmushi, amal qiladigan udumlari nechuk?
Marhamat, bu to‘daning qat’iy amal qilishi kerak bo‘lgan qoidalari, odatlari bilan tanishing. Ular bir-biriga qon; tug‘ilgan kun, milliy bayramlar va boshqa qadriyatlarni tan olmaydi (faqat Iso payg‘ambarning vafot etgan kunini nishonlaydi); siyosiy jarayonlarda qatnashmaydi (saylov, referendum, partiyalar faoliyati va hokazo); o‘z a’zolarini huquq-tartibot idoralari vakillari bilan to‘qnashuvlarga tayyorlaydi. Alaloqibat, o‘z tartibotlari negizida davlat qurishni maqsad qiladi; o‘z g‘oyalariga mos kelmasa, mahalliy qonunlarni tan olmaydi; o‘g‘illarin armiyaga yubormaydi; qarindoshlari, hatto farzandlari, ota-ona, opa-singil va og‘a-inilari o‘zga dinga e’tiqod qilsa, ular bilan gaplashmaslikka intiladi; farzandlariga o‘rta ma’lumot berish bilan cheklanadi, oliy ta’limga yaqinlashtirmaydi.
Xullas, shunaqa gaplar. Bir so‘z bilan aytganda, nofaol, davlatdan norozi, o‘zidan boshqani tan olmaydigan qatlam sekin-astalik bilan shakllantiriladi.
Siz nima deysiz? Bu oilaning fojiasiga siz-u bizning qanday daxlimiz bor?..
Bugun ustomon da’vatchilar to‘riga ilingan farzandlarini ularning changalidan qutqarishni o‘ylab ezilayotgan bechora ota jamiyatga yuzlanib, savol tashlayapti: «Xo‘sh, bu iztirob iskanjasidan polaponlarimni, oilamni qutqara olamanmi?..» deyapti u.
Eng yomon kasal – o‘z kasalligini bilmagan kasal, deydilar. Irodani ham, Ziyodani ham, Muqaddas opani ham umrining qaysidir bekatlarida bir chimdim mehrga mushtoq turganda nokaslar yo‘ldan ozdirdilar.
Mehr qahatmi shuncha, ey odamlar? Nega biz bunchalar tubanlashib ketayapmiz? Bugun ham qayerlardadir yana Irodalar, Ziyodalar, Muqaddaslar o‘z oilasi boshiga tushajak muqarrar kulfatlarni sezmay, chuqur his qilmay missionerlar ortidan ergashayotgan bo‘lsa-chi?..
Bu dardga nedir davo bormi o‘zi?..
Ilova: Oxirgi savolga javobingiz borligi, og‘zingizni to‘ldirib «Bor!» deya aytganingiz aniq. Lekin yana bir karra yaxshilab o‘ylab ko‘ring, mulohaza qiling, ogoh bo‘ling! Qachonki, yon-verimizga e’tiborsiz bo‘lganimizda, g‘aflat bosib, o‘z tog‘oramizdan narini o‘ylamay qo‘yganimizda fojia eshigimizni taqillatishni boshlaydi. Unutmang, «Bolaning bo‘sh vaqti – dushmanning ish vaqti!»...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter